Akmal Saidov BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi sessiyasi ishtirokchilarini iqlim oʻzgarishi va inson huquqlariga bagʻishlangan IV Samarqand forumiga taklif etdi

27.02.2024 03:00

Oʻzbekiston vakili BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi sessiyasining oliy darajadagi segmentida soʻzga chiqdi

Kecha Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 55-sessiyasi boshlandi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi maʼlumotiga koʻra, Sessiyaning Oliy darajadagi segmentida Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov soʻzga chiqdi.

Oʻzbekiston vakili mamlakatimizda qonun ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlarini taʼminlash sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida toʻxtaldi. Oʻtgan yil aprelida umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasida Yangi Oʻzbekistonning tub mohiyatini tavsiflovchi “beshta ustun” belgilandi. Bu oʻrinda davlatimizning qatʼiy va sobit taraqqiyot yoʻli va kelajagini oʻzida aks ettirgan “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” maqomi haqida soʻz bormoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi inson huquqlariga oid qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarga toʻliq mos keladi. Konstitutsiyada oʻlim jazosini qoʻllash rasman taqiqlangan.

 Eʼtiborlisi, Konstitutsiyamizda birinchi marta inson huquqlari boʻyicha ham xalqaro, ham milliy organlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Miranda qoidalari” va “Xabeas korpus” kabi xalqaro miqyosda tan olingan yuridik institutlar konstitutsiyaviy mustahkamlandi. Shuningdek, bepul yuridik yordam koʻrsatishni nazarda tutadigan “Pro bono” instituti ham konstitutsiyaviy maqomga ega boʻldi.

Yangi Konstitutsiyada birinchi marta fuqarolarning konstitutsiyaviy shikoyatlari instituti mustahkamlandi. Oʻzbekiston oʻzining xalqaro majburiyatlarini faol bajarib, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, sud-huquq bazasini isloh qilmoqda. Sud-huquq tizimini rivojlantirishning qisqa muddatli strategiyasi va Harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida salmoqli natijalarga erishildi. Mamlakatimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga koʻra, endilikda nafaqat bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash kafolatlandi, balki bunday huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik ham joriy etildi. Mamlakatimizda ayollar va voyaga yetmaganlarni zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan alohida qonun qabul qilingan.

Oʻzbekiston milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishning izchil tarafdoridir. Binobarin, yurtimizda barcha normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender muammosi, inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kompleks ekspertizadan oʻtkazish qatʼiy yoʻlga qoʻyilgan.

 Shu maʼnoda, 2023-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻla mos keladi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy strategiyasi amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda bu borada bir qator muhim marralarga erishdik.

Birinchidan, Inson huquqlari boʻyicha kengash va BMT shartnoma organlarining tavsiyalariga muvofiq, Bolalar ombudsmani lavozimi taʼsis etildi. Parlamentimizda ayni paytda “Bolalar ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish jarayoni bormoqda.

Ikkinchidan, Nogironlarning huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish maqsadida nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha huquqiy va maʼmuriy choralar koʻrildi. BMTning Nogironlar huquqlari boʻyicha qoʻmitasiga tegishli fuqarolik jamiyati institutlarining keng ishtirokida tayyorlangan dastlabki hisobotimizni taqdim etdik.

Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida milliy parlament 2030-yilgacha boʻlgan davrda gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqladi. BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston qiynoq qoʻllanilishini ochiqdan-ochiq qoralaydi. Prezident qiynoqlarga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmasligini, shuningdek, qiynoq qoʻllaganlik uchun javobgarlik muqarrarligini muntazam taʼkidlab keladi. Qiynoqlar va zoʻravonlikning boshqa turlari Konstitutsiya va qonunlarimiz darajasida taqiqlangan. Fuqarolik kodeksiga qiynoqlar qurbonlariga yetkazilgan zararni qoplash tartibini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi, bu esa qiynoqlar qurbonlariga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatish imkonini beradi.

Beshinchidan, BMT shartnoma organlari tavsiyalariga muvofiq, “Ombudsman plyus” modeli asosida Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Milliy profilaktika mexanizmi yaratildi. Shuningdek, Bolalar huquqlari boʻyicha vakil, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz va Tadbirkorlar huquqlari boʻyicha vakilga jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini nazorat qilish vakolatlari berildi.

Oltinchidan, Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizda Inson huquqlari boʻyicha milliy taʼlim dasturi amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar taʼlimi tizimi va oliy oʻquv yurtlarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bolalar huquqlari” boʻyicha treninglar va maxsus kurslar joriy etilmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari boʻyicha oʻquv kurslari ochilmoqda. Inson huquqlari sohasida taʼlim olish uchun elektron platforma ishga tushirildi. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlari va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqlarga qarshi kurash boʻyicha doimiy oʻquv kurslari mavjud.

Yettinchidan, inson huquqlari boʻyicha biznes sektori bilan hamkorlik qilish ham muhim, deb hisoblaymiz. Xususan, tadbirkorlar uchun inson huquqlari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilmoqda. Hozirda “Biznes va inson huquqlari” milliy harakat rejasi ishlab chiqilmoqda.

Sakkizinchidan, mamlakatimizda siyosat, sud-huquq va huquq sohalarida izchil islohotlar amalga oshirilib, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarining diniy erkinlik sohasida ham roli ortib bormoqda. Oʻzbekiston turli konfessiyalar va etnik jamoalar asrlar davomida ahil-inoq yashashining tarixiy tajribasini eʼtirof etib, oʻz chegaralarida diniy erkinlikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratmoqda.

Toʻqqizinchidan, Saylov kodeksiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovni aralash saylov tizimidan foydalangan holda oʻtkazish tartibini belgilovchi oʻzgartirishlar kiritildi. Bundan tashqari, siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar orasida 30 foizdan 40 foizgacha nomzodlarning umumiy sonida ayollarning minimal ulushini oshirishga qaratilgan oʻzgarishlar kiritilmoqda.

Oʻninchidan, Orol fojiasi bilan kurashish davom etayotgan murakkab sharoitda Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoning iqlim oʻzgarishi taʼsiri doirasidagi eng zaif hududlaridan biriga aylanib bormoqda. Oʻzbekiston global muammo boʻlib qolayotgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi va YEXHT/DIIHB bilan hamkorlikda joriy yil iyun oyida iqlim oʻzgarishi va inson huquqlariga bagʻishlangan IV Samarqand forumini oʻtkazadi. Shu munosabat bilan Akmal Saidov oʻz soʻzining yakunida Inson huquqlari boʻyicha kengashning 55-sessiyasi  ishtirokchilarini ushbu forumga taklif etdi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 55-sessiyasi Oliy darajadagi segmenti oʻz ishini 28-fevralgacha davom ettiradi.

 

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net