Mamlakatimizning xalqaro maydonda yuritayotgan izchil, ochiq va pragmatik tashqi siyosiy faoliyati samaralariga bir nazar
Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlik bugungi kunda sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga koʻtarilmoqda.
Oʻzbekistonning ochiqlik siyosati sharofati bilan yuzaga kelgan yangi mintaqaviy siyosat ichki siyosatning davomi sifatida bir tomondan mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi, ikkinchi tomondan, dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan ijobiy munosabatlarining yangi darajasi bilan izohlanadigan yangi mintaqaviy voqelikning shakllanishiga olib keldi.
Bugungi kunga kelib Oʻzbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylandi. Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda oʻnlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlariga mezbonlik qildi. Bularning barchasi, shubhasiz, mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolat beradi. Oʻzbekistonning shitob bilan oʻsib kelayotgan axborot texnologiyalari, turizm, taʼlim, tibbiyot kabi sohalarda mintaqaviy xab sifatida tanilayotgani ham, shubhasiz, ochiqlik siyosatining muhim samaralaridan biridir.
Mamlakatimizning BMT organlari va institutlari, global hamda mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyati koʻlamlari ham tobora kengaymoqda. Respublikamizning xalqaro moliyaviy tashkilotlar, Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi (YEI) institutlari bilan savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik shakllari qoʻllab-quvvatlanayotir. Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlar dasturlariga Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, YETTB va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar katta eʼtibor bilan munosabatda boʻlmoqda.
Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi haqida toʻxtalganda mamlakatimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati sharofati oʻlaroq, YEI bilan barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli darajada faollashib borayotganini alohida taʼkidlash joiz.
Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi “GSP+” tartibi tufayli joriy yil boshidan buyon qariyb 70 foizga oʻsdi. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.
Gumanitar sohada Parijdagi Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan hamkorlikda ikkita noyob loyiha amalga oshirildi. Ushbu sanʼat markazlarida ilk bor mintaqamizning boy madaniy-tarixiy merosi keng namoyish etildi. Yevropalik sheriklar Oʻzbekistonning milliy rivojlanish dasturlarini hamda ortga qaytmas islohotlar strategiyasini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashiga shubha yoʻq.
Darhaqiqat, olti yil muqaddam boshlangan qatʼiy islohotlar natijasida Oʻzbekistonning qiyofasi butunlay oʻzgardi. Yangi Oʻzbekistonda izchil davom etayotgan oqilona ochiqlik siyosati mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan, davlatimizning xalqaro miqyosdagi faoliyatida salmoqli natijalarni berayotir. Oʻzbekiston oʻzining anʼanaviy hamkorlari bilan munosabatlarni yanada rivojlantirishga, tashqi aloqalar joʻgʻrofiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratayotgani holda iqtisodiy diplomatiyani tobora kuchaytirmoqda.
Bu fikrlarning tasdigʻi sifatida ayrim misollarni keltirishdan avval mamlakatimizning erkin bozor mexanizmlarini joriy etish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, samarali davlat boshqaruvi tizimini joriy etish borasidagi izchil islohotlari hamda biznes yuritish uchun maksimal qulayliklar yaratishga qaratilgan boshqa ijobiy oʻzgarishlar dunyoda eʼtirof etilayotganini alohida taʼkidlash kerak.
Ochiq va pragmatik tashqi siyosat tufayli, yaʼni mamlakatimizdagi keng qamrovli ijobiy oʻzgarishlar va xalqaro maydondagi qatʼiy saʼy-harakatlari natijasida dunyo hamjamiyatida Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish va ishonch ortmoqda, Vatanimizning nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora yuksalmoqda, yurtimiz xalqaro indekslarda tobora yuqorilab bormoqda.
Oʻzbekistonda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yoʻl ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash izchil davom etmoqda. Valyuta tizimi erkinlashtirilgani, tashqi bozorlarga chiqish boʻyicha toʻsiqlar olib tashlangani, 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilingani natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki karra oshdi.
Shu bilan birga, soliq yuki qariyb 2 barobar kamaygani, soliq maʼmurchiligi soddalashgani, Oʻzbekistonda mintaqamizdagi eng jozibador fiskal tizim shakllangani xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof qozonmoqda.
Mamlakatimizda hayotga izchil tadbiq etilayotgan islohotlarga ishonch ortgani tufayli yillik xorijiy sarmoyalar hajmi 2017-yilga nisbatan 3 barobar koʻpaydi. Yangi bozorlarga kirish maqsadida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish jarayoni jadallashmoqda.
Yana bir muhim jihat: mamlakatimizda islohotlar doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy qilindi. Sarmoyadorlar masalalarini tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yoʻlga qoʻyish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi. Ishbilarmonlar huquqlarining himoyasi kuchaytirildi. Chet ellik investorlar uchun koʻchmas mulk sotib olish, Oʻzbekistonga kelib-ketish va yashash shartlari keskin soddalashtirildi.
Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning yanvar-may oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 25,8 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2022-yilning shu davriga nisbatan 5,2 mlrd. AQSH dollariga yoki 25,4 foizga oshgan. Mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi hajmida eksport 10,5 mlrd. AQSH dollari, import esa 15,3 mlrd. AQSH dollarini tashkil qilgan. Eʼtibor bering-a, Oʻzbekiston 2023-yilning yanvar-may oylarida jahonning 182 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan.
Bunga oʻxshash misollarni esa juda koʻplab keltirish mumkin – birgina maqolada ularning barchasini qamrab olish, afsuski, gʻayri imkon.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil may oyida boʻlib oʻtgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yigʻilishidagi nutqida qayd etganidek, Oʻzbekiston oʻzi tanlagan, uzoq muddatga moʻljallangan ochiqlik va barqaror taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmasdan, oldinga qarab yanada dadil qadamlarini tashlayveradi. Davlatimiz rahbari tomonidan alohida taʼkidlanganidek, “Bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas”.
Shuhrat Umirov,
“Dunyo” AA sharhlovchisi