“ENDI O?G?LIMNI KO?RMAYMAN, DEB O?YLAGANDIM...” DIPLOMATLAR O?ZBEKISTON FUQAROSIGA FARZANDINI QAYTARISHDA YORDAM KO?RSATDI

31.01.2019 15:20

Inson hayotda turli kutilmagan holatlarga duch kelishi mumkin. Begona mamlakatda esa bunday holatlarga uchrash ehtimoli bir necha barobar ortadi. Rossiya poytaxti Moskva shahrida vaqtincha istiqomat qilayotgan Zuhra Boboqulova ham o‘zi bilmagan va xohlamagan holda farzandi – yetti oylik Iskandarjondan judo bo‘lishiga bir bahya qoldi. Ammo, O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi vakillari bunga yo‘l qo‘ymadi.

15 yanvar kuni Z.Boboqulova o‘z farzandi bilan vaqtincha istiqomat qilayotgan kvartirani tekshirish chog‘ida Moskva politsiyasi xodimlari chaqaloqning tug‘ilish haqida hech qanday hujjati yo‘qligini aniqladilar. Bundan tashqari, vatandoshimizning yashash joyidan ro‘yxatdan o‘tish muddati o‘tgan edi. Natijada politsiya xodimlari unga 5000 rubl miqdorida jarima belgilab, tegishli hujjatlari bo‘lmagani sababli Iskandarjonni onasidan olib qo‘yib, uni G.N.Speranskiy nomidagi Bolalar shahar klinik kasalxonasiga joylashtirdilar.

 Zuhra Boboqulova qay ahvolda O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi Konsullik bo‘limiga yordam so‘rab kelganini tasavvur qilish qiyin. Byurokratik qiyinchiliklar tufayli farzandidan ayrilish arafasida turgan ona Elchixona xodimlaridan yordam berishni so‘radi. Olib borilgan amaliy ishlar natijasida vatandoshimiz farzandi tug‘ilganda tug‘ruqxonadan uning tavalludi haqidagi tibbiy ma’lumotnomasini olmagani ma’lum bo‘ldi. Mazkur ma’lumotnomani rasmiylashtirish uchun fuqaro pasporti va uning rus tiliga tarjimasi zarur bo‘lib, vatandoshimiz ushbu hujjatlarni taqdim eta olmagan edi. Buning ustiga, biroz vaqt o‘tgach, Iskandarjon tug‘ilgan tug‘ruq bo‘limi butunlay yopilib, bu tegishli hujjatlar olishni yanada qiyinlashtirdi. Diplomatik vakolatxona xodimlarining aralashuvi va yordam bo‘lmaganda, Iskandarjonni onasidan butunlay olib qo‘yib, bolalar uyiga berib yuborishlari mumkin edi.

 O‘n kun mobaynida Konsullik bo‘limi xodimlari vasiylik-qarov organlari, kasalxona vakillari bilan bir necha marotaba uchrashdilar, arxivlarda hujjatlarni qidirdilar. Nihoyat, bir necha kun davom etgan uchrashuvlar va qidiruvlardan so‘ng arxivda Iskandarjonning tug‘ilgani haqidagi hujjatlarni topish imkoni bo‘ldi. So‘nggra chaqaloqqa tug‘ilgani haqidagi tibbiy ma’lumotnomasi rasmiylashtirildi. Bu FHDYo organlarida Iskandarjon uchun tug‘ilganlik haqida guvohnoma olish imkonini berdi.

 Barcha hujjatlarni to‘plab, Elchixona xodimlari vasiylik-qarov organlari vakillari bilan yana bir marotaba uchrashib, kasalxona rahbariyati nomiga go‘dakni qaytarish haqida talabnoma rasmiylashtirilishiga erishdilar.

 Nihoyat, 28 yanvar kuni Konsullik bo‘limi xodimlari Zuhra Boboqulova bilan G.N.Speranskiy nomidagi Bolalar shahar klinik kasalxonasiga keldilar. Barcha tegishli hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng, ona va bola diydor ko‘rishdilar.

 – O‘g‘limni boshqa ko‘rmayman, deb qo‘rqqandim, – dedi Zuhra Boboqulova “Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan suhbat chog‘ida. – Ammo, Elchixonamiz xodimlarimizning sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq farzandimni qaytarib oldim. Diplomatlarimiz menga katta yordam ko‘rsatdilar, barcha hujjatlarni topish va rasmiylashtirish, muammolarni hal qilishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Men o‘zim yopilib ketgan tug‘ruq bo‘limidan hech qachon hujjatlarni ola olmasdim. Konsullik bo‘limi xodimlari bo‘lmaganda, o‘g‘limni bolalar uyiga berib yuborishar edi. Elchixonamizga chin dildan minnatdorlik bildiraman!

 Diplomatlarning ma’lum qilishicha, Zuhra Boboqulova va uning farzandiga Vatanga qaytish to‘g‘risida sertifikat rasmiylashtirildi. Ular tez orada O‘zbekistonimizga, yaqinlari va qarindoshlari bag‘riga qaytadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net