ANDIJON TIBBIYOT INTITUTI VA GERMANIYA OLIYGOHLARI MALAKALI MUTAXASSISLAR TAYYORLASHDA O?ZARO HAMKORLIK YO?LIDA

18.01.2019 12:00

Ma’lumki, bugungi kunda respublikamizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, jumladan, aholiga zamonaviy tibbiy-sanitariya, profilaktika, diagnostika, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit va mukammal tizimini takomillashtirish hamda soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan davr maboynida mazkur sohadada ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilingani, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga tashriflari chog‘ida shifoxonalar, poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlaridagi sharoitlar bilan bevosita tanishib, ularning faoliyatini yaxshilash borasida g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani fikrimizning yorqin dalilidir.

 Mamlakatimiz Prezidenti huzurida joriy yilning 18 oktabr kuni sog‘liqni saqlash sohasi va 24 oktyabrda oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishlarda dunyoning rivojlangan davlatlari oliygohlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ustuvor sohalar, jumladan, tibbiyot yo‘nalishida filial va fakultetlar tashkil etish zarurligi alohida ta’kidlandi.

 Yurtboshimizning bu boradagi topshiriq va ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlash doirasida, xususan, tibbiyot yo‘nalishida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda Germaniyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlari bilan aloqalarni kuchaytirish, tibbiy ta’lim muassasalari filiallari va qo‘shma fakultetlarini ochishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekistonning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi tomonidan joriy yilning 18-21 dekabr kunlari Andijon tibbiyot instituti rektori M.Madazimovning ushbu mamlakatga tashrifi tashkil etildi.

 Tashrif davomida Germaniyaning yirik oliy o‘quv yurtlaridan sanalgan Rostok va Xalle-Vittenberg universitetlari rahbarlari hamda mas’ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tibbiyot sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash borasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi. Shuningdek, universitet klinikalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi va aniq kelishuvlarga erishildi.

Rostok universiteti rektori V.Sharek mamlakatimizga tashrif buyurmagan bo‘lsa-da, uning betakror qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari va buyuk allomalar, xususan, jahon tibbiyot ilmi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir Ibn Sino haqida yetarli ma’lumotga ega ekanligini ta’kidlab, shunday dedi:

 - O‘zbekiston Prezidentining mamlakatingizda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, malakali mutaxassislar tayyorlash va bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgani tahsinga loyiqligini alohida ta’kidlamoqchiman. Vataningiz nafaqat Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy shaharlari, balki insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutaffakkirlari bilan ham mashhurdir. Dunyo tibbiyot ilmi rivojida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan Ibn Sino shunday allomalardan biridir.

Biz Andijon tibbiyot instituti bilan ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishdan mamnunmiz va aloqalarimizning kelgusi poydevori sifatida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatni imzoladik.

 Kelgusida mamlakatingiz uchun malakali mutaxassislar tayyorlash birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz davlatlarimiz o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shadi, degan umiddaman.

 Andijon tibbiyot instituti va Rostok universiteti Tibbiyot fakulteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha imzolangan Shartnoma o‘zaro talaba, tadqiqotchi va professorlar almashuvi, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, seminar va konferensiyalar o‘tkazish, yozgi o‘quv kurslarini tashkil etish, qo‘shma fakultet va markaz barpo etish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.

 Mazkur tashrif doirasida universitet klinikalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishilib, ularning rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Tibbiyot fakulteti dekani o‘rinbosari va Radiologiya klinikasi direktori professor Y.Krauze, Jarrohlik klinikasi direktori professor E.Klar, Urologiya klinikasi direktori professor O.Xakenberg va Kardiologiya klinikasi direktori o‘rinbosari doktor A.Unerlar Andijon tibbiyot instituti bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni qo‘llab-quvvatlab, uni rivojlantirishda o‘z sohalari bo‘yicha har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv chog'ida tomonlar 2019 yil yanvar oyining birinchi yarmida videokonferensiya o‘tkazish, fevral oyining ikkinchi yarmida esa yaqindan tanishish, hamkorlikning aniq yo‘nalishlari, ayniqsa, O‘zbek-nemis qo‘shma tibbiyot fakultetini ochish imkoniyat va shartlarini muhokama etish maqsadida Rostok universiteti delegatsiyasining Andijon tibbiyot institutiga tashrifini tashkil etish borasida kelishib oldilar.

 Ma’lumot uchun: 1419 yilda tashkil etilgan Rostok universiteti Shimoliy Yevropadagi eng qadimiy ta’lim muassasasi sanaladi. Uning 9 fakultetida (Agrar va atrof-muhit, xuquqshunoslik, Tibbiyot, avtomobil va kemasozlik, matematika-tabiiy fanlar, falsafa, teologiya, iqtisod va ijtimoiy fanlar) 14 000 nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Keyingi yili universitetning 600 yillik yubileyi nishonlanadi. XV asrda barpo etilgan mazkur nemis oliy o‘quv yurtlaridan farqli Rostok universiteti tashkil topgan yildan e’tiboran Tibbiyot fakultetiga ega bo‘lgan. O‘tgan davr maboynida bu yerda tibbiyot sohasida taniqli olimlar yetishib chiqqan. Bugungi kunda fakultetdagi mavjud davolash, stomotologiya va tibbiyot biotexnologiyasi yo‘nalishlarida mahalliy yoshlar qatori xorijliklar ham tahsil olishadi.

 Tashrif doirasida, shuningdek, Germaniyaning Xalle shahrida joylashgan Martin Lyuter nomidagi Xalle-Vittenberg universiteti Tibbiyot fakulteti dekani professor M.Gekle bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida ham o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi.

 Professor Xalle-Vittenberg universiteti va uning Tibbiyot fakulteti faoliyati haqida ma’lumot berib, halqaro hamkorlikka ochiq ekanligini ta’kidladi. Andijon tibbiyot instituti tomonidan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha berilgan takliflarga qiziqish bildirib shunday dedi:

 - Bugun o‘zbekistonlik hamkasbim bilan suhbat chog‘ida mamlakatingizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga doir ma’lumot olish bilan birga mazkur yo‘nalishda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga va xalqaro hamkorlikka katta e’tibor qaratilayotganini ham o‘rgandim. Bu juda muhimdir. Chunki dunyo vrachlari turli tillarda gaplashishsada, ularni yagona maqsad birlashtiradi, bu ham bo‘lsa insonlarning salomatligi uchun kurashishdir. Andijon tibbiyot instituti rektori bilan kelgusida o‘zaro hamkorligimizni rivojlantirish, vrachlar almashuvini va malaka oshirishlarini tashkil etish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish kabi masalalarda kelishib oldik.

 Uchrashuv so‘ngida M.Gekle Andijon tibbiyot instituti bilan yaqindan tanishish, maqsadida 2019 yilning birinchi yarmida o‘zi boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonda tashrif buyurishi mumkinligini ma’lum qildi.

 Ta'kidlash joizki, Martin Lyuter nomidagi Xalle-Vittenberg universiteti 1817 yil Xalle va Vitteberg universitetlarining qo‘shilishi natijasida tashkil topgan bo‘lib, Germaniyaning kuhna va yirik oliygohlaridan biri sanaladi. Universitetning mavjud 9 ta fakultetda o‘qiyotgan 23000 dan ziyod talabaning 2000 nafarini xorijlik yoshlar tashkil etadi. Uning asosiy fakultetlaridan biri Tibbiyot fakulteti hisoblanib, ushbu yo‘nalishda 2200 nafar talaba umumiy tibbiyot, stomatologiya va oliy hamshiralik ishi bo‘yicha taxsil olishadi.

 

“Dunyo” AA

 

 

 

Berlin- Xalle-Rostok

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net