Davlatimiz rahbarining farmoni bilan tadbirkorlikni qo?llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimi joriy etilmoqda

05.01.2023 10:17

/“Dunyo” AA/.  O‘zbekiston Prezidenti «Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Norma” huquqiy portali maʼlumotiga ko‘ra, ushbu hujjatga muvofiq, respublikaning barcha tuman (shahar)lari 5 ta toifaga taqsimlandi. Endilikda soliq imtiyozlari va subsidiyalar tuman (shahar)ning toifasidan kelib chiqib ajratiladi.

2023 yilning 1 yanvaridan 2026 yilning 1 yanvariga qadar soliq solishning quyidagi tabaqalashtirilgan tartibi joriy etildi:

-5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar (yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) quyidagilarni to‘laydilar:

-foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida;

-yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi;

-5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan YATTlar (yakka tartibdagi tadbirkor) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qatʼiy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi;

-4-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari (yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) uchun aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy soliq stavkasi 3 foiz etib belgilanmoqda.

-Jo‘qorgi Kenges va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga 4-toifadagi tumanlar bo‘yicha:

-yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha Soliq kodeksi bilan belgilangan eng kam qiymatlarga 0,3 gacha;

-YATT uchun qatʼiy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 0,5 gacha kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritish huquqi beriladi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 4 va 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyati yuritadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga  tijorat banklarining kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi. Bank kreditlarining 75 foiz, biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.

Qaror bilan aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan subsidiyaning oshirilgan miqdorlari tasdiqlangan.

Amal qilish muddati belgilanmagan subsidiyalar 2025 yil 1 yanvarga qadar joriy etilgan hisoblanadi.

Subsidiya olish uchun soxta hujjatlar taqdim etilganda, taqdim etilgan subsidiyalardan maqsadsiz foydalanilganda va ularni qo‘llash shartlariga rioya etilmaganda subsidiyalar penya bilan qaytarib olinadi.

4 va 5 toifalar uchun tadbirkorlik sohasida litsenziya va ruxsatnomalar olish uchun davlat boji ikki baravarga pasaytirildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net