DEPUTATLAR HISOB PALATASINING 2018-YILDAGI FAOLIYATINI KO?RIB CHIQDILAR

25.04.2019 14:45

2019-yil 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar o‘z konstitutsiyaviy vakolatlari doirasida Hisob palatasining 2018 yilgi hisobоtini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari O. Rustamov hisobоt bilan so‘zga chiqdi.

Ta’kidlash joiz, hisobоt dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan ko‘rib chiqildi. Fraksiyalarda o‘tkazilgan muhokamalarda deputatlar parlament nazoratini amalga oshirish va qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, nazorat-tahlil tadbirlariga fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini faol jalb etish yuzasidan parlament va Hisob palatasining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqdilar.

Axborotda qayd etilganidek, Hisob palatasining 2018 yildagi faoliyati davlatimiz rahbarining Farmon va qarorlari, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda boshqa hujjatlari asosida tashkil etildi. Asosiy e’tibor Davlat byudjetining shakllanishi, daromadlarni ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va topshiriqlari, Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar, shuningdek, strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalarining ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Hisobоt yilida Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar, ko‘rilgan choralar hamda amaliy yordam natijasida davlat byudjetiga qo‘shimcha 4 721,9 mlrd. so‘mlik daromad manbalari aniqlanib, o‘tgan yilda byudjetga rejalashtirilgan 9,1 trln. so‘m qo‘shimcha manba hududlar bo‘yicha 9,8 trln. so‘mga ta’minlandi. Shuningdek, Davlat byudjeti daromadlariga tushumlar to‘liqligini ta’minlash hamda qo‘shimcha zaxiralarni safarbar etish bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatilib, respublika bo‘yicha 2018 yilda byudjetga 54 194 mlrd. so‘m soliq tushumlari jalb qilindi (O‘R MB kursi 24.04.2019 da, 1$= 8441.36 so‘m).

Natijada mahalliy byudjetlar daromadlarining prognozdan oshirib bajargan qismi hisobidan 2017-yil va undan oldingi davrlarda hududiy hokimliklar ixtiyorida 1 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ham qolmagani alohida ta’kidlanib, 2018-yilda mahalliy byudjetlar ixtiyorida qariyb 5,6 trln. so‘m mablag‘lar qoldirilgani deputatlar tomonidan e’tirof etildi.

Shu bilan birga, parlament vakillari yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklarga ham e’tibor qaratdi. Xususan, byudjet daromadlarini ko‘paytirish imkoniyatlarini izlash, mavjud dastaklarni ishga solish o‘rniga davlat byudjetidan berilgan mablag‘larni maqsadsiz va samarasiz sarf qilinishiga yo‘l qo‘yilayotgani, mutasaddilarning ushbu muhim masalaga e’tiborsizlik qilayotgani va boshqa kamchiliklar deputatlar tomonidan keskin tanqid qilindi.

Davlat byudjetining mahalliy hokimiyat organlari ixtiyorida qoldirilgan qo‘shimcha daromadlar hisobidan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan 4 ta hududda (Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlari, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Sergeli tumanlari) o‘rganishlar o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, 49 mlrd. so‘mlik samarasiz sarflangan xarajatlar, xarid qilingan tovar-moddiy boyliklar kamomadi, qurilish-ta’mirlash ishlariga qo‘shib yozishlar va boshqa kamchiliklar kuzatilgan.

Qo‘shimcha manbalarning kamida 40 foizi, birinchi navbatda, aholini ish bilan ta’minlash tadbirlariga ajratilishi yuzasidan hukumat topshirig‘i mavjud bo‘lishiga qaramasdan, o‘rganilgan hududlarning birontasida ham ushbu yo‘nalishga mablag‘ sarflanmagani ham xalq vakillarining e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari Hisob palatasining 2018 yilgi hisobоtini tinglab, o‘z munosabatini bildirdilar. Xususan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari “Har bir oila — tadbirkor” dasturi asosida aholiga kreditlar berilishida adolat va shaffoflik tamoyillari ustuvorligiga erishish, namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarning dastlabki tannarxi shakllanishi jarayonini, eng avvalo, ehtiyojmand oilalarga taqsimlanayotganini, barpo etilayotgan uy-joylarning sifatini nazoratga olish taklifini ilgari surdi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Hisob palatasi tomonidan mahalliy byudjetlarning ijrosi o‘rganilganda qator kamchiliklarning aniqlanganiga e’tibor qaratar ekan, joylarda hokimliklarning mahalliy byudjet daromadlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini izlashga, mavjud imkoniyat va rezervlarni ishga solishga hamda davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli va samarali sarf qilinishini ta’minlashga e’tiborini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlashga imtiyozli kredit liniyalari uchun davlat byudjetidan ajratiladigan maqsadli mablag‘lar salmog‘i oshganini e’tirof etib, mazkur sohani yanada jadallashtirish taklifini bildirdi.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi Hisob palatasining joylarda amalga oshirilayotgan davlat va hududiy dasturlardagi loyihalarni jadallashtirish va muammoli masalalarni hal etish yuzasidan tizimli ishlar olib borishi natijasida 36 ta loyiha bo‘yicha kredit, 10 ta loyiha bo‘yicha yer maydonlari ajratilishida, 10 ta loyiha bo‘yicha muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash hamda bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishni ta’minlashda amalga oshirgan faoliyatini e’tirof etdi.

Ekoharakat deputatlari guruhi a’zolari Hisob palatasi tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan nazorat tadbirlari va ko‘rsatmalari asosida amaldagi bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilganiga hamda tegishli idoraviy me’yoriy hujjatlar tayyorlangani kelgusida moliyaviy sohada qonunbuzilish holatlarining oldini olish, ularga yo‘l qo‘ymaslikda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etib, markazda va joylarda huquqni qo‘llanish amaliyotini yaxshilash borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Hisob palatasining o‘zaro hamkorligi samaradorligini yanada oshirish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2018 yilgi hisobоti ma’qullandi. Bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2018 yilgi hisobоtini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net