Dunyo eshiklari va farovon hayot kaliti

08.04.2023 10:12

Inson hayotda nimagadir erishishi uchun doimiy izlanishi, intiluvchanlik, mehnatsevarlik, shuningdek, bilimga ega boʻlishi talab etiladi. Albatta, bilim olishning chegaralari uning oʻz maqsadlariyu imkoniyatlari bilan ham bogʻliq. Oliy maʼlumotga ega boʻlish esa kelajakda farovon hayot kechirish, oʻz bilim va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, yaxshi mutaxassisga aylanib, oilasi va  jamiyatga foyda keltirish, hurmat va eʼtirofga, xalqaro darajadagi tajribalarga ega boʻlish kabi mazmunli hayotga poydevor vazifasini oʻtaydi.

Ijtimoiy, huquqiy davlat ana shu maqsadlarga erishish uchun imkoniyatlarni yaratadi va yoshlarni ragʻbatlantirish choralarini koʻradi.

Aslida, oliy taʼlimga ega insonlarning koʻp boʻlishi jamiyat uchun foydali, bu savodxonlik darajasining oʻsishi, iqtisodiyot turli tarmoqlarining rivojlanishiga asos yaratishi bilan mamlakat taraqqiyotida muhim hisoblanadi. Shuning uchun ham mamlakat hayotining asosiy hujjati boʻlgan Konstitutsiyada bu yoʻnalishdagi imkoniyatlarning huquqiy asoslarini belgilash va mus­tahkamlash nihoyatda katta ahamiyatga ega.

Shu sababli, oliy taʼlimni olish huquqi Konstitutsiya darajasigacha oshirilmoqda.

Oxirgi yillarda aholi oʻrtasida oliy taʼlimga boʻlgan qiziqish, ehtiyojning ortib borayotgani va buning uchun imkoniyatlar zalvarli tus olganini kuzatish mumkin. Bu avvalo, oliy taʼlim muassasalariga kirish istagida boʻlgan yoshlarimiz safi sezilarli darajada kengaygani va bu imkoniyatni beruvchi taʼlim dargohlarining ham koʻpayganligi buning isbotidir. Koʻplab xususiy universitetlarning ochilgani, taʼlimning sirtqi, kechki va masofaviy kabi shakllariga oʻtilgani ham ushbu imkoniyatlarning salmogʻini koʻrsatadi.

Aholining keng qatlamlarini oliy taʼlim bilan qamrab olish masalasi Prezidentimiz tomonidan BMT minbarida ham koʻtarilgan va 2030-yilgacha Oʻzbekistonda yoshlarning 50 foizi oliy maʼlumotga ega boʻlishi rejalashtirilgan.

Bu maqsadning amalga osha boshlaganini quyidagi dalillarda koʻrish mumkin. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari soni 2,5 barobarga ortib, 200 taga yetdi, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi.

Shu oʻrinda yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrab olinishidagi yana bir muhim jihatga toʻxtalib oʻtish joiz. Bu ham boʻlsa ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq masala. Xususan, 2017-yildan boshlab oliy taʼlimga ajratilgan davlat grantlari soni 2 baravar koʻpayib, 40 mingtaga yetdi. Oliy taʼlim olish uchun imtiyozli kreditlash tizimi joriy etilib, bu jarayonda xotin-qizlarga foizsiz kredit ajratish amaliyoti tatbiq qilinmoqda. Magistratura uchun davlat grantlari 5 baravar koʻpaydi. Ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravar oshirildi. Nodavlat oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Magistraturada oʻqiydigan barcha qizlarning oʻqishi davlat tomonidan qoplanadigan boʻldi.

Bu saʼy-harakatlar va tajribalar oʻzining samarasini berishi, aholining oliy taʼlim olishga boʻlgan intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq mazkur jarayon esa yoshlarimizning kelajagi uchun katta ahamiyat kasb etishi aniq.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarning oliy taʼlim dargohlariga tanlov asosida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilanmoqda. Xususan, Bosh qomusning 51-moddasi 1-qismida “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli” degan jumlaning boʻlishi ushbu huquqning asosi boʻlib xizmat qiladi.

Yoshlarimizdan esa qabul tanlovlarida yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlish, davlat granti asosida oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritish uchun muntazam kitob oʻqish, oʻquv dasturlarini mukammal egallash va imtihonlarda munosib ishtirok etish talab qilinadi.

Oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy talablarga muvofiq rivojlantirish, taʼlim sifatini oshirish va koʻrsatkichlarni ilgʻor tajribalarni joriy etgan holda koʻtarishga qaratilgan yana bir muhim jihatning huquqiy asosi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mus­tahkamlanayotganligi xususida ham toʻxtalib oʻtish joiz.

Bu 51-moddaning ikkinchi qismidagi “Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega” degan band ­bilan bogʻliq.

Maʼlumot oʻrnida aytsak, bugungi kunga qadar Oʻzbekistondagi 170 dan ortiq davlat universitetlaridan atigi 41 tasiga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgan.

Akademik erkinlik — oliy oʻquv yurtlarida taʼlim berish va ilmiy tadqiqot oʻtkazish erkinligidir. Ushbu erkinlik ilgʻor tajribalarni olib kirgan holda oʻquv jarayonini mustaqil shakllantirish, professor-oʻqituvchilarni dars oʻtish erkinligida, ilmiy tadqiqot mavzularini mustaqil tanlash va ­tadqiq etish, uning natijalarini nashr qilish va tarqatish, professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar akademik ­erkinligining cheklanmasligida va ­boshqalarda ­namoyon boʻladi.

Eʼtiborlisi, bu borada xalqaro tajribalarni oʻrgangan holda oʻquv rejalarini takomillashtirish va taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan faoliyat boshlangan, xorijiy universitetlar bilan oʻzaro kelishuv asosida qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etilib, oʻquv jarayonlari olib borilmoqda.

Aynan bu yoʻnalishda ham boshlangan faoliyatning asosi Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyilishi oliy taʼlim muassasalarining oʻzini oʻzi ­boshqarishi va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash zaminini mustahkamlaydi hamda taʼlim yoʻnalishining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, taʼlim tartibini belgilash boʻyicha qarorlar qabul qilishda mustaqil boʻlish huquqlarini konstitutsiyaviy norma darajasida belgilab beradi.

Umuman olganda, Bosh qomusimiz mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat barpo etish yoʻlida qoʻlga kiriti­layotgan barcha yutuq va marralarimizning huquqiy poydevori — kelajagimizning ishonchli kafolatidir. Zotan, takomillashgan Konstitutsiya, yaʼni bu yangiliklarning barchasi yoshlarning bilim olishga boʻlgan qiziqishi va ishtiyoqi, iqtidorini namoyon etish yoʻlidagi ­intilishini orttirishda, ular uchun ­munosib oliy taʼlim sharoitlarini yaratish va rivojlantirishda muhim qadam boʻlishi, shubhasiz.

Unutmang, oliy taʼlim shaxs kamolotida bilimlarni oʻzlashtiradigan, koʻnikma toʻplab, malaka oshiradigan davr hisoblanadi. Va tabiiyki, chuqur bilimlarga ega, keng dunyoqarashli, dono insonlar doimo xalqimiz mehrini qozonib, ulugʻlanib kelingan, faoliyatiga yuksak baho berilgan.

Madomiki shunday ekan, orzularining oydin yoʻlidan borayotgan yigit-qizlarimiz oʻz oldiga qoʻygan ulkan maqsadlariga erishishda Konstitutsiyamiz ularning himoyachisi ekanligini his etishlari va albatta, qadrlashlari shart.

Gulchehra Rixsiyeva,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net