17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» shaklidagi tadbirlar bo?lib o?tadi

24.10.2022 15:10

“Dunyo” AA/.  Joriy yil 17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» shaklida vazirlar uchrashuvi va «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» o‘zaro bog‘liqlik: «Barqaror rivojlanish uchun global darvozalar» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar idoralari rahbarlari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning yuqori martabali rasmiylari, xalqaro moliya institutlari, xususiy sektor, ekspert doiralari, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etadilar.

Vazirlar uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo, investitsiya, atrof-muhit, suv resurslari, iqlim, zamonaviy xavf va tahdidlarga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tadbir doirasida «Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo» birinchi Yoshlar forumi ham bo‘lib o‘tadi.

O‘z navbatida, xalqaro konferensiya Yevropa Ittifoqining «Global Gateway» tashabbusiga muvofiq, barqaror o‘zaro bog‘liqlikni rag‘batlantirish, yashil rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va COVID-19  pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Konferensiyada ishtirok etish uchun  www.eucaconnectivity.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish lozim.

Mazkur tadbirlarda ishtirok etish istagini bildirgan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:

1) muxbirni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi OAV tahririyati murojaati;

2) OAV to‘g‘risidagi maʼlumot;

3) akkreditatsiyadan o‘tadigan shaxslarning tarjimai holi (rezyume/ CV), pasport nusxasi va fotosurati (3x4 o‘lchamda, kamida 240x320 piksel, ko‘pi bilan 600x800 piksel, to‘liq yuz ko‘ringan holda, oq fonda);

4) COVID-19 ga qarshi emlanganlik sertifikati;

5) to‘ldirilgan anketa.

Ommaviy axborot vositalaridan arizalar 10 noyabr Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali yoki bevosita O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga, jumladan, eucaconnectivity-press@mfa.uz  elektron pochtasi orqali qabul qilinadi.

Belgilangan muddatdan keyin kelib tushgan arizalar, shuningdek, zarur maʼlumotlar va to‘ldirilgan anketa ilova qilinmagan murojaatlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.

Shu bilan birga, sammitni yoritishda ishtrok etish uchun xorijiy OAVning topshirgan arizalari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ularning akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomasiz O‘zbekistonga tashrif buyurish va jurnalistik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun asos bo‘la olmaydi.

Qo‘shimcha savollar yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatiga press@mfa.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilish mumkin.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net