FRANSIYALIK MUSIQASHUNOS “SHARQ TARONALARI” XALQARO MUSIQA FESTIVALI HAQIDA

20.08.2019 09:24

PARIJ, 20 avgust. /“DUNYO” AA/. Fransiyalik musiqashunos, «Le Festival d'Ile de France» musiqa festivalining bosh direktori Olive Delsal Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida qatnashadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

- Sharq durdonasi hisoblanmish Samarqand shahrida tashkil etiladigan ushbu betakror madaniy tadbirda ishtirok etishimni sabrsizlik bilan kutyapman, - dedi u “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda. – Festival xalqaro madaniy hayotdagi hayajonli va keng miqyosli tadbirlardan biri bo‘lib, u turli qit’alarning an’anaviy musiqa va raqs ijrochilarini birlashtirmoqda.

 Festival doirasidagi “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etib, uning sho‘’ba yig‘ilishlaridan biriga moderatorlik qilaman. Anjumanda turli mamlakatlar olimlari va mutaxassislari o‘zaro tajriba almashish, yangi tadqiqotlar va kashfiyotlar natijalari yuzasidan fikrlashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 Shuningdek, o‘zbek xalqining madaniy merosi namunalari hamda milliy cholg‘u asboblari ko‘rgazmalari, art-bozor va boshqa tadbirlarning tashkil etilishi ham e’tiborga molikdir. Festival deyarli bir hafta davom etib, katta gala-konsert bilan yakunlanadi.

 Dunyo xalqlarining musiqiy an’analarini saqlash, turli madaniyatlarni o‘zaro boyitish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashni maqsad qilgan ushbu tadbir O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini yorqin va samarali namoyish etish, uning tarixiy merosini ommalashtirish va mamlakatning sayyohlik imijini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

 Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli yo‘nalishlarda, jumladan, madaniyat va san’at sohasida yaqin rishtalar mavjud, degan fikrdaman. Festivalda fransiyalik mutaxassislar, musiqashunoslar va san’atkorlar muntazam ravishda ishtirok etib kelayotgani ham shundan dalolat beradi.

 O‘zbekistonda bunday olamshumul anjumanni o‘tkazilishi tahsinga sazovordir. Bu mamlakatning madaniyatlararo muloqotga ochiqligi hamda uni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini namoyon etmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net