Buning natijasida Indoneziya va Malayziya davlatlari bilan birgalikda Singapur, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Turkiya, Hindiston, Erondan “Naqshbandiya tariqati izdoshlari” ziyorat turizmi yo‘nalishida keladigan sayyohlarning Buxoroga tashrifi kun sayin oshmoqda. Xususan, mazkur davlatlardan tashrif buyurgan bir guruh sayohatchilar “Naqshbandiya kunlari” tadbiri doirasida viloyatda bo‘ldi.
Tashrifning ilk kunida mehmonlar “Yetti pir bo‘ylab” sayohat yo‘nalishi bo‘yicha Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Muhammad Orif ar-Revgariy, Xo‘ja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xo‘ja Muhammad Bobo Somosiy ziyoratgohlariga tashrif buyurdi. Ularning diniy va ijtimoiy faoliyati, ma’naviy tarbiya va hissiy ruhni yuksaltirishga qo‘shgan hissalari to‘g‘risida batafsil so‘zlab berildi. Shuningdek, mehmonlar “Yetti pir”ning so‘fiylaridan Xo‘ja Sayid Amir Kulol va Bahovuddin Naqshband ziyoratgohlarida bo‘lib, ziyorat amallarini ado etdi.
Ziyoratchilar, ko‘hna kent – Buxoroning tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, qadimiy Poyi-Kalon majmuasidan boshlangan sayohat davomida mehmonlar qadimiy toqlar, hunarmandchilik markazlari, qolaversa, Buxoroning eski shahar qismini hayrat va havas bilan tomosha qildi. Tarixiy va me’moriy obidalar, xalqimizning mehmondo‘stligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir O‘zbekistonning Malayziya va Indoneziyadagi elchixonalari, Buxoro viloyati hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamda “Grand Atlas Discovery” bilan hamkorligida o‘tkazildi.