EKOLOGIK BARQARORLIKNI TAʼMINLASH – DAVR TALABI

07.04.2023 10:06

Xalqaro tashkilotlarning maʼlumotlariga koʻra, har yili 7 million gektarga yaqin unumdor yerlar jahon qishloq xoʻjaligi aylanmasidan tortib olinmoqda, har yili dunyoda 7 million kishi havo ifloslanishi taʼsiridan vafot etmoqda, 2025-yilga borib esa, dunyo aholisining yarmidan koʻpi sifatli suv isteʼmolidan mahrum boʻlishi mumkin. 

Yurtimizda aholining qulay tabiiy muhitga ega boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olishga jiddiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Taʼkidlash joizki, shu kunlarda qizgʻin davom etayotgan Oʻzbekiston uchun muhim siyosiy hujjat, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi keng jamoatchilik muhokamasida boʻlib, undagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Mazkur loyihada aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha kompleks choralar belgilanmoqda.

Jumladan, Konstitutsiyada davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma kiritilmoqda.

Konstitutsiyani 49-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartirish esa, aholiga atrof-muhit, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqini berishi, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi bilan muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi, Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻrishi belgilab oʻtilgan.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, ushbu oʻzgartirishlarning ahamiyati shundan iboratki, unda,  birinchidan, fuqarolarning ekologik burchi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi; ikkinchidan, Konstitutsiyaning ushbu normalari nafaqat fuqarolarning tabiatni muhofaza qilish, balki ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlashga, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishga hamda ekologik xavfsizlik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Avazbek XOLBEKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net