Behbudiyning vasiyati

02.08.2023 13:44

Turkiston xalqlarining hurriyati va taraqqiysiga borini safarbar qilib, millatlarning ustozi va peshvosiga aylangan, fidoyilik namunasini koʻrsatgan buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy uchun qaygʻurgan ziyolilar uning qaqshab turgan siymosini va qilgan oʻtli nidosini bir kichik “Vasiyatnoma” orqali namoyon etmoqqa harakat qildi.

“Vasiyatnoma” uni koʻrgan kishidan eshitilganiga koʻra, 1922-yil boshida jadidchilik faollaridan biri Hoji Muin Shukrullo tomonidan eʼlon qilingan. Maqolada mazkur kichikkina “Vasiyatnoma”ning asl nusxasi yoʻqolib ketgani soʻzlanadi. Shuncha vaqt u topilmadimi, endi uni topmoqdan umid yoʻq. Vasiyatning mohiyati nima ekani maʼlum. U umrning vaqtinchalik ekanini anglagan kishi ortida qolayotganlarga oʻz orzu-armonlaridan tashqari, vorislar uchun eng muhim deb bilganlarini qattiq uqtirishdir. Shuning uchun “Vasiyatnoma” bizga kerak va uni tiklamoq burchimizdir. “Donolarning tirikligida aytgan soʻzlarining yarmi vasiyat” degan naqlga amal qilib, maʼnaviyatimizning ulugʻ namoyandasi merosi bilan tanishish asl “Vasiyatnoma”ni bizga taqdim qiladi.

Buning uchun Mahmudxoʻja Behbudiy “Tanlangan asarlar”idan joy olgan maqolalarni sinchiklab oʻqishning oʻzi kifoya qiladi. Kitobga 1906–1918-yillar oraligʻida yozilgan maqolalar kirgan, ular 23 ta. Diqqat qaratilsa, ularni Behbudiy oʻttiz yoshdan keyin, yaʼni atrof-olamni anglab olgan, maʼlum darajada tajribaga ega boʻlgan davrida yozgan. Shuning uchun ham, ulardan vasiyatlar izlash oʻrinlidir.

“Haq olinur, berilmas!”

Behbudiy hayoti mamlakatda ijtimoiy-siyosiy keskin oʻzgarishlar davriga toʻgʻri keldi. U umri davomida uch siyosiy bosqichni koʻrdi. Shuning uchun undan bir xillikni talab qilish mumkin emas. Zero, dastlab chorizm siyosati va ijtimoiy muhitida yashab, unda Turkiston musulmonlarining ahvolini oʻz hayoti, turmushida toʻla his qilgan, boshidan kechirganlariga koʻra hamda Rusiyada harakatda boʻlgan siyosiy kuchlarning tub mohiyatini chuqur oʻrgangan Behbudiy paydo boʻlsa, soʻng Turkiston muxtoriyati, undan soʻng esa oʻzi avval rad etgan shoʻro sharoitida millat taqdirini halokatdan asrab qolish yoʻllarini axtargan zot gavdalanadi. Chorizm haqida soʻzlar ekan, Behbudiy “Hozirgi Rusiya davlati tariqi hukmronligi (siyosiy tuzumi) noqis ekanligiga har bir xabarlik kishi iqrordir”, deb yozadi “Xayru-l-umuri avsatuho” (“Ishlarning oʻrtachasi yaxshidir” – hadis) nomli maqolasida. Bu noqislikning sababi mamlakatda maydonga chiqqan har xil siyosiy firqa – partiyalarga boʻlingan xalqni idora qilishda “irodai mustaqila” – samoderjaviya, imperator irodasining ustuvorligi va uning imzosi “zakun” sanalib, joriy qilinishida edi.

Mahmudxoʻja Turkiston muxtoriyatini zoʻr mamnuniyat bilan qarshi oldi. Lekin u muxtoriyatning nechogʻli zaif, kuchli dushmanlari uni boʻgʻib tashlashga qodiru hozir ekanini yaxshi bilar edi. Shuning uchun uni faqat yerli xalqlarning birlashmoqlari orqaligina saqlab qolinishi mumkinligini jon-jahdi bilan tushuntirishga, uqtirishga harakat qildi. “Qozoq qardoshlarimizgʻa ochiq xat”, “Muhtaram samarqandiylargʻa xolisona arz” maqolalarida bu yaqqol koʻrinadi.

“Bovurlar! Bilingki, hozirda Turkistondagi barcha xalqlar uchun muxtoriyat eʼlon qilindi va siz bilingki, haq olinur, berilmas. Inchunin, muxtoriyat-da olinur, berilmas... Biz boʻshlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlashib, muxtoriyat yoʻliga saʼy qilmasak, albatta, hozirgi qogʻoz ustidagi muxtoriyatimizni ham yoʻq qilurlar...” Soʻzlarining taʼsirini oshirish uchun muallif “Qurʼon” soʻzlari bilan maqolani tugatadi: “Allohning ipiga birlashingiz va tarqalib ketmangiz!”

Holatni tahlil qilib, yaxshi tushunib turgan Behbudiy “qogʻoz ustidagi” muxtoriyatni yoʻq qiluvchi illat milliy birlik va ahillikning yoʻqligi, amaldorlarning nafsoniyat va gʻurur havosiga berilishi ekanidan ogohlantiradi, istiqlolni amaliyotga aylantirish uchun turli tabaqalarning ittifoq tuzib, unga xizmat qilishi lozimligini taʼkidlaydi. Jumladan, samarqandliklarga qarata shunday deydi: “Ey hazrati ulamo! Ey tujjor, ahli kasaba va agʻniyo! Ey, gʻayratlik yoshlar! Nifoq va bir-biriga dushmanlikni tashlangiz. Xudo haqi, arvohi anbiyo hurmati va bu kunlarda qornini toʻygʻazolmayturgon yetim va bevalar haqi, bir-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, xoliq Xudoning nafʼigʻa, din va millat yoʻliga xizmat etingiz. Millat va xalq sizdan xizmat va yaxshilik talab etadur, nafsoniyat va gʻurur emas”.

Yuqoridagi soʻzlarda 42–43 yoshli ziyolining jamiyatning nufuzli ulamolari – din rahnamolari, katta mulkdorlar tabaqasiga qarata mardona daʼvati undagi katta jasoratni, jurʼatni koʻrsatadi.

Ulugʻ maʼrifatparvar qoʻldan berilgan ozodlik oqibatida xalq yuz yillar asirlik domida qolib, oʻz qadr-qimmatini, juda koʻp moddiy va maʼnaviy zararlar koʻrib, keyin ketishidan nadomat chekadi: “Aziz hamshaharlarimgʻa, moʻtabar ahli vatanim, hammangiz bir boʻlub, xalq va dinning rivoji uchun birlashub, oradagi nafratlarni tashlab, Xudoning bergan hurriyat neʼmatidan nafʼlanmoq harakatida boʻlmoq kerak va alʼon (hozirgi holatda) bizning harakatsizligimiz hurriyatni ketkurub, yana boshqalarga bizni asirlik darajasiga tushurur va yuz yillar ila keyin ketarmiz. Bizning avlodimiz hamda xalqi olam bizga rahmat oʻrnigʻa laʼnat oʻqurlar”.

Behbudiy bu soʻzlarini hukman toʻgʻri soʻzlar deydi. Bu soʻzlari uchun baʼzi yoshlar ham, qarilar ham ranjishi mumkinligini aytadi. Biroq “toʻgʻrini aytmaguncha, ishlar toʻgʻrilanmas”.

Alloma umrining oxirgi taxminan ikki yili ilk shoʻro davriga toʻgʻri keladi. Uning xorijiy tillarni bilishi, keng mushohada va koʻp bilim egasi ekani shoʻrolarning turli jabhalarda boshlagan “inqilobiy” ishlariga jalb etilishiga sabab boʻldi. U hatto Eron va Afgʻoniston davlatlariga konsul qilib yuborishgacha taklif qilingan. Biroq Behbudiy oʻz sogʻligi yomonligini bayon qilib bosh tortadi. Lekin mamlakatda turkistoniylarning oʻz maqomiga, sekin-asta oʻz davlatiga ega boʻlishi uchun harakat qilish, davlat ishlarida koʻproq ishtirok etish lozimligini tinmay uqtiradi. “Oxirinda maa-t-taassuf (afsus bilan) iqror etamanki, — deb yozadi u, — siyosiy, ilmiy, maishiy va askariy yoʻllarda zamon bizdan koʻp ishlar talab etadur... Ammo bizda ishlayturgʻon odam oz va bori ham ishlamaydur va yoinki egri ketadur. Bu fursatlar oʻtganlaridek oʻtib ketar. Soʻngra pushaymonlikdin boshqa qoʻlda bir narsa qolmas...”

Milliy davlatchilik uchun milliy kadrlar

Maʼrifatli jamiyatning muhim jihatlaridan biri malakali kadrlarga ega boʻlishdir. Kadrlar tanqisligi yoki umuman yoʻqligining oʻzi mamlakat salohiyatining pastligidan dalolat. Xonliklar davrida boshlangan iqtisodiy, ijtimoiy va harbiy sohalardagi tanazzul sabab Oʻrta Osiyoda XX asrning boshiga kelib ham juda koʻp sohalarda zamonaviy kadrlar yoʻq hisobi edi. Lekin bu degani musulmon xalqlarining, jumladan, turkistonliklarning azaliy jaholatidan dalolat emas. “Tarixdan bexabar baʼzi kishilar va yoinki dushmanlar musulmonlarni avvaldan oxirgʻacha nodon, vahshiy koʻrsaturlar. Musulmonlar dunyoda hech nima ixtiro qilmadi... derlarki, ul gʻalatdur”, deb yozadi Mahmudxoʻja. Uzoq ajdodlarning ilmda dunyoni lol qilib koʻrsatgan nashʼu namolari maʼlum. Ular “ushbu kungi ixtirolar uchun asbob (asoslar) hozirlab qoʻydi”lar. Ammo xalqimiz keyingi asrlarda “ixtiroi bashar”dan chetda qolgani haqiqat esa-da, maʼrifat bilan uygʻonmoq mamlakat qaddini tiklashni taʼminlaydi. “Hozir faranglar navbatidur, – deb davom etadi Behbudiy. – Bir zamon kelurki, navbat boshqalarga tegar, bul dunyoning odatidur”. Bu yerda “boshqalarga” deyilganda ehtimoliy “bizga” mazmuni bor.

Oʻn toʻqqizinchi yuz yillik oʻrtalarida ham Oʻrta Osiyo xalqlari dunyodan uzilib qolgan, boshqa davlatlar bilan muomala va munosabati yoʻq edi. Bunday sharoitda chorizm istilosidan soʻng yerli xalqlardan ularning manfaatlarini qonunlar asosida himoya qiluvchi kadrlar juda zarur edi. “Davlat dumasi nari tursin, sudga va rasmiy mahkamalarga kirib, bizni mudofaa qiladurgʻan kishimiz yoʻq. Boshimiz ogʻrisa doʻqtirga boramiz, ammo dardimizni aytmoqgʻa til yoʻq. Oʻzimizdin doʻqtir yoʻq”. Yana bir oʻrinda: “Imorat qilmoqchi boʻlsak, plon-loyihasi lozimki, injinerga muhtoj boʻlarmiz. Ammo biz hanuz “muhandis” ismini bilmaymiz”, deb yozadi Behbudiy. Shuningdek, u Turkiston mevasi, donasi, toshi, tuprogʻi, shohi, adras, beqasam, alocha kabilari ham Yevropa bozorlarida oʻzga ellar dallollari tomonidan arzon olib ketilib, bir necha barobar qimmatga sotilayotganidan, bunday ishni qilish uchun bizning til biladigan, soha ilmidan xabardor zamonaviy savdo kishilarining yoʻqligidan zorlanadi. Hatto, tojir va boylarning ilmi tijorat, hisob-buxgalterlik biladigan bir odamlari yoʻqligini qanday baholash mumkin edi?

1913-yilda yozilgan “Ehtiyoji millat” maqolasida 30 yil burun Samarqandning birgina Yomini mahallasida 300 alochabof ishchi boʻlgani, ayni zamonda ulardan 30 nafari qolgani va yana oʻn yildan keyin ular tugab ketishi xavfi borligi taʼkidlanadi. Bularning hammasiga sabab maʼrifat, maorifning yoʻqligi, bilimsizlik edi. “Bu ketishning oxiri yamondur, oʻqumoq, oʻqutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamoniy meros qolsun”, deydi muallif.

Behbudiy bu muammolarni yechish uchun yoshlarni avval zamonaviy maktablarda soʻng Rossiya dorulfununlarida oʻqitish gʻoyasini ilgari suradi. Bizda, hatto, oddiy dorulmuallimin (oʻqituvchilar instituti) ham yoʻqligi, ularni bir emas, koʻpini ochish lozimligini davr ziyoli olimlari va mulkdorlari oldidagi vazifa sifatida belgilab beradi.

Bizningcha, bu vasiyatlar bizning Yangi Oʻzbekiston sharoitiga kelibgina davlat tomonidan bir qadar ado etilmoqda. Maktab taʼlimi ishlari isloh etilmoqda, Prezident maktablari, ijod va ilmga yoʻnaltirilgan maxsus maktablar joriy etilishi keng koʻlamda yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalarining soni va qamrovi ortishi, xususan, xorijiy mamlakatlar oliy taʼlim muassasalarining filiallari ochilishi, qoʻshma taʼlimlar, shuningdek, nodavlat universitetlar ochilishiga yoʻl berilishi zamonaviy kadrlar tarbiyalanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz tomonidan har yili iqtidorli yoshlarning 500 nafarini chet ellardagi nufuzli universitetlarda taʼlim olishlari uchun sharoit va mablagʻ ajratilayotgani milliy, mahalliy zamonaviy, yuksak malakali kadrlar tayyorlanishida yangi sahifa ochishi shubhasiz. Bu ishlar xalqimizning asriy orzulari, Behbudiydek maʼrifatparvarlar armonlarining roʻyobga chiqishi dalilidir.

Usuli jadidiya maktablari

Bugun zamonaviy oʻzbek maorifi, pedagogikasining asoschisi kimligi haqida oʻylansa, buning javobi Mahmudxoʻja Behbudiy deyilsa, adolatdan boʻladi. Uning “Kitobatu-l-atfol”, “Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” kabi darsliklari oʻz davri taʼlimida qanchalik ahamiyat kasb etgan boʻlsa, “Padarkush” dramasi va maqolalari tarbiyaviy xarakteri bilan pedagogika fani shakllanishiga undan ham koʻproq xizmat qildi, deya olamiz.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Behbudiyning pedagoglik faoliyati umumiy jadidchilik harakatining bir qismi boʻlib, Yevropada kechayotgan jamiyatni modernizatsiya qilish, zamonaviylashtirishning sharqona koʻrinishidan iborat edi. Shuning uchun ham maktablar islohoti va mamlakat taraqqiyoti masalasi uning chiqishlarida uygʻun olib boriladi. “Boshqa millatlarga qaralsa, koʻrilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham oʻqilur. Chunki “dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol boʻlur”.

Yana bir oʻrinda u deydi: “Millatlar taraqqiyigʻa bir necha sabablar boʻlub, tub sababi ulamo va agʻniyoning hamiyat va gʻayratlaridur”. Bu yerda hamiyatli ilm ahli zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirib, uni yoshlarga yetkazishi, gʻayratli mulk egalari esa ularni, umuman, taʼlimni qoʻllab-quvvatlashi bilan taraqqiyotga erishilishi haqida gap bormoqda.

Jadid maktablarining mohiyati Behbudiy tomonidan qisqa va loʻnda qilib shunday talqin qilinadi: “... Zamona har kuni yangilashur. Yangi ilm va yangi fikrlar va fununi zamoniyani darbar (oʻzida saqlagan, tashuvchi) qilgan odamlarni talab qilur”. Binobarin, ana shunday odamlarni oʻqitib, tarbiyalab yetishtirish jadid maktablarining maqsadi boʻlgan. Lekin “johilona taassublik”ka berilgan, qadimchilar hisoblangan kishilar bu maqsad mohiyatini tushunmas, jiddiy qarshiliklar qilar edilar. Ularga qarshi Behbudiy bir ogʻiz soʻz bilan “Kelar zamon uchun hozirlanayluk, oʻtgan zamon uchun emas”, deya javob beradi.

Behbudiyning Turkiya, Misr, Qrim, Kavkaz, Qozon, Rossiya, Yunoniston, Bolgariya, Avstriya, Germaniya, Ukraina, Saudiya, Suriya va boshqa bir qator yurtlarda boʻlib, ulardagi hamda Ismoilbek Gʻaspirali kabi jadidchilik asoschilaridan taʼlim haqidagi maʼlumotlar olgani maktablar islohoti borasidagi qarashlarini mukammallashtirdi. Taʼlimda ilgʻor mamlakatlarning ijtimoiy, iqtisodiy va harbiy sohalarda ham peshqadamligiga havas bilan qaradi. Turkiston ham ana shunday davlatlar qatorida boʻlishini orzu qildi. 1914-yilda “Oyina” jurnalida bosilgan “Muhtaram yoshlarga murojaat”ida nadomat bilan shunday fikrlarni yozadi: “Yer yuzidagi barcha millatlar oʻz bolalarini(ng) ibtidoiy tarbiyasigʻa va maktablarning har jihatdan intizomi va akmoliga ahamiyat berub bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal yetushdurarlar. Aning uchundurki, oʻzga millatlar diniy va milliy hissiyotga molik boʻlub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar”. Behbudiy bu hissiyotlarni vatanparvarlik omili sifatida tushunadi. Muallif dunyodagi urushlar va iqtisodiy tortishuvlarni oʻsha diyonat va milliyat hissiyoti natijasi sifatida koʻradi. Turkiston xalqida bunday hissiyotning yoʻqligidan qaygʻuradi. Uning fikricha, bu hissiyotni maktablar tarbiyalashi kerak. Jadidlar ustozi maktablarni “taraqqiyning boshlangʻichi, madaniyat va saodatning darvozasi” hisoblaydi.

Zararli illatlardan xalos boʻlish gʻoyasi

Behbudiy kelajak davrni “tamaddun asri” deb ataydi. Bunday davrda zamonaviy ilmlarsiz, quruq, chirik tassaubot bilan yashab boʻlmaydi. Shuning uchun u jadid maktablarida koʻproq zamonaviy dunyoviy fanlarni oʻzlashtirishga diqqat qaratadi. Dunyoviy fanlarni esa jahonning taraqqiy qilgan xalqlari ilm-fani orqali oʻrganish koʻzda tutiladi. Shuning uchun ham rus, nemis, fransuz, ingliz, italyan, arab, yapon tillaridan birini, bu tillar mutaxassisi boʻlmasa, Kavkaz yoki Qrim adabiy tillaridan birini oʻrganish shart deb belgilaydi u. Ulugʻ maʼrifatparvar yoshlarni zamon bilan hamnafas boʻlishga, zamonaviy ilmlarni oʻrganishga shu qadar koʻp tashviq qiladiki, bugungi kunda ham bu fikrlar oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Buhbudiyning zamonaviy ilmlarga daʼvati hamon dolzarb boʻlgani kabi ularni egallashda monelik qiladigan illatlardan ham xalos boʻlmadik, balki ular ortmoqda. Taraqqiyotga toʻsiq boʻladigan illatlar uning nazdida quyidagilar:

Birinchisi, toʻy va aza dabdabalariga berilish. Bu illatlar sil yoki maxovlikdan ham yomon, inqirozga, tahlikaga, jahannamga sabab boʻluvchi, xonavayron va gʻarib etuvchi illatlar sifatida Behbudiy tomonidan juda koʻp marta taʼkidlanadi. Toʻy xoh nikoh boʻlsin, xoh xatna xalqimizda oʻlmaguncha qutulib boʻlmaydigan balo boʻlsa, azada goʻyoki oʻlikning hurmati sifatida yetimlarning yoki bevalarning holi oʻylanmasdan, baʼzan qarzlarni ado qilishni ham unutib, ayniqsa, baʼzan qarz olib qilinadigan xarajatlar millat uchun kulfat ekanidan nadomat chekadi. Bechora sagʻir, mushtipar ayollar merosdan haqlarini ololmay, xudoyi, xayrot, yirtish va hokazo sarf-xarajatlar nafaqat isrof, balki katta gunohlar sifatida tushuntiriladi. Negaki, bu xarajatlar xalqning foydasiga, mamlakatning taraqqiysiga, millatning yuksalishiga emas, ularning xorlikka mahkum etilishiga bois boʻladi.

“Bir necha boyvachchani bilarmanki, — deb yozadi Behbudiy, — eng qattiq xizmatlarga giriftor. Sababi nedur – ilmsizlik. Holbuki, alarning toʻyiga atosi 5 ming soʻm sarf etib edi”. Toʻy yoki aza dabdabasi hech kimga hech narsa bermaydi. Bular baʼzan boylarning bir-ikki kun nomini chiqarsa ham, tez unutiladi, boshqa natija bermaydi. Shuning uchun ham, “Boshqa millatlarning boylari faqir va yetimlar uchun maktab va dorulfununlar soladurlar, faqir va yetimlarning oʻqumogʻi uchun vaqf-istependiyalar tayin qilur. Boshqa millat miliyoʻnerlari maktabi ila istipediyasi-la, idora qilaturgan gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizini, barpo qilgan jamʼiyati xayriyasi-la faxr qiladur”. Bu soʻzlar oʻz davrida ibrat uchun edi, albatta. Bizda hozirgi kunlarda ham shunday fidoyilar bormi? Bor boʻlsa ham, besh-oʻndan oshmas.

Ikkinchisi, soxta obroʻ va hasham ishtiyoqi. Har qanday soxtalik aslida nuqsonni, ojizlikni, notovonlikni xaspoʻshlashga urinishdir. Soxta obroʻ va hashamga rujuʼ qoʻyish kishini haqiqatdan uzoqlashtiradi va oxir-oqibat xorlikka mubtalo qiladi. Behbudiy bu masalada ham juda koʻp toʻxtaladi. Jumladan, uning “Zoʻraki boy” maqolasida keltirilgan ibratli hikoya nafaqat davr ahli bugungi soxtakorlikka berilgan kishilarga ham tanbehdir.

Uchinchisi, vaqtni zoya qilishdan qaytarish. Behbudiy vaqt qadrini ilm va unga amal qilingan foydali faoliyat bilan bogʻlaydi. Lekin hayotda foydasiz harakatlar bilan umrini oʻtkazayotgan kimsalar ham borki, ularning hasratidan jamiyatning ilgari ketishi, taraqqiyot boʻlishiga zarar yetadi. Behbudiy buni koʻpkari misolida zikr etadi: “Oʻn-yigirma chaqirimga toʻy boʻldimi, har kim ishini, dehqonchiligini qoʻyub, otlanib koʻpkariga ketar. Dehqon uchun oltundan aziz vaqt favt boʻldi, ketdi. Ekin birgina kun keyin sepilgan uchun pishmay qolar. Birgina kun soʻngra yigʻilgan uchun yogʻinga qolib, baʼzan xirmanlar chirib ketar”.

Muallif maʼlum bir shaharda yahudiylar oʻliklarini oqshom eltib koʻmishlarini eslatib, bunga ularning kunduz odamlarni ishdan qoldirmaslik maqsadi sabab ekanini taʼkidlaydi. Bizda boʻlsa, toʻy, maʼrakalar uchun haftalar, baʼzan oylar uvol ketishidan ozorlanadi u. Shuningdek, yoshlarni vaqtning qadriga yetishga, vaqtni imkon qadar ilm-fan oʻrganishga sarflashga daʼvat etadi.

Toʻrtinchisi, rishva – pora berish. Pora Behbudiy va undan oldin oʻtganlar tilida rishva deyiladi. Koʻpincha, rishva oluvchilar qoralanadi. Lekin Behbudiy rishva beruvchilarni laʼnatlaydi. Chunki ular zamona ilmini bilmaganidan, oʻzga millat vakillari boʻlgan amaldorlar oldida ojizliklaridan pora berishga majbur boʻladilar. Ishini pora bilan bitkazgan notavon bir umr shu aqidada qoladi, yaʼni porasiz ish bitmasligiga oʻrganib, kelajagini qorongʻu qilib qoʻyadi.

Beshinchisi, ilm ahliga nopisandlik. Koʻp bilgan dunyoni koʻproq anglashi ayni haqiqat. Dunyoni anglagan hamma yutuqlar ortida ilm turganini ham tushunadi. Dunyodagi katta yutuqlarning hammasi ham shundan. Kichik moddiy muvaffaqiyatlar avomnigina emas, haqiqiy ilm ahli boʻlmaganlarni ham chalgʻitadi. Haqiqiy taraqqiyot, chin yutuqlar uchun haqiqiy ilm ahlini tarbiyalab yetishtirmoq lozim. Avom ilm ahliga ergashsagina haqiqiy taraqqiyga, yutuqqa erishiladi, degan xulosaga keladi Behbudiy va deydi: “Boshqa millat ulamosiga tobeʼ ekan, bizning ulamo bilʼaks avomgʻa tobeʼdur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma-oʻttuz sana soʻngra yana yomonroq boʻlur, musulmonlik ilm va odob ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur”.

Yuksak madaniyatli va maʼnaviyatli jamiyat orzusi

Behbudiy fikrlarini umumlashtirib xulosa qilinadigan boʻlsa, Turkiston xalqining har bir aʼzosini oʻqimishli, milliy qadriyatlar jonkuyari, oʻzligini anglagan, jahon ilm-fani va madaniyati yutuqlaridan bahramand, ular istifodasiga qodir, milliy taraqqiyotga monelik qiluvchi illatlardan xalos boʻlgan va ularga qarshi kurashuvchi shaxslardan iborat bir jamiyat, yaʼni yuksak madaniyatli va maʼnaviyatli jamiyat orzu qilingan. “Oh! Biz qanday keyin qolganmiz. Xalqi olam usuli jadid va ilmi zamoniy ila osmonlarga uchar, biz hanuz bir-birimizni takfir (kofirga chiqarish) va talʼin (laʼnatlash) ila vaqt oʻtkarurmiz”, deydi u. Koʻzlangandek jamiyat aʼzolari boʻlishlari, jahonda munosib oʻrin egallashlari uchun millatdoshlarining ikki emas, toʻrt tilni bilishlari lozimligi kun tartibiga jiddiy masala qilib qoʻyiladi.

Maʼnaviy yetuklik, madaniy barkamollik oʻzlikni anglashdan boshlanadi. Oʻz yoki farzandi ismining boshqalar tomonidan notoʻgʻri atalishi, yozilishiga qarshi tura olmaydigan, uni toʻgʻrilashga kuchi yetmaydigan odamdan qanday qilib yetuklik, barkamollik kutish mumkin? Shuning uchun ham Behbudiy bu masalani alohida muammo sifatida koʻtarib chiqadi. Abdussamadni Absamat, Absat deb, Yodgorni – Jodigar, Lutfulloni – Nutfulla deb yozish mirzolarning savodsizligi tufayli yuzaga kelsa ham, bunga ism egasining ilmsizligi va didsizligi sabab. Xuddi shunday, doʻkon va korxonalarning nomlarida ular egasi qoʻygan nomlarning “Abdukodir”, “Patxulla”, “Obduraxmon” kabi buzib yozilishi yoxud bolalarga Norqul, Toshmurod, Boltaqul kabi maʼnosiz ismlar qoʻyilishi ham maqsadga muvofiq koʻrilmaydi. Bularning tuzatilmasligiga aybdor kim? Behbudiy aybni jamiyatdagi jaholatga qoʻyadi. “Bir zamon bu gʻalat ismlarni toʻgʻri yozib mahkamaga berilsa, mahkamadan toʻgʻrini gʻalat deb qaytararlar...” Bu muammolar hanuz bor emasmi?

Zamonaviy, madaniyatli kishining fazilatlaridan biri sanʼat orqali estetik saviyasini oshirib borishdir. Bunda teatr eng maqbul sanʼatdir. Chunki unda juda koʻp sanʼatlar birlashadi. Shuning uchun ham Behbudiy unga alohida eʼtibor qaratadi: “Teyotr bir navʼ maktab hukmindadur”. “Teyotrxonalari masxarabozxona boʻlmay, balki ibratxonadur. Va anda mushaxxis (aktyor) boʻlaturgonlar oʻyunchi va masxaraboz boʻlmay, balki mushaxxis va muallimi axloqdurlar”. Behbudiy bu sanʼatning nozik xususiyatlari haqida ham mulohazalar bildiradi:“Teyotr uchun muharrirni(ng) (dramaturg) ne qadar chuqur oʻylaguvchi zarif va nazokatligi lozim boʻlsa, mushaxxislarning ham tovono va muqallid va har nimarsani oʻzidek qilib koʻrsatguvchi, nuktadon boʻlishi lozim boʻlub, bul alohida bir sanʼatdurki, ovrupolilar munga ham alohida maktab ijod qilganlar”.

Behbudiy teatrni tushunmay, uni din yoʻli bilan manʼ qilishga urinuvchi kimsalarga “Padarkush”ni misol qilib: “Muhtaram hamshaharlarimizdan rijo etarmizki, kelib koʻrgonlari gunah boʻlgon joyini koʻrsatsalar”, deydi. Umuman, din himoyachisi sifatida ham Behbudiy yoshlarga dunyoviy ilmlarni puxta oʻrganish diniy eʼtiqodni kuchaytirishi toʻgʻrisida misollar keltirib oʻgit beradi: “Zotan, islomiyat shunday bir dini matin va qobili taraqqiydurki, na qadar ilmi zamoniy koʻp oʻqusa, insonni yana dini islomga aqidasi shuncha mustahkam boʻlur”.

Biz ulugʻ bir ajdodimizning yoʻqolgan kichik “Vasiyatnoma”sini topa olmasak ham, uning aslini anglamoqqa qasd qilgan edik. Vasiyatnoma insonning orzu-armonlari ifodasi ekan, ularni vasiyat sohibining dunyoqarashi, fikrlari, soʻzlari va amallari anglatadi. Ulugʻlarning maqsad, gʻoyalari ham ulugʻ boʻlishi “Vasiyatnoma”si mazmunini ham ana shunday darajaga olib chiqadi. “Vasiyatnoma”ning har bir bandi vorislar tomonidan ado etilganda ruhlar orom topadi. Mahmudxoʻja Behbudiy dunyoqarashi, fikrlari, soʻzlari va amallari uning orzu-armonlarini, bizga nimalarni vasiyat qilganini anglatadi. Biz ulardan qaysilarini ado qildik, qaysilar hamon ado etilishini kutmoqda? Ajdodlarga sodiq avlodlar vasiyatlarni munosib ado etadilar.

Nafas Shodmonov,

filologiya fanlari doktori, professor,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net