Boʻlar ekan-ku. Yoxud bugunning kechadan farqi nimada?

03.08.2023 20:14

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoni “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoya asosida amalga oshirilishi belgilab olindi.

Hech shubhasiz, mustaqillik yillari xalqimiz ming yillar davomida orzu qilib kelgan ozodlik, erk va erkinlik yoʻlidagi kurashlarining mantiqiy natijasi boʻldi. Bu yillar mobaynida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi. Oʻzbekiston jahon hamjamiyatining toʻlaqonli aʼzosiga aylandi.

Olti-yetti yil avval boshlangan yangilanishlar, xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda oʻtkazilayotgan islohotlar, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi dadil qadamlar nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham koʻtarinki kayfiyat bilan kutib olinmoqda.

Bugun xalqimiz yangi Oʻzbekiston aslida yangi hayot uchun kurash ekanini, bu yoʻldagi saʼy-harakatlarsiz barcha sohalarda uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni hal etish aslo mumkin emasligini yaxshi anglab turibdi.

Qolaversa, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi har bir kun biz uchun avvallari xayolimizga ham kelmagan imkoniyat va istiqbollarni yaratib bermoqda. Shu nuqtayi nazardan, yuqorida nomi qayd etilgan qarorda oʻtgan qisqa, ammo tarixiy jarayonlar, islohotlarga boy davr mazmun-mohiyatini ochib berish lozimligi taʼkidlanadi. Mazkur vazifani “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” hayotiy shiori mohiyati va ahamiyati ila ochib berilishiga eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas.

Shunday ekan, vazifamiz ana shu ikki davrni adolat tamoyillariga amal qilgan holda xolis tahlil qilishdan iborat. Tahlillarni “Kecha” (1991–2016-yillar) va “Bugun” (2016-yildan soʻng) rukni ostida amalga oshiramiz. Ularning ayrimlari quyidagilardan iborat:

Kecha mamlakatimizda majburiy mehnat avj olgani bilan ajralib turadi. 1930-yilda Xalqaro mehnat tashkilotining Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 29-konvensiyasida, keyinchalik uning 2014-yildagi qoʻshimcha bayonnomasida majburiy mehnat qattiq taqiqlangan, uni amalga oshirish inson huquqlarini poymol qilishdan iborat ekani qayd etilgan boʻlsa-da, uzoq yillar davomida bu masalaga bizda eʼtibor berilmadi.

Ayniqsa, oq paxta biz uchun “qora dogʻ”ga aylandi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, 2010-yilda mamlakatdagi va xorijdagi inson huquqlari faollari Oʻzbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun oʻzbek paxtasiga boykot eʼlon qilish boʻyicha petitsiyaga imzo chekdi.

Mazkur davrda ijtimoiy hayotning qaysi jabhasida boʻlmasin, xodimlarni asosiy ish faoliyatidan ish paytida ajratib olib, goʻyo “ijtimoiy foydali mehnat” bahonasida turli vazifalarni bajarishga majbur qilish odatiy hol boʻlib qoldi. Bu, ayniqsa, taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarida, sogʻliqni saqlash sohasida avj oldi. Maktab oʻqituvchilari oʻz faoliyatining qariyb chorak qismida qishloq xoʻjaligi, obodonlashtirish, boshqa tashkilotlar funksional vazifalariga kirgan topshiriqlarni bajarishga majbur boʻldi.

Natijada taʼlim sifati keskin pasayib ketdi. Oʻqituvchi, murabbiylarning taʼlim tizimidan boshqa sohalarga oʻtib ketishi koʻpaydi. Taʼlim sifati tushib, oʻquvchilarning ilgʻor mamlakatlardagi oʻz tengdoshlaridan bilim saviyasi boʻyicha koʻrsatkichlari pastlab ketdi.

Bugun esa davlatimiz rahbarining saʼy-harakati bilan majburiy mehnatga barham berildi. Aslida majburiy mehnatni taqiqlash boʻyicha jiddiy ishlar 2017-yilning avvalidanoq boshlangan edi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining faol harakatini ham esdan chiqarmaslik lozim.

Xalqaro tashkilotlar, ekspertlar Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarini doimo qoʻllab-quvvatlab turdi. 2022-yil 10-mart kuni majburiy mehnatning bekor qilingani, rahbariyatning mazkur masala boʻyicha qatʼiy munosabatini eʼtiborga olib “Cotton Campaign” xalqaro kaolitsiyasi Oʻzbekiston paxtasiga joriy etilgan boykotni bekor qildi. Shunday qilib, 12 yil davom etgan boykot barham topdi. Bu Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida erishgan katta va salmoqli yutugʻi boʻldi.

Mazkur masalada Oʻzbekiston rahbariyatining munosabati qatʼiy ekani yangi tahrirdagi Konstitutsiya misolida ham koʻrindi, unda majburiy mehnat taqiqlandi.

Kecha biz uchun koʻplab masalalar, bajarilishi qiyin boʻlgan vazifalar atayin jamiyatdan yashirildi. Shuning uchun ham bu davrda “yopiq mavzu”lar soni talaygina boʻldi. Ana shunday “yopiq mavzu”lardan biri kambagʻallik masalasi edi. Inson har doim yaxshi yashashga, farovon turmush kechirishga, birovdan kam boʻlmaslikka harakat qiladi.

Biroq, Oʻzbekiston sharoitida biz “kambagʻallik” soʻzini ishlatishga shoshmadik. Aniqroq aytadigan boʻlsak, biz oʻzimizni oʻzimiz aldadik, rasmiy maʼlumotlarda bu haqda axborotlar berishni ep koʻrmadik. Kambagʻallik soʻzi oʻrniga “ehtiyojmand”, “kam taʼminlangan” kabi soʻzlarni ishlatishga majbur boʻldik. Bu omil rasmiy doiralarda muayyan darajada xotirjamlik kayfiyatini paydo qilgan boʻlsa-da, aholining kambagʻallik darajasi, shunga mos ravishda ijtimoiy norozilik yildan yilga ortib boraverdi.

Bugun esa Oʻzbekiston hukumati katta siyosiy iroda koʻrsatib, kambagʻallik muammosi mavjud ekanini, u uzoq yillar davomida shakllangan, oʻta ayanchli holatga aylanib borayotganini baralla aytishdan choʻchimadi. Tariximizda ilk bor mazkur masala 2020-yil 24-yanvarda Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida koʻtarildi. Ana shu paytdan boshlab bu masala Oʻzbekiston iqtisodiy-ijtimoiy siyosatining eng dolzarb masalasiga aylandi.

Ayrimlarda aholiga moddiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy nafaqa tizimini yaxshilash, turli imtiyozlar berish bilan kambagʻallik muammosini hal etsa boʻladi, degan fikr bor. Masalaga bu taxlit yondashuv bir yoqlamadir. Buning natijasida ayrim masalalarni muayyan makon va vaqt holatida hal etish mumkindir. Lekin bunday yondashuv jamiyatda yillar davomida shakllangan kambagʻallik muammosini aslo hal etmaydi. Kambagʻallikni kamaytirishning eng ishonchli va tez hal etish yoʻli esa aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

Oʻzbekistonda kambagʻallikni kisqartirish boʻyicha xorij tajribasi jiddiy oʻrganildi. Uning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi, kambagʻallik darajasini aniqlash mezonlari va baholash usuli, aholi moddiy taʼminotining minimal standartlari va meʼyoriy asoslarini puxta ishlab chiqish maqsadida Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning 14 eksperti jalb qilindi. Bugungi kunda 2021–2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kambagʻallikni qisqartirish konsepsiyasi asosida jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda.

2022-yil yakunlariga koʻra kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaygan. Yil davomida 200 ming tadbirkorlik subyekti tashkil etildi, 10 ming korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingtasining quvvati tiklandi. Olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunga kelib 1 million kishi kambagʻallikdan chiqarildi.

Kecha nihoyatda katta imkoniyatlarga ega boʻlgan holda mamlakat iqtisodiyoti, xususan, sanoat sohasidagi tub islohotlar Oʻzbekistonni sanoati rivojlangan davlatga aylantirishga imkon bermadi. Shu bilan birga, mavjud sanoat sohasi mamlakat va aholining tobora ortib borayotgan tabiiy ehtiyojlarini qondira olmadi. Ayniqsa, davlat korxonalari transformatsiyasi hamda xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish yuz bermadi. Samarasiz korxonalar soni yildan yilga ortib boraverdi.

Oʻzbekiston sanoatini rivojlantirishning fundamental drayverlari yaratishda sustkashlikka yoʻl qoʻyildi. Sohaga zamonaviy, yuksak texnika va texnologiyalar joriy etilishidagi kamchiliklar esa mehnat unumdorligini oshirishga yoʻl qoʻymadi.

Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarishi sohasi ulushi 2016-yilda 19,5 foizni tashkil etgan, xolos. Sanoat ishlab chiqarish sohasiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 2010-yilda arang 4,9 trillion soʻm boʻlgan.

Bugun esa yangi Oʻzbekiston milliy iqtisodiyotining eng muhim yoʻnalishi boʻlgan sanoat sohasini rivojlantirish asosiy vazifaga aylandi. Mamlakatimiz agrar-industrial davlatdan industrial-agrar davlatga aylandi. Sanoat sohasidagi siyosatni samarali yuritish, uni innovatsion asosda tashkil etish, rivojlantirishda drayver va oʻsish nuqtalarini belgilab olish, ishlab chiqarishga ilgʻor texnologiyalarni jalb etish orqali sanoat tarmoqlari raqobatbardoshligi hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Keng koʻlamli islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Bunday muvaffaqiyatga erishishda yalpi ichki mahsulotning chorak qismini tashkil etuvchi sanoat sohasi ulushi sezilarli boʻldi.

Hozir jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, Oʻzbekiston sanoati jadal oʻsmoqda. Masalan, 2022-yilda sanoat ishlab chiqarishi fizik hajmi indeksi oʻsishi 5,2 foizni tashkil etga boʻlsa, bu koʻrsatkich Qozogʻistonda 1,1 foiz, Rossiyada 0,6 foiz, Ozarbayjonda 1,1 foiz pasaygan. Mamlakatimizda sanoat sohasiga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli yutuqlar salmogʻi tobora ortib bormoqda. Xususan, 2022-yilda sanoat ishlab chiqarishi hajmi 551,1 trillion soʻmga yetdi. Vaholanki, bu koʻrsatkich avvallari 63 milliard soʻm edi, xolos. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarishi sohasining ulushi 2022-yilda 26,7 foizni tashkil etdi, sohaga jalb etilgan investitsiyalar hajmi joriy yilda 124,6 trillion soʻmga yetdi.

Kecha “mamlakat xavfsizligini taʼminlash” bahonasida oʻta qattiq va mutlaqo mantiqsiz pasport tizimi amal qildi. Oʻsha davrda Oʻzbekiston hududida 60 dan ortiq tekshirish punkti tashkil etildi. Jumladan, Xorazmdan Toshkent shahrigacha 17 ta, Fargʻona vodiysidan poytaxtgacha 8 ta shunday punkt faoliyat koʻrsatdi. Bunday punktlarning vazifasi davlat va millat xavfsizligiga “rahna solayotgan shubhali shaxslar”ni aniqlash, ularning respublika hududida erkin harakatlanishiga yoʻl qoʻymaslik edi.

Vaziyat shu darajaga yetdiki, odamlar oʻz yaqinlarining janoza tadbirlariga, toʻy-maʼrakalariga ham bora olmay qoldi. Bahona bitta: tekshiriluvchining yo pasporti yodidan chiqib qolgan yoki bunday shaxslar tekshiruvchilarda shubha uygʻotgan.

Tabiiyki, bunday holat odamlarimizda haqli noroziliklar keltirib chiqarardi. Ayniqsa, xorijdan kelgan mehmonlarning bunday punktlardan oʻtishidagi jiddiy muammolar vaziyatni yanada keskinlashtirar, ularda Oʻzbekistonga ishonch kayfiyati soʻnishiga sabab boʻlardi.

Bugun esa oʻsha tekshiruv punktlari tugatildi. Mashhur qiziqchimiz aytgani kabi “endi fuqarolarimiz oʻzlarini bemalol oʻzbekistonlikmiz, deya olyapti”. Bugun yoʻllarimizda hech qanday punktlar, postlar, sunʼiy toʻsiqlar yoʻq.

Tekshiruv punktlari tugatilishi oqibatida odamlar orasida muayyan darajada shakllanib borayotgan ishonchsizlik kayfiyati yoʻqoldi, aholi va kuch ishlatar organlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va samimiylik rishtalari paydo boʻldi.

Kecha odamlarimiz oʻz peshona teri bilan ishlab topgan pulini naqdlashtirish borasida azob chekdi. Banklar bu vazifani uddalab berolmadi. Doʻkonlardan mahsulot oladigan boʻlsak, ularni narxidan 10 foiz qimmat olishga majbur boʻldik. Bozordan mahsulot sotib olishdan ham murakkabroq muammo yoʻq edi.

Bugun esa oʻsha muammo tag-tugi bilan hal boʻldi. Barcha qishloq-shaharlarda plastik kartalardagi pullarni naqdlashtirishni kechayu kunduz amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Ayni paytda pul-kredit siyosati sohasida koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, toʻlov tizimlari rivojlantirildi, chet el valyutasini sotib olish imkoni yaratildi, naqd pul muammosi hal etildi, uzluksiz ishlovchi avtomatlashtirilgan bankomatlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu esa odamlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamladi.

Kecha mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoyalash boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilganini taʼkidlash lozim. Kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar roʻyxati tuzildi, ularning munosib turmushini tashkil etish boʻyicha choralar koʻrildi. Qator-qator dasturlar, konsepsiyalar yaratildi. Biroq, bu ishlar samara bermadi. Yuqorida qayd etganimizdek, kambagʻallik darajasi pasaymadi, aksincha, salmogʻi ortib boraverdi. Turar joyi boʻlmaganlar soni yildan yilga koʻpaydi. Ishsizlik muammosi hal etilmadi. Har yilgi hisobotlarda ish bilan taʼminlanganlar soni 700 mingdan bir million kishigacha etib taqdim qilingan boʻlsa-da, real hayotda ularning soni juda kam edi.

Bugun esa inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor va muqaddas maqsadiga aylandi. Jamiyat qurilishi va davlat boshqaruvida ana shu muhim va ezgu gʻoyaga suyanilmoqda. Bunday siyosat “davlat – inson uchun” va “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

Davlat byudjetining asosiy qismi ijtimoiy sohaga ajratilmoqda. 2023-yili davlat byudjetidan 130 trillion soʻm, yaʼni jami xarajatlarning salkam 50 foizi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, ularning har bir qatlamini manzilli qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim mexanizmi joriy qilindi. Xususan, 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugun 2 milliondan ortiq oilaga koʻmak berilyapti. Ajratilgan mablagʻ esa 7 barobar koʻpaydi.

Alohida eʼtibor kam taʼminlangan oilalardagi bolalarga qaratilmoqda. Bunday bolalarni parvarishlash uchun toʻlanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha etib belgilandi, mazkur toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori oʻrtacha 1,5 barobar oshirildi.

Masalaning huquqiy asoslari ham yaratildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aholini ijtimoiy himoyalash masalalari huquqiy kuchga aylantirildi. Umuman, Bosh qonunimizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar 3 barobar oshdi.

Oʻzbekistonda davlatning aholi ijtimoiy himoyasini toʻlaqonli ravishda taʼminlashga doir faoliyatida, soʻzsiz, davlatimiz rahbarining 2023-yil 1-iyundagi farmoni bilan Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi katta voqea boʻldi.

Kecha ming yillar davomida oʻzaro qardoshlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyib kelgan, anʼanaviy tarzda bordi-keldi aloqalari asosida yashagan qardoshlarimiz – Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston bilan chegaralarimiz berk edi.

Hech qachon yodimdan chiqmaydigan manzara: 2014-yil, Namangan viloyatining Kosonsoy tumani. Oʻzbekiston – Qirgʻiziston chegarasining bir tomonida mushtipar ona, chegaraning narigi tarafida bir necha yillar avval qoʻshni davlatga kelin boʻlib tushgan qiz bir-biriga qarab yum-yum yigʻlab turibdi. Qiz oʻz farzandiga toʻy qilyapti. Ona esa nabirasi toʻyida ishtirok etishdan benasib – oʻrtada chegara bor.

Bunday holatni koʻrishning oʻzi azob. Afsuski, ana shunday vaziyatni barcha qoʻshni davlatlar chegaralarida ham koʻrish mumkin edi. Qanchadan-qancha vatandoshlarimizning yurak-bagʻri ezilib ketdi-ya!

Bugun esa sunʼiy ravishda qoʻyilgan va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatgan barcha toʻsiqlar olib tashlandi. Toʻgʻri, davlat chegaralari muqaddas, ularni koʻz qorachigʻidek asrash har birimizning burchimiz. Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan 2356, Qirgʻiziston bilan 1476, Tojikiston bilan 1282, Turkmaniston bilan 1831 kilometr chegaraga ega. Uning har bir qarichini himoya qilish fuqarolik vazifamizdir. Biroq, bugun butun dunyoda kuchli globallashuv jarayoni ketayotgan bir davrda davlat faqat oʻz qobigʻida yashashi mutlaqo mumkin emas. Ayniqsa, asrlar davomida bir daryodan suv ichib, quda-anda boʻlib ketgan xalqlarni qanday ajratib tashlash mumkin?

Shuning uchun ham Markaziy Osiyo davlatlari Oʻzbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusni qoʻllab-quvvatladi. 2017-yil Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi chegaralar ochila boshladi. 2019-yilga kelib Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasidagi 17 ta nazorat-oʻtkazish punkti faoliyati qayta tiklandi. Xuddi shunday ishlar boshqa qoʻshni davlatlar bilan chegaralarda ham amalga oshirildi.

Kecha Oʻzbekistonda kichik vatani – oʻz uyiga ega boʻlmagan yuz minglab oila bor edi. Odamlarni munosib uy-joy bilan taʼminlash haqida koʻp gapirilsa-da, muammoni real hayotda amalga oshirish imkoni boʻlmadi.

Katalakdek uylarda uch-toʻrttalab oila oʻnlab yosh bolalari bilan yashar, munosib turmush uchun ularda na sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinar, na normal ijtimoiy muhit bor edi. Hayotning ogʻirligidan oilaviy kelishmovchiliklar kuchayib, ajralishlar salmogʻi yildan yilga ortib bordi.

1991–2016-yillarda Toshkent shahrida 77,2 ming xonadonli 1287 ta koʻp qavatli uy qurildi, xolos.

Bugun mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Natijada soʻnggi 6 yilda mamlakatimiz boʻyicha 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga qaraganda 10 barobar koʻp uy-joy bunyod etildi. Mamlakatimizning qaysi hududiga bormang, barchasida uy-joy qurilishi jadal davom etmoqda. Baʼzan odam hayron qoladi: nahotki, Oʻzbekistonda oʻz kichik vatani – uy-joyga ega boʻlmaganlar shunchalik koʻp boʻlsa?

Ha, haqiqatan ham shunday edi. Bugun Oʻzbekistonda har bir oilani uy bilan taʼminlash davlat oldidagi eng katta vazifaga aylandi. Shu maʼnoda, Prezidentimiz 2023-yil 13-aprelda imzolagan “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni alohida taʼkidlash lozim.

Kecha aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish borasida muayyan ishlar qilingan boʻlsa-da, bu borada toʻlaqonli faoliyat koʻrsatish imkoniyati yoʻq edi. Koʻplab islohotlar oʻtkazishga harakat qilingan, ularning samaradorlik darajasi esa past boʻldi.

Madaniyat maskanlarini boshqarishning huquqiy bazasi juda eskirgan, madaniyat va sanʼat xodimlarini ijtimoiy himoyalash tizimi yaroqsiz holga kelib qolgandi. Uzoq yillar davomida “Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinmadi.

Bugun esa madaniyat va sanʼat tom maʼnoda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. 2017–2023-yillar mobaynida madaniyat va sanʼat sohasiga oid 4 ta qonun, Prezidentning 35 dan ortiq farmon va qarori, hukumatning 100 dan ortiq qaror va farmoyishi qabul qilindi.

Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bora 2021-yil 23-yanvarda “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, madaniyat va sanʼat muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi belgilandi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratildi. Ilk marotaba 15-aprel Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni etib belgilandi.

Milliy va jahon madaniyati namunalari bilan aholiga sifatli madaniy xizmat koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyati qayta tiklandi. Shuningdek, Oʻzbek milliy maqom sanʼati va Respublika baxshichilik sanʼati markazlari hamda uning huzurida Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi.

Kecha mamlakat taʼlim tizimi muammolar girdobida oʻralashib qolgan edi. 2016-yilda bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foizdan oshmasdi. Bunday muassasalarning moddiy-texnik bazasi oʻta nochor boʻlib, binolari deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan, bogʻchalarni malakali tarbiyachilar bilan taʼminlash barchani tashvishga solardi. Xususiy maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish amrimahol edi.

Maktab taʼlim tizimidagi ahvol esa undan ham battar edi. 1997-yilda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi zamonaviy talablarga javob bermas, uning konseptual jihatlari allaqachon eskirgan boʻlib, samaradorlik darajasi juda past boʻlgan.

Kasb-hunar kollejlarini tashkil etish biror samara bermadi.

Oliy taʼlim tizimidagi ahvol ham deyarli qoniqarsiz edi. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra, yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 9 foizdan oshmadi. Shu davrda mamlakatimizda birorta ham nodavlat oliy taʼlim muassasasi tashkil etilmadi. Sirtqi taʼlim tizimi yopildi.

Bugun esa taʼlim tizimi tom maʼnoda yangilanmoqda. 2023-yilgi maʼlumotlarga koʻra, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 72 foizga yetdi.

Maktab taʼlimida qisqa vaqt ichida qoʻshimcha 700 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi, mutlaqo yangicha mazmun va shaklga ega boʻlgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan 200 ga yaqin maktab hamda 400 ta xususiy maktab tashkil etildi.

Maktab taʼlimi yaxshilanishiga taʼlimga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib kelishi, darsliklarning eng ilgʻor xorijiy tajribalar asosida toʻliq yangilanishi, maktablarga minglab xorijiy muallimlar taklif etilishi alohida rol oʻynadi. Ayniqsa, oʻqituvchi va murabbiylar mehnatiga munosib haq toʻlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilishi ushbu soha mutaxassislari nufuzini yanada oshirdi.

2022-yilgi maʼlumotlarga koʻra, yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 38 foizga yoki 4,2 barobar ortdi. Oliy taʼlim muassasalarining soni 2016-yildagi 77 tadan bugungi kunda 210 taga oshdi. Shuningdek, 65 ta nodavlat oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi, xorijiy oliy taʼlim muassasalari soni 4,2 barobar koʻpaydi.

Qisqa vaqt ichida avvallari biz uchun mutlaqo notanish, tasavvurimizda ham boʻlmagan, mohiyatan yangi tushunchalar, atamalar paydo boʻldi. Gap “Yangi Oʻzbekiston”, “Uchinchi Renessans”, “Prezident Xalq qabulxonalari”, “Ijtimoiy axloq”, “Maʼrifatli jamiyat”, “Yangi maʼnaviy makon”, “Davlat – inson uchun” kabi koʻplab yangi atamalar xususida ham emas.

Eng asosiysi, bugun shu kabi tushunchalar mamlakatimiz aholisining real hayotiga toʻliq kirib kelgani, ular xalqimiz hayotida aniq samara va natijalar berayotganidir. Aslida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoyaning roʻyobi ham shunda, deb oʻylaymiz.

 

Abduxalil Mavrulov,

tarix fanlari doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net