UMID REUNION 2.020 «UMID» JAMG?ARMASI BITIRUVCHILARINI BIRLASHTIRDI

03.01.2020 09:40

TOSHKENT, 3 yanvar. /«Dunyo» AA/. Poytaxtimizda «Umid» jamg‘armasi bitiruvchilarining «Umid Reunion 2.020» birinchi xalqaro anjumani o‘tkazildi. Mazkur anjuman dasturning 300 nafardan ziyod ishtirokchisini birlashtirdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

 

«Yangilanayotgan O‘zbekistonga – yangi avlod kadrlari» shiori ostida o‘tkazilgan bitiruvchilarning keng ko‘lamli uchrashuvidan ko‘zlangan asosiy maqsad – muntazam o‘zaro fikr almashishni yo‘lga qo‘yish hamda ko‘proq “umid”chilarni isloh qilinayotgan yangi O‘zbekistonni yanada takomillashtirish jarayoniga jalb qilishdan iborat bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan anjuman doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlariga xorijiy investitsiyalar, ilg‘or innovatsion yechimlar va texnologiyalarni jalb qilish masalalari yuzasidan bahs-munozaralar o‘tkazildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Kudbiyev jamg‘arma bitiruvchilarining respublikada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardagi rolini alohida ta’kidladi.

 

– O‘zbekistonda tub islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun yuqori malakali mutaxassislar kerak. “Umid” o‘z vaqtida yuzlab istiqbolli va iqtidorli yigit-qizlarga katta hayotga yo‘llanma berdi va bugungi kunda davlat ularga eng yuqori darajadagi ekspertlar salohiyatini namoyon etish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etishga tayyor”, - dedi u.

 

Adliya vaziri, “Umid” jamg‘armasi stipendiyasi sohibi Ruslan Davletov o‘z navbatida mamlakatimizda davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish omillariga to‘xtaldi.

 

U, shuningdek, davlat xizmatiga professional, mohir va vatanparvar kadrlarni, shu jumladan chet elda yashayotgan vatandoshlar va “umid”chilarni jalb qilish uchun munosib sharoitlarni yaratish tadbirning muhim qismi ekaniga ham e’tibor qaratdi.

 

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov nafaqat “Umid” bitiruvchilarining o‘sish istiqbollariga, balki ta’lim tizimida mavjud bo‘lgan bo‘sh o‘rinlarga, xususan, vazir o‘rinbosari va boshqa yuqori lavozimdagi vakansiyalarga alohida to‘xtaldi.

 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan yil sentyabr oyida tashkil etilgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi “Umid” jamg‘armasining vorisi hisoblanadi. “Umid” jamg‘armasi 1997 yildan 2003 yilgacha 828 nafar iqtidorli yoshlarning AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda ta’lim olishini moliyalashtirdi.

 

«El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiya dasturlari chegaralarini va ularning maqsadli yo‘nalishlarini sezilarli darajada kengaytirdi. 2018 yil jamg‘armaning to‘rtta ta’lim dasturi bo‘yicha 375 kishi xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborildi. 2019 yil stipendiya oluvchilar soni 605 nafarni tashkil etdi va 2020 yil Jamg‘arma dasturlari 1000 kishini qamrab oladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakili, professor Shohista Maqsudova “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilarining kelajakda mamlakatni isloh qilishdagi hissalariga umid bildirdi.

 

– Bir vaqtlar men “umid”chilar bilan birga imtihon topshirish sharafiga muyassar bo‘lgan edim. Ular chet elda ta’lim olib, O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shdi. Shu bois, mazkur anjuman xalqaro tajribaga ega bo‘lgan bitiruvchilarni birlashtirgani mamlakatimiz kelajagini rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyatdir, - deb ta’kidladi u.

Umid Reunion 2.020 qatnashchilari "Umid" jamg‘armasi stipendiyasi sohiblari O‘zbekistonda mehnat faoliyatini davom ettirishdan, shuningdek mamlakatda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor mutaxassislar klubini yaratishiga ishonch bildirdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net