DEMOKRATIK SAYLOVLAR JARYONIDA XALQARO KUZATUV INSTITUTINING ROLI

07.06.2023 16:43

Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtiroki saylovni demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora oʻtkazishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, xalqaro kuzatuv fuqarolarning saylov huquqlarining amalga oshirilishini taʼminlash, saylov jarayoni amaliyoti boʻyicha ikki tomonlama bilim va axborot almashishga xizmat qilishi bilan bir qatorda mustahkam xalqaro aloqalarni oʻrnatish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.   

Milliy saylov tizimi muttasil rivojlanib va takomillashib borayotgan yangi Oʻzbekistonda fuqarolarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini amalda taʼminlashga yoʻnaltirilgan izchil islohotlar yuksak samara bermoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston nafaqat oʻz milliy saylovlari, balki referendumlarini oʻtkazishda xalqaro kuzatishni amalga oshirish  uchun ochiqdir.

            Shunday qilib, mamlakatimizda demokratik saylovlarni oʻtkazish, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish sohasidagi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari hayotga tatbiq etilmoqda.

Ohirgi yillarda Oʻzbekistonda saylovlar oʻtkazilishi jarayonini xalqaro kuzatish  dinamikasi xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar ishtiroki ortib borayotganligidan dalolat beradi. Oʻzbekiston Respublikasi prezidentligi uchun  2015-yilda oʻtkazilgan saylovda 296 nafar xorijlik kuzatuvchi ishtirok etgan boʻlsa, 2016-yildagi saylovda ular 555 nafarni, 2021-yili esa 971 nafarini tashkil etdi.

Bularning barchasi oʻzining yangi, yanada yuksalish yoʻlini tanlagan Oʻzbekistonda saylovlar tub oʻzgarishlar va demokratik islohotlar, vujudga kelayotgan yangi siyosiy muhit sharoitida oʻtkazilayotganidan hamda xalqaro hamjamiyatda ushbu oʻzgarishlarga eʼtibor tobora oshib borayotganidan yorqin dalolatdir.

 
 
Xalqaro kuzatuvning xalqaro standartlari va milliy-huquqiy asoslari 

            Bugunga kelib, Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti sifatida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalarini qamrab olgan inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qoʻshilgan.

            BMT, YEXHT, Yevropa Kengashi, Parlamentlararo ittifoq va shu kabi boshqa yetakchi xalqaro tashkilotlar hujjatlarida aks ettirilgan davlatning xalqaro majburiyatlari va xalqaro saylov standartlari implementatsiyasi asosida Oʻzbekistonda milliy saylov tizimi shakllantirildi, saylovni oʻtkazish va saylovlarni xalqaro kuzatishni tashkil etishni huquqiy tartibga solish amalga oshirilmoqda.

            Bu hujjatlar qatoriga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro pakt, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi Xalqaro konvensiya, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya (CEDAW), Ayollarning siyosiy huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya, BMTning saylovlarni oʻtkazilishi ustidan xalqaro kuzatuv tamoyillari toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi, YEXHTning insoniy oʻlchovlari boʻyicha Kopengagen konferensiyasi yigʻilishining hujjati,  Erkin va adolatli saylovlar mezonlari toʻgʻrisidagi Deklaratsiya, Saylovlarni oʻtkazishga oid tavsiya etilgan meʼyorlarning majmuasi: 2002-yilda Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan rahbariy tamoyillar va izohlovchi maʼruza, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi aʼzo davlatlarda saylovlar va referendumlar ustidan xalqaro kuzatish tamoyillari toʻgʻrisidagi MDH Parlamentlararo Assambleyasining deklaratsiyasi va bir qator boshqa hujjatlar kiradi.

            Yangi tahriridagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalarining ustuvorligi eʼtirof etilgan. Mamlakatimizda xalqaro  kuzatuvchilarning faoliyati xalqaro kuzatuv institutini tartibga solish sohasidagi xalqaro hujjatlarni hisobga olgan holda, xalqaro hujjatlarga zid kelmaydigan doirada milliy qonunchilik bilan tartibga solinadi hamda xalqaro kuzatuvchilarni taklif qilish borasida yetarlicha rivojlangan amaliyot mavjud.

            Oʻzbekistondagi saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning maqomini huquqiy tartibga solish, shu jumladan, akkreditatsiya qilish tartibi, xalqaro kuzatuvchilarning huquqlari, majburiyatlari va cheklovlari roʻyxati Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi saylovida ishtirok etuvchi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari toʻgʻrisidagi Nizomi bilan tartibga solinadi.

Xususan, Saylov kodeksida saylovlarga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish joylarida va ovozlarni sanab chiqishda boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarning ishtirok etishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Markaziy saylov komissiyasining Nizomida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kelgan kuzatuvchilarning saylovlarda ishtirok etishi tartibi batafsil belgilab berilgan.

            Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etib, xalqaro saylov standartlarini joriy etishda konstruktiv hamkorlikni amalga oshirmoqda. Ular orasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT/DIIHB), YEXHT Parlament Assambleyasi, Yevropa Parlamenti, Mustaqil davlatlar  Hamdoʻstligi (MDH), MDH Parlament Assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kabi xalqaro tashkilotlar bor.

            Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi 2013-yildan buyon Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA), 2014-yildan esa Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi (OSOA) aʼzosidir, YEXHT/DIIHB, MDH PA aʼzo davlatlari Demokratiya, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DMXI), Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasi (IFES), YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar boʻyicha koordinatori, BMTTD kabi xalqaro tashkilotlar bilan saylov masalalari boʻyicha faol hamkorlik qilib kelmoqda.

            Oʻtgan davrda Oʻzbekistonda saylovlarni xalqaro kuzatishni tashkil etish amaliyoti toʻla shakllantirildi. Shu jihatdan, taklif etilayotgan xalqaro (xorijiy) kuzatuvchilarni shartli ravishda uch guruhga ajratish mumkin.

            Birinchi guruh – kuzatish xalqaro hujjatlar asosida amalga oshiriladigan xalqaro va davlatlararo tashkilotlar.  YEXHT DIIHB, YEXHT Parlament Assambleyasi, Yevroparlament, MDH, MDH Parlamentlararo assambleyasi, SHHT, IHT, TDT, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar shular jumlasidandir.

            Taklif etilayotgan xalqaro kuzatuvchilarning ikkinchi guruhini ixtisoslashtirilgan organ va tashkilotlar, shu jumladan, saylovlar va referendumlarni xalqaro kuzatishning asosiy maqsadlari ularning ustavi yoki nizomlarida belgilangan davlatlararo tashkilot maqomiga ega boʻlmagan xalqaro tashkilotlar tashkil qiladi. Bu guruhdan, asosan, milliy konstitutsiya va saylov, referendumlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq saylovlar, referendumlar oʻtkazishda professional ishtirok etuvchi xorijiy saylov organlari (komissiyalari) va vazifalariga saylov jarayonlarini oʻtkazishni oʻz ichiga olgan boshqa organlar (milliy adliya vazirliklari, sud va boshqalar), milliy saylovlar, referendumlarning ilmiy-amaliy masalalari bilan professional ravishda shugʻullanuvchi uyushmalar va tashkilotlar joy olgan. Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi, Butunjahon saylov organlarining assotsiatsiyasi, Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi, MDH PAga aʼzo davlatlarning Demokratiya, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish Xalqaro instituti, Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasi kabi tuzilmalar shular jumlasidandir.

            Xalqaro kuzatuvchilarning uchinchi guruhiga Oʻzbekiston tomonidan xorijiy kuzatuvchilar sifatida taklif etilgan va oʻz kasbiy manfaatlaridan kelib chiqqan xolda saylovni kuzatuvchi olimlar va tadqiqotchilar, saylov huquqi sohasidagi ekspertlar, huquqshunoslar, huquq himoyachilari va siyosatshunoslar kiradi.

 

Xalqaro kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan oʻtkazish

Saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingandan soʻng Markaziy saylov komissiyasi Tashqi ishlar ishlar vazirligi orqali xorijiy davlatlarning saylov organlariga va xalqaro tashkilotlarga taklifnomalar yuboradi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bu taklifga javob va tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida oʻn kun oldin taqdim etishi kerak. Tashqi ishlar ishlar vazirligi tegishli xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining hujjatlarini ilova qilingan holda Markaziy saylov komissiyasiga taqdimnoma kiritadi. Markaziy saylov komissiyasi besh kun ichida xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va roʻyxatini oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

Shu bilan birga akkreditatsiya uchun taqdim etilgan hujjatlar quyiladigan talablarga javob bermasa, hujjatlar belgilangan muddatdan kech taqdim qilinsa, xorijiy kuzatuvchining yoki uning nomzodini koʻrsatgan tashkilotning faoliyati milliy qonunchilikka zid boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va milliy manfaatlariga xavf solsa - qonunchiligimizga muvofiq akkreditatsiya qilish rad etilishiga asos boʻladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy kuzatuvchiga saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun asos boʻlgan tegishli mandat beriladi.

 

Xalqaro kuzatuvchilarning huquq

 va majburiyatlari

Mamlakatimizning milliy saylov amaliyotida xalqaro kuzatuvchilarning aniq huquqiy maqomini belgilash modeli toʻla shakllantirilgan. Davlatimiz xalqaro kuzatuvchilar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladigan bir xildagi amaliyot kafolatlaydi.

Saylov kodeksida xorijiy kuzatuvchi mahalliy kuzatuvchi (siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari) bilan bir xil huquqlarga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.

Xorijiy kuzatuvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish;
  • nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;
  • saylov uchastkasida hozir boʻlish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning roʻyxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
  • saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish;
  • muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida xabardor boʻlish hamda ushbu jarayonni kuzatish;
  • saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berishi jarayonini kuzatish;
  • ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir boʻlish;
  • saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini soʻrash va olish;
  • kuzatuv olib borish davomida oʻzi yollagan tarjimon hamrohligida boʻlish;
  • saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);
  • kuzatuv natijalari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillariga murojaat qilish;
  • saylovoldi tashviqoti belgilari boʻlmagan, familiyasi, ismi va otasining ismi, oʻzi vakillik qilayotgan tashkilotning nomi koʻrsatilgan koʻkrak nishonlari taqish;
  • okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug boʻyicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir boʻlish;
  • harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin tegishli uchastka saylov komissiyasini belgilangan tartibda xabardor qilish;
  • agar saylov uchastkasida saylovga oid qonunchilik va xalqaro normalar talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asoslar boʻlsa, oʻz kuzatuvlari toʻgʻrisida ushbu uchastka saylov komissiyasi aʼzolariga ularning ishiga aralashmagan holda maʼlum qilish, shuningdek yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish;
  • saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari haqida hamda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazilishi boʻyicha oʻz fikrini bayon qilish.

Xalqaro kuzatuvchilarning bu vakolatlari xalqaro standartlarga mos keladi.

Xorijiy kuzatuvchilarga berilgan bunday koʻplab erkinliklar, huquqlar orqali ular boʻlib oʻtayotgan  saylovlar  jarayonlariga obyektiv baho berish uchun maʼlumot toʻplaydi, saylov qonunchiligi va amaliyotini  oʻrganadi, saylov oʻtkazuvchi komissiyalari faoliyatiga baho beradi.

Shu bilan birga, xalqaro hujjatlarga koʻra, davlatning ichki ishi hisoblangan va tashqaridan har qanday noqonuniy aralashuvdan himoyalanish lozim boʻlgan ichki siyosiy jarayonlarga bilvosita yoki toʻgʻridan-toʻgʻri aralashish holatlarining oldini olish maqsadida, Markaziy saylov komissiyasining xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi Nizomida xalqaro kuzatuvchilarga oʻz vakolatlarini amalga oshirishda muayyan majburiyatlar/cheklovlar belgilanganki, ular ushbu cheklovlarga rioya qilishlari shart.

Xorijiy kuzatuvchilar quyidagilarga majburdirlar:

  • oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, jumladan Oʻzbekistonda boʻlish qoidalariga, saylovlarni  tashkil etish va oʻtkazish borasidagi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan norma va prinsiplariga amal qilish;
  • saylovlar ustidan xalqaro kuzatuvni amalga oshirish borasidagi oʻz vazifalarini xolislik, siyosiy betaraflik prinsiplariga amal qilgan holda bajarish, saylovlarni oʻtkazuvchi komissiyalar, davlat organlari, mansabdor shaxslar, saylovlar ishtirokchilariga nisbatan qanday boʻlmasin biron-bir tarzda afzallik bildirishdan voz kechish;
  • barcha darajadagi saylovlar oʻtkazuvchi komissiyalarga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga kirganida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan mandatni shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda koʻrsatish;
  • oʻz xulosalarini oʻtkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslash.

Xorijiy kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi:

ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish;

ovoz beruvchilarga taʼsir oʻtkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatish;

ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish;

saylovlar oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish chogʻida aralashish;

saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylovlar natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan referendum bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish.

Xorijiy kuzatuvchilarning saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarda ishtirok etishi Markaziy saylov komissiyasi bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Saylovlarni oʻtkazishning milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish

Oʻzbekistonda oʻrnatilgan xalqaro kuzatuv amaliyotiga muvofiq, saylov jarayonlari monitoringi natijalari boʻyicha eʼlon qilingan xulosalar va tavsiyalar eʼtibordan chetda qolmaydi hamda saylov va saylovni oʻtkazish amaliyoti milliy qonunchilik bazasini takomillashtirishni davom ettirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Missiyalari 1999-yildan buyon saylovlarni kuzatish uchun taklif etilayotgan YEXHT/DIIHB bilan faol hamkorlik misolida (parlament saylovlari: 2004, 2009, 2014, 2019-yillar; prezidentlik saylovlari: 2007, 2015, 2016, 2021-yillar, Konstitutsiya referendumi 2023-yil), Markaziy saylov komissiyasi tomonidan muvofiqlashtirilgan va saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, ekspert va mutaxassislar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va amaliyotchilarni jalb etgan holda parlament va Prezident saylovlarini kuzatish natijalari boʻyicha saylovni kuzatish missiyalarining yakuniy hisobotlari asosida saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston DIIHBning saylovlarni kuzatish boʻyicha qator tavsiyalarini bosqichma-bosqich amalga oshirdi. Bunga Saylov kodeksining qabul qilinishi, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilgani va bir qator boshqa kiritilgan yangiliklar yaqqol dalolat boʻla oladi.

Masalan, DIIHB Saylovlarni kuzatish missiyasining Oʻzbekiston boʻyicha Yakuniy hisobotlaridan birining xalqaro majburiyatlarga muvofiq huquqiy layoqatga asoslangan ovoz berish chegarasini qayta koʻrib chiqish boʻyicha tavsiyasini amalga oshirish.

Birinchi navbatda, 2021-yil iyul oyida mamlakatimiz tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasi (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilindi.

Keyingi qadam huquq layoqati cheklangan shaxslarning saylovlarda boshqalar bilan teng huquqliligini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash boʻldi.

Yangi tahriridagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (128-modda) sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi belgilangan. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Keyinchalik bu konstitutsiyaviy norma saylov qonunchiligida mustahkamlab qoʻyildi. 2023-yil 6-may kuni “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilindi, unga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonunning va Saylov kodeksining tegishli moddalari yangi tahrirda bayon qilindi. Muomalaga layoqatsiz shaxslar faqat sud qarori bilan saylov huquqidan mahrum etilishi mumkinligi belgilandi.

Ushbu norma shaxs oʻz huquqiy subyektivlikni tan olish huquqidan mahrum qilinishi yoki bu huquq cheklanishi mumkin boʻlgan holatlarni istisno qilishning konstitutsiyaviy kafolati boʻlib xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, xalqaro kuzatuvchilar faoliyatining xalqaro huquqiy asoslari avvalo xalqaro hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qoʻllanishi saylovlarga doir milliy qonunchilik doirasida amalga oshiriladi. Bunday amaliyot mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtiroki borasida xalqaro majburiyatlariga toʻla mosdir.

Shu nuqtayi nazardan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yilning 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan muddatidan ilgari  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga  tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarida xalqaro kuzatishni tashkil etish maqsadida,  xorijiy davlatlarning saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga taklifnomalar yuborilgani xalqimiz va mamlakatimiz hayotidagi ushbu gʻoyat muhim siyosiy tadbirni umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillar asosida, ochiq-oshkora va shaffof oʻtkazishga xizmat qiladi.

Gulnoza Rahimova,

Oʻzbekiston Respublikasi

                                                                  Markaziy saylov komissiyasining doimiy

asosda ishlovchi aʼzosi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net