ISROIL TELEKANALI O’ZBEKISTON HAQIDA HUJJATLI FILM NAMOYISH ETDI

07.01.2020 10:57

TEL-AVIV, 7 yanvar. /“Dunyo” AA/. Isroilning “i24NEWS” xalqaro telekanali O’zbekiston haqida maxsus reportaj namoyish etdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Film muallifi, “i24NEWS” telekanalining “Orient” (“Sharq”) loyihasi bosh muharriri Siril Amar “Ipak yo’lidagi turizm” (2019 yil 13-15 noyabr) 25-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida qatnashgan.

 

Fransuz tilidagi bir soatlik teleko’rsatuv Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlarining madaniyatlari xilma-xilligi mavzusini yoritadigan “Orient” maxsus loyihasi doirasida tayyorlangan. Muallifning so’zlariga ko’ra, yaqin kunlarda reportaj ingliz va arab tillarida ham efirga uzatiladi.

 

Ta'kidlash joizki, “Orient” - bu Yaqin Sharq, islom va arab dunyosiga bag’ishlangan haftalik dasturdir. Teleko’rsatuv tomoshabinlarni O’zbekistonning madaniy, tarixiy va sayyohlik salohiyati, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, islomiy qadriyatlarni targ’ib qilish yo’lida qilinayotgan sa'y-harakatlar, O’zbekiston-Isroil munosabatlarining tarixi va bugungi holati bilan tanishtiradi.

 

Muallif O’zbekistonning mustaqillik yillaridagi tarixi, mamlakatning so’nggi yillarda qo’lga kiritgan yutuqlari haqida hikoya qilgan. Bunda ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ijobiy o’zgarishlarga katta e'tibor qaratilgan. Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarining sayyohlik imkoniyatlari, ularning o’ziga xos jihatlari to’g’risida ma'lumotlar taqdim etilgan.

 

Siril Amar O’zbekiston shaharlarida faoliyat yuritayotgan yahudiy sinagogalari haqida ham so’z yuritgan.

 

Film, shuningdek, isroillik teletomoshabinlarga o’zbek xalqining mehmondo’stligi, gastronomik turizm imkoniyatlari, rivojlangan transport infratuzilmasi, sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, shuningdek, O’zbekistonning zamonaviy rivojlanishi haqida vizual tasavvurga ega bo’lish imkoniyatini beradi.

 

Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarida tasvirga olingan kadrlar tomoshabinni hayratga soladi. Muallif Toshkent metropoliteni haqida so’z yuritar ekan, uni “shaharning eng diqqatga sazovor joylaridan biri”, deb ataydi. Yil bo’yi mo’l-ko’l bo’ladigan shahar bozorlari haqidagi lavhalar ham hyech kimni befarq qoldirmaydi.

 

Filmda doira, rubob, g’ijjak, tanbur va boshqa milliy musiqa asboblari haqidagi hikoyaga ham alohida o’rin berilgan.

 

Isroilning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi E.Shapiro o’z intervyusida ikki davlat o’rtasida barcha sohalarda rivoj topayotgan munosabatlar, Isroil fuqarolari uchun viza tartibining bekor qilinishi natijasida O’zbekistonga sayohat qilayotgan isroilliklar safi kengayayotgani, shuningdek, hamkorlikning boshqa jihatlari haqida so’zlab bergan.

 

“i24NEWS” xalqaro telekanali 2013 yil tashkil etilgan. Ko’rsatuvlar efirga, jumladan, internet tarmog’iga fransuz, ingliz va arab tillarida uzatiladi. Ijodiy jamoa siyosat, iqtisodiyot, texnologiyalar, madaniyat va sport sohalariga oid materiallar tayyorlaydi. Telekanalning Isroilda bosh qarorgohi hamda Fransiya va AQShda mintaqaviy vakolatxonalari faoliyat yuritadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net