Elektr va issiqlik ta’minoti tizimidagi modernizatsiya hamda qurilish ishlari bilan tanishildi

14.10.2023 17:48

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 oktyabr kuni Toshkent shahridagi yangi infratuzilma inshootlari va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda poytaxtimiz ham aholi, ham hudud jihatidan o‘smoqda. Muhandislik tarmoqlari quvvati shunga mutanosib tarzda oshirib borilmoqda.

Xususan, Shayxontohur tumanida, «Paxtakor» stadioni yaqinida yangi podstansiya qurildi. Loyiha doirasida «Traktorsoz» podstansiyasidan 19 kilometrdan ziyod kabel tortilib, 2 ta transformator o‘rnatildi. U kelgusi oyda ishga tushiriladi. Buning natijasida poytaxtimiz markazida kafolatlangan 130 megavatt qo‘shimcha elektr energiyasi hosil bo‘ladi. Shahardagi boshqa podstansiyalarga yuklama kamayib, avariyaviy holatlar ehtimoli 60 foizga qisqaradi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Toshkent shahri elektr ta’minoti tizimidagi qurilish va modernizatsiya ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Yana beshta podstansiya qurilayotgani va to‘rttasi yangilanayotgani, ularda jami 850 megavatt qo‘shimcha quvvat yaratilishi qayd etildi.

Mamlakatimizdagi o‘zgarishlar bosh shahrimizda, ayniqsa, yaqqol namoyon. Bugungi kunda Toshkent – ulkan bunyodkorlik, zamonaviy biznes, ilm-fan va madaniyat markaziga aylandi. «Tashkent city»dagi muhtasham binolar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Bu yerdagi Xalqaro kongress markazida ko‘plab forum va anjumanlar bo‘lib o‘tgan. Kelgusida yana qator nufuzli sammitlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, shinamlik darajasi yuqori mehmonxonalar, konsert va opera teatri barpo etilmoqda.

Davlatimiz rahbari ulardagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Ushbu majmua yurtimizda san’at rivojini yangi darajaga ko‘tarish, madaniy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, Prezident “Tashkent city” markazida qurilishi yakuniy bosqichda bo‘lgan bir qator boshqa inshootlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib ko‘rdi.

Mazkur majmua 1972 yilda qurilgan. Bu yerdagi 5 ta qozonxona umumiy qiymati 400 Gkal quvvatga ega. Jami 491 ta ko‘p qavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalarga issiqlik yetkazib beradi.

O‘tgan qishda havo keskin sovib ketishi oqibatida tabiiy gaz bosimi pasayib, iste’molchilarga issiqlik yetkazish qiyin bo‘lgan edi. Shuning uchun joriy yilda issiqlik markazida muqobil yoqilg‘idan foydalanish imkoni yaratildi. Xususan, mazut xo‘jaligi qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Barcha qozonxonalar ta’mirlandi. Shuningdek, gaz bosimini ta’minlash maqsadida inshootga 4,6 kilometr alohida quvur tortildi.

Bu sa’y-harakatlar natijasida kuz-qish mavsumida iste’molchilarni issiqlik bilan uzluksiz ta’minlash imkoni yaratildi. Xususan, tarmoq 30 daraja sovuq haroratgacha barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo‘qotilishi kamaytirilgan. Natijada aholiga 65 darajadan kam bo‘lmagan issiqlik yetkazib beriladi.

Xuddi shu tartibda 5-sonli issiqlik markazi ham modernizatsiya qilingan.

– Ochig‘i, uzoq yillar davomida bu tizimga e’tibor bo‘lmagan. Issiqlik korxonalari eski resursda, eskicha uslubda ishlab kelgan. Lekin olingan issiqlik sarflangan xarajatga nisbatan o‘zini oqlamadi. Bundan odamlar ham rozi bo‘lmadi, korxonalar ham manfaat topmadi. O‘tgan yilgi sinovdan va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilayapmiz. Endi issiqlikni saqlash va tejash choralarini ko‘rish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ishga tushirilgan kogeneratsiya inshootini ko‘zdan kechirdi.

Ma’lumki, o‘tgan qishdagi anomal sovuqda issiqlik ta’minotida uzilishlar ro‘y berdi. Chilonzor tumanining Oqtepa va Bog‘zor mahallalari vaziyat murakkab bo‘lgan hududlardan edi. Bu yerda 50 ta ko‘p qavatli uy, 7 ta ijtimoiy muassasa va o‘nlab tadbirkorlik shoxobchalari bor.

Ushbu holatning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bu yerda bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan kogeneratsion qurilmalar ishga tushirildi. Ular soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 gigakaloriyadan ortiq issiqlik ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

Turkiyaning «Iltekno» kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan loyihaga Germaniyadan gaz-porshenlar hamda “Bosch” qozonlari keltirib o‘rnatildi. Shuningdek, qozonxonadan iste’molchilargacha bo‘lgan barcha issiqlik ta’minoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrali almashtirildi, har bir turar joy binosi va ijtimoiy ob’ektlarda alohida issiqlik taqsimlash punktlari o‘rnatildi. Jami 13 ming metr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini yangi, izolyatsiyali quvurlarga almashtirish hisobiga to‘liq yopiq tizimga o‘tkazildi va yo‘qotishlardan himoya qilindi.

Loyihaning yana bir samarali jihati – issiqlik taqsimlash punktlari maxsus datchiklar bilan jihozlangan. Havo sovib yoki isib ketishiga qarab, uy ichidagi harorat mo‘’tadil saqlab turiladi.

Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar 67 foiz kamayadi, oqova suv tashlanmalari esa umuman bo‘lmaydi.

Bog‘zor va Oqtepa mahallalaridagi transformatorlar almashtirildi, elektr uzatish tarmoqlari yangidan tortildi. Bunga qo‘shimcha, ko‘p qavatli uylar tepasiga quyosh panellari o‘rnatilmoqda.

Shu yerda Toshkent shahri va tegishli sohalar mutasaddilari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot berdi. Davlatimiz rahbari energetika, kommunal, qurilish va servis kompaniyalari kabi barcha vositalarni safarbar qilib, ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish, energiya va issiqlik ta’minotini barqaror qilish, bu borada xalq nazoratini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumini boshlab berdi. Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Oqtepa va Bog‘zor mahallalariga tashrifi chog‘ida jamoatchilik bilan birga ko‘chat ekdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan daraxt ekish, yashil hududlarni ko‘paytirish katta harakatga aylanmoqda. Bu mavsumda 85 million tup ko‘chat o‘tqazilishi mo‘ljallangan. O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tadan ko‘chat bepul yetkazib beriladi. Shuningdek, 15 oktyabrdan barcha tuman va mahallalarda ko‘chat yarmarkasi tashkil qilinadi.

Mahalla aholisi bilan suhbatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni haqida so‘z bordi.

– Bugun kelishimizdan maqsad – o‘tgan yilgi saboqdan natija nima bo‘lganini ko‘rish, – dedi davlatimiz rahbari. – Buning uchun kerakli qarorlar qabul qildik, katta mablag‘lar ajratdik. Xorijdan texnologiyalar, mutaxassislar olib keldik. Soha xodimlari qo‘shimcha o‘qitildi, ularning oyliklari oshirildi. Hozir rahbarlarga har bir mahalla, har bir ko‘p qavatli uy, maktab, shifoxonalarga kirib, issiqlikni kafolatlash bo‘yicha yana topshiriqlar berdim. Eng muhimi, bu borada xalq nazoratini yo‘lga qo‘yamiz. Shu bilan birga, energiya tejamkorlik madaniyatini oshirish kerak. Sizga o‘xshagan ko‘pni ko‘rgan insonlar, ziyolilar bunda namuna, davlatga ko‘makchi bo‘lishi zarur.

Jamoatchilik vakillari kuz-qishga tayyorgarlikni, yurtimizdagi o‘zgarishlarni e’tirof etib, o‘z uylari va barcha muassasalarda issiqlikni asrashda jonkuyar bo‘lishlarini ta’kidlashdi.

Ziyodulla Jonibekov, Ikrom Avvalboyev,

O‘zA muxbirlari

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net