OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH BOʻYICHA KOMPLEKS CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA

08.12.2018 12:10

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida muayyan natijalarga erishildi. 

Oʻtgan davrda qishloq vrachlik punktlari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalarini tashkil etish orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish tizimi takomillashtirildi hamda aholining ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratildi, fuqarolarga, jumladan, joylarda yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam koʻrsatuvchi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmogʻi takomillashtirilmoqda. 

Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha qator maqsadli milliy dasturlar amalga oshirildi. Bolalarning irsiy va tugʻma kasalliklar bilan tugʻilishining oldini olish maqsadida respublika va hududiy skrining markazlari tashkil etildi. 

Natijada 1991-2017 yillarda umumiy oʻlim koʻrsatkichi 20 foizga, onalar va chaqaloqlar oʻlimi 3,1 barobar kamaydi. Oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1995 yilga nisbatan 4,6 yilga oshdi va bugungi kunda 73,7 yilni tashkil etmoqda. 

Shu bilan birga, sogʻliqni saqlash sohasi faoliyatini tashkil etishda soʻnggi yillarda toʻplanib qolgan tizimli kamchilik va muammolar fuqarolarning sogʻligʻini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni samarali hal etishga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan: 

birinchidan, sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish va rejalashtirish boʻyicha konsepsiya hamda strategik maqsadlarning mavjud emasligi oqibatida ushbu sohadagi islohotlar toʻliq boʻlmagan shaklda amalga oshirilmoqda, bu esa aholining tibbiy yordam sifatiga doir istak va talablariga javob bermayapti; 

ikkinchidan, sogʻliqni saqlash sohasidagi smetali moliyalashtirish tizimi eskirgan, zamonaviy xalqaro amaliyotga mos kelmaydigan mexanizmlarga asoslangan boʻlib, moliya resurslarining samarasiz ishlatilishiga va sohaning surunkali tarzda moliyalashtirilmay qolishiga olib kelmoqda; 

uchinchidan, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, patronaj va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha ishlar samaradorligining pastligi fuqarolarning ixtisoslashgan tibbiy yordam soʻrab murojaat qilishining koʻpayishiga sabab boʻlmoqda; 

toʻrtinchidan, aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning turli darajalari va bosqichlari, shu jumladan, davolash va salomatlikni tiklash jarayonida uzviylik sust rivojlangan; 

beshinchidan, amaldagi kadrlar siyosati tibbiy yordam koʻrsatishning barcha darajalarida, ayniqsa, birlamchi boʻgʻinda mutaxassislar bilan taʼminlashning, shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotchilari va boshqaruv xodimlarini tayyorlashning istiqbollarini prognozlashtirish imkonini bermayapti; 

oltinchidan, tibbiy amaliyotning taʼlim va ilm-fan bilan integratsiyasi sustligi ixtisoslashtirilgan markazlarning innovatsion salohiyati pastligi bilan birgalikda zamonaviy tibbiyot yutuqlarini davolash-tashxis jarayoniga joriy etishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda; 

yettinchidan, elektron sogʻliqni saqlash sohasida yagona standartlar mavjud emas, tibbiy xizmatning integratsiyasini va samarali boshqarilishini taʼminlaydigan zamonaviy dasturiy mahsulotlar joriy etilmagan, mavjud axborot tizimlari va texnologiyalari tarqoq tusga ega va tor yoʻnalishlarga moʻljallangan. 

Aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini tubdan oshirishni taʼminlaydigan sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirishning konseptual jihatdan yangi modellarini shakllantirish, tibbiyot fani va texnologiyalarining zamonaviy yutuqlarini joriy etish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq: 

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishning eng muhim yoʻnalishlari deb hisoblansin: 

sogʻliqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni uni unifikatsiyalash hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining masʼuliyati va himoyalanganligini kuchaytirishga qaratilgan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiluvchi qonunlarni qabul qilish orqali takomillashtirish

jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etishni taʼminlaydigan zamonaviy boshqaruv tizimini va hududlarda sogʻliqni saqlashni tashkil etishning “klaster” modelini shakllantirish, tibbiyot va farmatsevtika muassasalarini akkreditatsiya qilish, shifokorlik va farmatsevtik faoliyatni litsenziyalash tizimini joriy etish; 

tibbiyot sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari boʻyicha “har bir davolangan holat” uchun toʻlash tizimini hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, majburiy tibbiy sugʻurtani bosqichma-bosqich joriy etish; 

tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, shuningdek, tibbiy standartlashtirish tizimini shakllantirish, tashxis qoʻyish va davolashning yuqori texnologik usullarini joriy etish, patronaj xizmati va dispanserizatsiyaning samarali modellarini yaratish orqali sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va kasalliklarni profilaktika qilish; 

tibbiy genetikani, ayollar va bolalarga shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish asosida, zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish, “Ona va bola” hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot majmualari va maʼlumotlar tizimlarini shakllantirish asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish; 

xususiy sogʻliqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish 
va raqobat muhitini yaxshilash; 

farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish, narx shakllanishi mexanizmlarini takomillashtirish, dori vositalari, tibbiy texnika va buyumlar ishlab chiqarish hajmi va turlarini kengaytirish; 

tibbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, tibbiyot fanini rivojlantirish, shu jumladan, tibbiyot ilmiy va taʼlim muassasalarini xalqaro standartlar boʻyicha sertifikatlashtirish (akkreditatsiyadan oʻtkazish) zamonaviy taʼlim dasturlari, usul va texnologiyalarini joriy etish asosida; 

“elektron sogʻliqni saqlash” tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasi majmuasini yaratish. 

2. Quyidagilar: 

2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq; 

2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Belgilab qoʻyilsinki, vazirlik va idoralar rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar boʻladilar. 

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin:

2019-yil 1-apreldan boshlab respublikaning 3-ilovaga muvofiq ayrim tumanlarida tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik-xarajat guruhlari boʻyicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimini (keyingi oʻrinlarda – moliyalashtirishning yangi mexanizmlari) eksperiment tartibida joriy etish; 

eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini 2020-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etish; 

2019-yil 1-iyuldan boshlab viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sogʻliqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimini joriy etish, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pullik asosda amalga oshiriladi; 

2019-yil 1-iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalarini ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari (keyingi oʻrinlarda – investitsiya loyihalari) asosida belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga berish; 

2021-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida majburiy tibbiy sugʻurtalashni bosqichma-bosqich joriy etish. 

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik): 

a) Moliya vazirligi, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar quyidagilarni nazarda tutadigan “Majburiy tibbiy sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin: 

majburiy tibbiy sugʻurtalashning huquqiy asoslari, mexanizmlari 
va joriy etish bosqichlari; 

majburiy tibbiy sugʻurtalash subyektlarini, ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish boʻyicha vakolatli organni, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash; 

majburiy tibbiy sugʻurtalash dasturlarini moliyalashtirish mablagʻlarini shakllantirish manbalari;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonni amalga oshirishda texnik koʻmakni taʼminlash, shu jumladan, majburiy tibbiy sugʻurtalashni joriy etish boʻyicha tadbirlarni texnik-iqtisodiy asoslashni amalga oshirish uchun Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni tashkil etish choralarini koʻrsin. 

5. Sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda – Ishchi komissiya) tashkil etilsin va uning tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Ishchi komissiyaning asosiy vazifalari etib Konsepsiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda sifatli ishlab chiqish va kiritish hamda amaliy choralar koʻrilishini tashkil qilish belgilansin. 

Ishchi komissiya (A.A.Abduhakimov): 

bir hafta muddatda vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarining mutaxassislarini, fuqarolik jamiyati institutlari, yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalari va xalqaro tashkilotlarning vakillarini jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini tayyorlash boʻyicha ekspert guruhlarini tuzsin, ularning samarali faoliyatini tashkil etsin; 

Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining qonunchilikni, huquqni qoʻllash amaliyoti va ilgʻor xorijiy tajribani tanqidiy tahlil qilish asosida tayyorlanishini taʼminlasin; 

normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari izchil va sifatli tayyorlanishi, oʻz vaqtida belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi va kiritilishi, shuningdek, Dasturda nazarda tutilgan boshqa tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirsin; 

2019-yil 1-aprelga qadar muddatda ayrim davolash-profilaktika muassasalarini belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga berish boʻyicha investitsiya loyihalarini tayyorlasin hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining Investitsiya portalida joylashtirilishini taʼminlasin; 

sogʻliqni saqlash sohasidagi eng namunali davlat-xususiy sheriklik amaliyotlarining monitoringini va keng tatbiq etilishini taʼminlasin. 

6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil etilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin: 

keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish; 

nogironlikni belgilashning keng qamrovli yagona tizimini yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish; 

tibbiy-ijtimoiy muassasalarning keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish; 

muhtoj shaxslarni protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish; 

tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirish. 

7. Belgilab qoʻyilsinki: 

Agentlik mustaqil yuridik shaxs boʻlib, oʻz balansi, bank muassasalarida hisobvaraqlari, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan muhriga ega boʻladi; 

Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi; 

Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan bir nafar oʻrinbosarga ega boʻladi; 

Agentlik direktori oʻz maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati shart-sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosariga tenglashtiriladi; 

Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

8. “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylari, Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun respublika ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari, Odam savdosi qurbonlariga yordam koʻrsatish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi belgilangan tartibda Vazirlik tarkibidan Agentlik tasarrufiga oʻtkazilsin. 

9. Vazirlik ikki oy muddatda Agentlik tuzilmasi va uning nizomini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin. 

Belgilansinki, Agentlik faoliyatini tashkil etish davlat sogʻliqni saqlash tizimi organlari va tashkilotlarining shtat sonini optimallashtirish hisobidan “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi. 

10. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda: 

a) bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori loyihasini; 

b) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining quyidagilarni nazarda tutadigantibbiy taʼlim va tibbiyot fani tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha qarori loyihasini: 

oʻrta va oliy tibbiy taʼlim tizimini isloh qilish, oʻquv rejalari, dasturlari, oʻquv-uslubiy materiallari va nazariy mashgʻulotlarni yanada optimallashtirish va amaliy mashgʻulotlarni koʻpaytirish nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqish, shuningdek, ularni tibbiyot fani va amaliyotining umumjahon yutuqlariga muvofiqlashtirish; 

ilgʻor ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni amaliy sogʻliqni saqlashga integratsiya qilishda tibbiy oliy taʼlim muassasalari klinikalarining rolini kuchaytirish; 

tor mutaxassisliklar boʻyicha tibbiy kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish, magistratura va klinik ordinaturada oʻqitish muddatlarini klinik koʻnikmalarni egallash murakkabligidan kelib chiqqan holda maqbullashtirish; 

oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini, sogʻliqni saqlash mutaxassislarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini qayta koʻrib chiqish, muammolarga yoʻnaltirilgan modulli oʻquv dasturlarini joriy etish, masofadan oʻqitish mexanizmlarini keng qoʻllash; 

boshqaruv va oʻquv jarayoniga yuqori malakali va malakali xorijiy mutaxassislar, olimlar va oʻqituvchilarni keng jalb etish; 

v) ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri, 2018-yil 7-dekabr 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net