Chilonzordan boshlangan xayrli tashabbus mamlakat bo?ylab keng quloch yozmoqda

15.10.2023 17:52

Prezident tashrifidan so‘ng...

Buguni zamonda bir shaharning serdaraxtligi uning boshqasiga nisbatan ustunligini belgilayapti. Chunki daraxtga burkangan hududda ifloslangan havo, chang-to‘zon kam kuzatiladi. Bunday joylarning yozi yaydoq hududlarga nisbatan sakkiz darajagacha salqinroq bo‘ladi.  

Bir tup katta daraxt tuproqda yiliga minglab litr suvni saqlaydi. Bu o‘sha yerning unumdorligida asosiy omil sanaladi. Keltirilayotgan ma’lumotlarni undan-bundan topib yozmayapmiz, ularni oqtepalik nuroniylar suhbatidan “ilib” oldik.

Davlatimiz rahbari 14 oktyabr kuni Chilonzor tumaniga tashrifi chog‘ida Oqtepa mahallasida jamoatchilik bilan birga ko‘chat ekdi. Shu bilan yana bir xayrli tashabbus – “Yashil makon” loyihasi doirasidagi kuzgi daraxt ekish mavsumi boshlab berildi.  

– Mahalla ahli bu tashabbusni ko‘tarinki ruhda qabul qildi, – deydi Chilonzor tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Nabiyev. – Oqtepa va Bog‘zor mahallalari hududida ko‘chat ekish bo‘yicha katta hashar tashkil etilmoqda. Shuni alohida ta’kidlashimiz kerak, bu bir-ikki kunlik jarayon emas. Loyiha doirasida 800 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazamiz. Aholi vakillari ham shaxsiy tashabbus bilan chiqib, uylarining atroflariga ko‘chat ekish ishlarini boshlab yubordi. Bu xayrli tashabbus boshqa hududlar bo‘ylab ham keng quloch yozmoqda.

Mahalla hududi olti yarim gektar bo‘lib, u yerda 27 ta ko‘p qavatli uy  mavjud. To‘rt yarim ming nafardan ortiq aholi 1 ming 610 ta xonadonda istiqomat qiladi.

– Barcha ko‘p qavatli uylarimiz, bitta maktabgacha ta’lim tashkiloti va umumta’lim maktabi ta’mirlandi, – deydi mahalla raisi Cho‘lponoy Yo‘ldosheva. – Barcha qulayliklari mavjud o‘ndan ortiq bolalar maydonchasi qurildi. Elektr ta’minoti yaxshilandi. Transformator punkti, elektr uzatish tarmog‘i mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqildi. Eng muhimi, mahallamiz hududida bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan kogeneratsion qurilmalar ishga tushirildi. Kuz-qish mavsumida muammo bo‘lmaydi. Aholining kayfiyati a’lo darajada. Ko‘chat ekish tadbirlari bayramga aylanib ketyapti. Katta ish oldidan doshqozonda osh damlab, dasturxon yozdik.  

Mahalla faollarining ta’kidlashicha, kelgusida har bir xonadon bittadan ko‘chat ekishni rejalashtirmoqda. Bu mahalla hududida yana bir yarim ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘karadi degani.

– Chilonzor tumanidagi ellik beshta mahalla, korxona va tashkilotlar, ijtimoiy soha ob’ektlarida “Yashil makon” loyihasi doirasida qilinadigan ishlarning rejalari tuzildi, – deydi Chilonzor tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Mirzohid Abduqodirov. – Bu jarayonda har bir ekilgan ko‘chatning qurib qolmasligiga e’tibor qaratilyapti. Hozirdan uning sug‘orish, parvarish qilish tizimlari ko‘rib chiqilyapti. Daraxt ekish, borlarini asrash o‘zimiz uchun muhimligini aholi yaxshi tushunyapti. Bu umummilliy harakatga aylanayotgani quvonarli. Loyiha doirasida tuman bo‘yicha o‘ttiz ming tupdan ortiq daraxt ekiladi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ko‘chat ekish, yashil hududlarni ko‘paytirish katta harakatga aylanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mavsumda sakson besh million tup ko‘chat o‘tqaziladi. Bugundan – 15 oktyabrdan mamlakatimiz bo‘ylab tuman markazlari, mahallalarda ko‘chat yarmarkasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ikrom Avvalboyev, Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net