Davlatimiz rahbariga Harbiy prokuratura faoliyati haqida axborot berildi

23.12.2022 11:09

“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Harbiy prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

Maʼlumki, O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi Qurolli Kuchlarda va harbiy tuzilmalarda qonunlarga rioya etilishini nazorat qiladi. Mazkur organ tomonidan mamlakatimiz suverenitetini mustahkamlash, mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarning va oila aʼzolarining huquqlarini taʼminlash choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, joriy yilda 1 ming 100 ga yaqin prokuror nazorati hujjati qo‘llanilib, 261 ta hujjat qonunga muvofiqlashtirilgan. 7 ming 858 nafar shaxsning huquqi tiklangan. 654 nafar harbiy xizmatchining oila aʼzolari ish bilan taʼminlangan.

Qurolli Kuchlarda qurilish dasturiga kiritilgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, 23 milliard so‘mdan ziyod byudjet mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishilgan. Harbiy prokuror protestlariga asosan sudlarning 10 ta qarori qonunga muvofiqlashtirilib, 6 nafar shaxs oqlangan.

Fuqarolarning 2 mingga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqilib, 254 tasi qanoatlantirilgan. Shuningdek, sayyor qabullarda 3 ming 200 nafar shaxs qabul qilinib, aniqlangan muammolarini hal etish choralari ko‘rilgan.

Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqib, harbiy tuzilmalarda ham “inson qadri” tamoyili ustuvor etib belgilangan. Harbiy xizmatchilarning huquq va manfaatlari, ijtimoiy himoyasi taʼminlanishi alohida nazoratga olingan. Harbiy prokuratura bu borada qonun himoyachisi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda faol targ‘ibotchi bo‘lmoqda.

Qayd etilganidek, harbiy xizmatchilarga Qurolli Kuchlar hamda boshqa sohalardagi islohotlar, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini izchil yetkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida olis hududlardagi maktablar harbiy prokuratura idoralariga biriktirilib, prokurorlik soatlari tashkil etiladi.

Byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini taʼminlashda elektron platformalar imkoniyatlaridan yana-da keng foydalaniladi.

Davlatimiz rahbari Harbiy prokuratura faoliyatini raqamlashtirish, inson manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net