O?ZBEKISTON NOZ-NE’MATLARI GUANCHJOU XALQARO MEVALAR KO?RGAZMASIDA NAMOYISH ETILDI

02.07.2019 18:00

Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahrida joylashgan Xitoy import-eksport ko‘rgazmalar majmuida “Fruit Expo 2019” Xalqaro mevalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Chili, Peru, Ekvador, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Tailand, Malayziya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan, jumladan, O‘zbekistondan keltirilgan turli noz-ne’matlar o‘n ikki ming kvadrat metr sahndan iborat mazkur majmua peshtaxtalaridan joy oldi.

 Ma’lumki, Xitoyda ulkan iste’mol bozori mavjud. Mamlakatning o‘zida juda ko‘p va turli-tuman mevalar yetishtirilishiga qaramasdan, xorijdan import qilinadigan meva-chevalarga bo‘lgan ehtiyoj juda kattadir.

 Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri hisoblanadi. Har tomonlama strategik sherik mamlakatlar bo‘lgan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmlari tobora oshib bormoqda.

 Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil aprel oyida “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etish uchun Xitoyga buyurgan amaliy tashrifi chog‘ida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘lamlarini yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilingani barobarida o‘zaro savdo hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish yuzasidan mushtarak manfaatdorlik bildirilgan edi. O‘z-o‘zidan ayonki, oliy darajadagi bunday tashabbuslar mamlakatimiz tadbirkorlariga eksportni yanada rivojlantirishlari uchun katta turtki bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq respublikasidagi elchixonasining amaliy ko‘magi bilan yurtimizda faoliyat ko‘rsatadigan “New Way Caravan Gardens” eksport kompaniyasi mazkur ko‘rgazmada ilk marotaba ishtirok etdi.

 Mazkur kompaniya Guanchjou import-eksport ko‘rgazmasida o‘lkamiz zaminida yetishtirilgan gilos, qovun, uzum va turli xil quruq mevalarni namoyish etdi. Muhim jihati shundaki, hozirgi davrga kelib Xitoy bozorida bunday mahsulotlarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotir.

 Hech kimga sir emas: serquyosh o‘zbek zaminida yetishtirilgan mevalar o‘zining tabiiyligi va betakror mazasi bilan butun dunyoga dong taratgan. Shu boisdan ham ko‘rgazma davomida O‘zbekiston bo‘lmasi xaridorlar bilan juda gavjum, ikki tomonlama muzokaralar va savol-javoblarga boy bo‘ldi.

 Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan “Jahon meva sanoati» forumida “New Way Caravan Gardens” kompaniyasi asoschisi Jamshid Abdullayev tomonidan “O‘zbekiston va Xitoy: Buyuk Ipak yo‘lida” mavzusiga bag‘ishlangan taqdimot ham bo‘lib o‘tdi. Unda bugungi kunlarda O‘zbekiston sarxil mevalaridan dunyoning 80 mamlakati aholisi bahramand bo‘layotgani ma’lum qilindi.

 

 

“Dunyo” AA,

Pekin

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net