O?ZBEKISTONLIK QORILAR MALAYZIYADA TAROBIX NAMOZLARI O?QIDI

29.05.2019 10:53

Malayziyaning Perlis shtatida joylashgan Kangar shahri masjidlarida o‘zbekistonlik qorilar tomonidan tarobix namozlari o‘qildi. 

 Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida O‘zbekistonning Malayziyadagi ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi va Perlis shtati muftiysi Mohd Asri Bin Zaynul Obiddin ko‘magida tashkil etildi.

 

Qorilar A’zamjon Dadamirzayev va Shamsiddin Jalilov Kangar shahrining «Alvi», «Putra» va «al-Husayn» masjidlarida Qur’on suralarini yoddan o‘qidi. O‘z navbatida, mamlakatimizning Malayziyadagi ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi qorilarning har bir chiqishlari oldidan O‘zbekistonning boy tarixiy, madaniy va ma’naviy merosiga oid taqdimotlar o‘tkazdi.

Har kuni Perlis shtatining 1,5 mingdan ortiq dindori o‘zbekistonlik qorilar tomonidan o‘qilgan tarobix namozida qatnashishdi. Namozxonlarning ta’kidlashicha, mehmonlar tomonidan Qur’on suralarining o‘qilishi Malayziyadagi diniy maktablar vakillarinikidan o‘zining mayin va sokinligi bilan farq qiladi. Bu esa muqaddas Ramazon oyida o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi.

O‘zbekistonlik qorilar tashrif doirasida Perlis shtatining muftiysi Mohd Asri Bin Zaynul Obiddin, mazkur shtat shahzodasi Sayyod Fayzuddin Putra hamda ushbu mintaqa Islom kengashi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Perlis shtati muftiysi mazkur tadbir O‘zbekiston ziyorat turizmini malayziyaliklar orasida yanada ommalashishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning e’tirof etishicha, O‘zbekiston islom tamadduni beshigi hisoblanadi va dunyodagi har bir musulmon mamlakatimizga hayotida hech bo‘lmaganda bir marotaba kelishi lozim. O‘zbekistondagi qator ziyoratgohlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk olimu ulamolarning dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi mamlakatni nafaqat Sharq, balki butun dunyo xazinasiga aylantirgan.

Uchrashuvlarda bu kabi tadbirlarni Perlis shtati ma’muriyati bilan hamkorlikda Malayziyaning boshqa shtatlarida ham tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan ko‘zlangan maqsad malayziyaliklarni o‘zbek xalqining boy tarixi va qadriyatlari, madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net