BUXORO - ISLOM OLAMI MADANIYATI POYTAXTI

19.12.2019 09:50

TOSHKENT, 19 dekabr. / “Dunyo” AA/. Buxoro – jahonning eng qadimiy va tarixiy-me’moriy obidalarga boy go‘zal shaharlaridan biri. 1997 yil shaharning 2500 yillik yubileyi xalqaro miqyosda nishonlandi.

 

 

 

Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Ko‘plab tarixchilar, tilshunoslarning fikriga ko‘ra, Buxoro so‘zi sanskritcha “vixara” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “qal’a” degan ma’noni anglatar ekan. Qadimda shahar Numijkat va Faxira, deb ham atalgan. Buxoro ilk o‘rta asrlardan hunarmandchilik va savdo markazlaridan biri bo‘lgan, bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Osiyo va Yevropa mamlakatlariga chiqarilgan. Arablar Buxoroni “Madinat ut-Tujjor” (“Savdogarlar shahri”) yoki Madinat as-Sufriya (“Mis shahar”) deb atagan.

 

 

 

1996 yil YuNESKO Buxoroni jahon madaniy merosi hisoblanuvchi shaharlar safiga qo‘shganligi va muhofazaga olganligini e’lon qildi.

 

 

 

Ko‘hna Buxoroni tarixchilar, sayohatchilar “she’riyat va afsonalar shahri” deb atagan. Bu qo‘hna shaharning har bir ko‘chayu xiyoboni, bog‘iyu maydoni, xullasi kalom har bir go‘shasida olis o‘tmishning aks-sadosi, qoldirgan izi bor. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralar, obidayu qadamjolar, osoru antiqalar inson aql-zakovatini namoyish qiladi. Buxoro Sharqu G‘arbda “ochiq osmon ostidagi muzey, shavkatli tarixning jilvakor ko‘zgusi” degan faxrli nomni ham olgan ekan.

 

 

 

Qadimiy Buxoroning Arkida nafaqat hukmdor amirlar, balki buyuk olimlar, shoiru faylasuflar ham yashab, ijod qilib, avlodlarga bebaho meros qoldirgan. Buxoro madaniyati eng yuksalgan o‘rta asrlarda Arkda Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali Ibn Sino, Forobiy, Umar Xayyom kabi buyuk zotlar yashagan. Masalan, Abu Ali ibn Sino bu haqda bunday yozadi: “...Bu yer kutubxonasidan shunday kitoblarni topdim, ularni oldin ham, keyin ham hech qayerda ko‘rmadim. Ularni o‘qib chiqdim va menga olam sirlari ayon bo‘ldi...”.

 

 

 

Arxeologik qazishmalar natijasiga asosan olimlar bu qadimiy shahar eramizgacha bo‘lgan davrda hududning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynagan, degan xulosaga kelgan. Tarixiy faktlarga ko‘ra, geografik nuqtai nazardan, Buxoro Xitoydan Rimgacha olib boruvchi Buyuk ipak yo‘lining eng muhim chorrahalaridan birida joylashgan.

 

 

 

Solnomalarda qayd etilishicha, VIII asrda bu yerda arab istilosi natijasida islom dini joriy etilgan. Davr o‘tishi bilan Buxoro asta-sekin eng muhim diniy markazga aylanib, “Buxoroi Sharif” deb atala boshlangan.

 

 

 

Har bir davlat, har bir yurt, o‘lka, shahar hamda tuman hayotida shunday voqea va hodisalar yuz beradiki, ular tarix sahifalarida bir umrga muhrlanib qoladi. Bu kabi sanalar solnomalar sahifalarida zarhal harflar bilan bitiladi. Bunga yaqin o‘tmishimizdagi O‘zbekiston Respublikasining istiqloli e’lon qilingan sana - 31 avgust (1991 yil), Mustaqillik - 1 sentyabr (1991 yil) kunlari, davlatimizning BMTga tenghuquqlik a’zo bo‘lishi - 2 mart (1992 yil) hamda 2007 yil Toshkent shahriga “Islom madaniyati poytaxti” degan yuksak nomning berilishi va shunga o‘xshash boshqa birqancha tarixiy sanalar yaqqol misol bo‘ladi oladi. Yana ham batafsilroq aytadigan bo‘lsak, bu kabi muhim va olamshumul sanalar butun yurtimiz, jonajon O‘zbekistonimiz xalqi uchun ulkan tarixiy va madaniy - ma’rifiy voqea bo‘lganiga barchamiz shohidmiz.

 

 

 

Buxoro siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, diplomatik munosabatlar va aloqalarni har tomonlama izchil yo‘lga qo‘yib kelgan qadimiy shaharlar sirasidan joy oladi.

 

 

 

Yurtimiz azaldan insoniyat tamadduni, jumladan islom madaniyati rivojida alohida o‘rin tutadi. Buyuk ajdodlarimizning ilm-fan va madaniyatning ko‘plab sohalari taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini dunyo tan olgan, barcha xalqaro tashkilotlar e’tirof etgan.

 

 

 

O‘zbekiston istiqlolga erishgach, ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni tiklash va yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Respublikamizda buyuk alloma va aziz avliyolarimiz muqaddas qadamjolarini ta’mirlash va obodonlashtirish, ularning boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy singari benazir allomalarning muborak nomlari qayta tiklanib, ularning merosini o‘rganishga e’tibor kuchaydi. Masjidi Kalon, Shohi Zinda, Ko‘kgumbaz kabi ko‘plab masjid va madrasalar qayta ta’mirlandi. Bu o‘zgarishlar xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda va yuqori baholanmoqda.

 

 

 

Islom konferensiyasi tashkilotining tuzilmalaridan biri bo‘lgan Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Toshkent shahrining 2007 yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishi O‘zbekiston, xususan uning poytaxti islom sivilizatsiyasi tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega ekanidan yana bir dalolatdir.

 

 

 

Ma’lumot uchun: Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) o‘z tarkibida 57 ta mamlakatni jam etgan, xalqaro miqyosdagi muhim va dolzarb masalalarni hal qilishda ta’siri va ahamiyati tobora ortib borayotgan nufuzli tashkilotdir. Uning tarkibidagi muassasalardan biri - Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) har yili tashkilotga a’zo Osiyo, Afrika va arab davlatlari shaharlarini “Islom atami madaniyati poytaxti” deb e’lon qiladi.

 

 

 

2005 yildan yo‘lga qo‘yilgan ushbu an’ana musulmon dunyosidagi muayyan shaharlarni islom madaniyati poytaxtlari deb e’lon qilishi musulmon mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, islom madaniyatiga oid ilmiy – ma’rifiy, tarixiy – me’moriy merosni o‘rganish, tiklash va targ‘ib qilish, dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish, turli mamlakatlarning bu boradagi sa’y – harakatini qo‘llab – quvvatlash hamda rag‘batlantirishni maqsadini ko‘zlaydi.

 

 

 

2007 yil Toshkent shahriga islom madaniyati poytaxti degan yuksak nomning berilishi nafaqat Toshkent shahri va butun O‘zbekistonga, balki xalqimizga berilgan yuksak bahodir.

 

 

 

Ushbu an’ananing joriy qilinganidan uch yil o‘tib azim Toshkent shahriga islom madaniyati poytaxti maqomi berilishi, Toshkent shahrining nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda o‘ziga yarasha obro‘si borligidan dalolatdir.

 

 

 

 

 

 

 

2015 yil Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) shaharlarga Islom madaniyati poytaxti maqomini berish bo‘yicha ikkinchi bosqich rejalarini e’lon qildi. Unga muvofiq 2015-2025 yillardan tashkilotga a’zo davlatlarning qaysi shaharlari yuqoridagi e’tirofga sazovor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

 

 

 

Bu olamshumul voqea respublikamizda va xorijda katta qiziqish uyg‘otdi, xalqimizga, ilmu fan vakillari hamda ziyolilarimizga alohida g‘urur bag‘ishladi. Qabul qilingan tartibga muvofiq, Islom hamkorlik tashkiloti har yili musulmon mamlakatlaridagi 3 ta shaharni “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qiladi. Ularning biri arab mamlakatlaridan, boshqasi Osiyo va uchinchisi Afrikadagi musulmon mamlakatlardagi shaharlardir. Quvonarlisi ushbu rejaga asosan 2020 O‘zbekistonning qadamiy Buxoro shahri ham shu kabi yuksak e’tirofga loyiq ko‘rilib, “Islom olami madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishi nazarda tutilgan.

 

 

 

Islom hamkorlik tashkiloti madaniyat vazirlari IX Islom konferensiyasida 2020 yilda Buxoro (O‘zbekiston), Qohira (Misr) va Bamako (Mali) shaharlari” Islom olami madaniyati poytaxti” sifatida tasdiqlandi.

 

 

 

Ushbu an’ana yo‘lga qo‘yilgan 2005 yildan beri o‘tgan davrda jonajon O‘zbekistonimizning ikki shahri – Toshkent va Buxoro bu yuksak nomga munosib topildi. Bu ish bir tarafdan tariximizga berilgan munosib va yuksak baho bo‘lsa, ikkinchi tarafdan har bir vatandoshimiz, millatimiz, xalqimiz uchun ham g‘urur, hamda sharaf desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

 

 

 

Sana munosabati bilan e’lon qilingan xabarlardan birida, “Aslida Buxoroi sharif bir necha asrlar davomida Islom madaniyati poytaxti bo‘lib kelgan. Uning “Qubbatul Islom”, ya’ni “Islom gumbazi” deb nomlangani ham bejiz emas. Tashkilot tomonidan ushbu shaharning Islom madaniyati poytaxti deb e’tirof etilishi asrlar davomida ushbu shahar va undan chiqqan olimlarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yana bir bor tasdig‘i hisoblanadi", - deb ta’kidlangan.

 

 

 

Aytib o‘tish joizki, islom olamidagi to‘rt sharif sanalgan shaharlardan biri Buxoroi sharifdir. Sharqda qadimdan “Samarqand sayqali ro‘i zamin ast, Buxoro quvvati dini islom ast”, deb bekorga aytilmagan. Buxoroi sharifni e’zozlab dunyoning juda ko‘p shoirlari, olimlari, mutafakkir va mutassavif donishmandlari, sayyohu elchilar, tarixchilar hamda geograflar qimmatli asarlar yaratgan.

 

 

 

Buxoroning dovrug‘ini islom olami bo‘ylab, qolaversa, butun dunyoga keng taratgan yetti buzrugvor pir 1103 va 1389 yillar oralig‘ida, XII-XIV asrlarda birin-ketin, navbatma-navbat boshqarganlar va bag‘oyat xayrli faoliyat ko‘rsatganlar.

 

 

 

Bu davr, ma’lumki, Movarounnahr va Xurosonda, butun Markaziy Osiyodagi keng va ulkan musulmon mintaqasida mo‘g‘ullar zulmi va istibdodi barham topib, Movaraunaxrda ulkan va qudratli temuriylar saltanati dadil qad ko‘tarayotgan ajoyib bir ma’naviy hamda madaniy uyg‘onish davri edi.

 

 

 

Alohida ta’kidlab, aytish kerakki, bugungi kunda ham tarixiy va diniy yodgorliklar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga oxirgi tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlagan edi. Tashrif paytida, Buxoro viloyatida muqaddas qadamjolar ko‘pligi, ularni “ziyorat qilish ham qarz, ham ulkan saodat ekani” ta’kidlandi. Prezidentimiz rejalashtirilgan qurilish ishlari mazmunan chuqur o‘ylanmaganini tanqid qildi hamda Yetti pir maqbaralarini obod qilish, ularni bir yo‘l bilan bog‘lash loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

 

 

O‘zbekiston bugungi kunda turizmni rivojlantirish va xorijliklarni mamlakat durdonalari sanalgan Buxoro, Samarqand va Xivaga jalb etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirmoqda. O‘zbekistonda turizmni tezkor rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi. Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. 2019 yil 1 fevraldan elektron kirish vizasini oluvchi mamlakatlar ro‘yxati kengaytirilib, 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilindi.

 

 

 

Bundan tashqari, 2019 yil 15 martdan 30 kun davomida amal qilinuvchi elektron vizalar turlari tizimi hamda alohida xorijiy fuqarolar guruhlariga qo‘shimcha vizalar toifasi joriy etildi. Xorijiy davlat fuqarolariga viza rejimining soddalashtirilishi mamlakatga tashrif buyuruvchi mehmonlar sonini bir necha martaga oshiradi, albatta.

 

 

 

Buxoroning tarixiy qismida yoki Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “shaharning yuragida” ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda haqiqiy o‘rta asrlar hunarmandlari mavzesi paydo bo‘ladi, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalari qayta ta’mirlanadi, Haqiqat va Nurobod ko‘chalari kengaytirilib, turistlar uchun sayohat xiyobonlariga aylantiriladi.

 

 

 

Shaharga kelgan turistlar bugundanoq mazkur hunarmandlar ko‘chasida bo‘lishlari, o‘zlari yoqtirgan buyumlarni xarid qilishlari, ustalarning qanday ishlashlarini kuzatishlari mumkin.

 

 

 

 

Bundan tashqari, bu yil Poyi Kalon majmuasidagi tarixiy yodgorliklar, Abdulazizxon, Ulug‘bek va Mir Arab madrasalari ta’mirlanadi. Buxoroning yana bir ramzi - Ark qal’asi ham yangilanadi. Bu yerda inshootning ichki qismini ta’mirlash rejalashtirilgan.

 

 

 

Viloyatda turizmni rivojlantirish konsepsiyasida 61 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buxoroda 44 mehmonxona, 10 park quriladi, zamonaviy turistik avtobuslar sotib olinadi, yangi sayohat turlari tashkil etiladi.

 

 

 

Haqiqatda ham, sayyohlik iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi bo‘g‘inlaridan biriga aylanayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buxoro viloyati esa bu borada benihoya katta salohiyatga ega. Birgina Buxoroda 660 ta moddiy madaniy meros ob’ekti ro‘yxatga olinganining o‘ziyoq juda ko‘p narsani anglatadi.

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi “2017-2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turistik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 16 avgustdagi “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari shu imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Mazkur qarorlarga muvofiq, viloyatga tashrif buyurayotgan chet ellik turistlar va mamlakatimiz sayyohlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

 

 

 

Buxoro shahrida yangi mehmonxonalar, madaniy-ko‘ngilochar maskanlar va 500 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy amfiteatr kabi ob’ektlarni o‘z ichiga oluvchi “Qadimiy Buxoro” turistik hududini barpo etish uchun 10 gektar yer maydoni ajratilib, xorijiy me’morlar bilan birgalikda loyihalash ishlari olib borilmoqda.

 

 

 

Buxoro shahridagi sobiq “Shahriston” bozori hududida hunarmandlar markazini qurish, muqaddas qadamjolar - Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif ar-Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband va Chorbakr majmualarida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilayapti. Hududning turistik salohiyatini yanada kengroq targ‘ib qilish maqsadida “Ipak va ziravorlar”, “Buxoro shahri kuni”, “Qovun sayli” va “Buxoro hunarmandlari” festivallari tashkil etilmoqda.

 

 

 

Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda. Jumladan, Xitoyning Loyan va Rossiyaning Vladimir shaharlari bilan Buxoro shahri o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish memorandumlari imzolandi. Ispaniya, Yaponiya, Singapur, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Latviya va Turkiya kabi davlatlar bilan shu yo‘nalishda muzokaralar olib borildi.

 

 

 

O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi turizm sohasini jadal rivojlantirishga doir farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalar bilan bir qator ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

 

 

 

Mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish bo‘yicha keyingi uch yilda 30 dan ortiq Farmon va qarorlar qabul qilinishi natijasida Buxoroda ham turistlar oqimining keskin ko‘payishi ta’minlanmoqda. Birgina 2019 yil 7 oyi davomida jami sayyohlar soni 2 milliondan, xorijiy turistlar soni 250 mingdan oshib, 2018 yil mos davriga nisbatan qariyb 2,2 baravarga ko‘paydi.

 

 

 

Bugungi kunda viloyatga tashrif buyurayotgan sayyohlarga sifatli transport xizmati ko‘rsatish maqsadida Buxoro shahri ichida va “Yetti Pir” kabi ziyoratgohlarda transport qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

 

 

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi ikki yilda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan jismony shaxslar soni 3,1 baravarga ko‘payib, 3125 taga yetdi. Buxoro tarixiy markazida 383 ta tadbirkorlik sub’ektlari bilan madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

 

 

 

Shuning bilan birga, “Buxoro bo‘ylab sayohat qil” dasturi asosida mahalladoshlar, Yoshlar ittifoqi a’zolari, mehnat va fermerlar jamoalari vakillari uchun sayohatlar tashkil etilmoqda.

 

 

 

“Buxoro - Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan respublikamizda, jumladan, Buxoro shahrida 2020 yil davomida qator ilmiy-amaliy anjumanlar, keng qamrovli tadbirlar majmuini ishlab chiqish va yuqori saviyada o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

 

 

 

Chora-tadbirlar rejalari doirasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlar kutubxonalarida saqlanayotgan Buxoro tarixi, madaniyati va ilm-fan, dinimiz tarixi haqidagi nodir qo‘lyozmalarni birgalikda o‘rganishga imkon paydo bo‘ladi. Islomiy merosni o‘rganish doirasida Samarqand shahridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida qator amaliy ishlar bajariladi. Mamlakatimizda, jumladan Buxoro shahrida turizm, madaniyat, fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.

 

 

 

Faxriddin PARPIYEV,

 

 

 

 

 

 

 

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net