“CHET DAVLATDA OVORAI-SARSON BO?LIB, VATANIMIZNING QADRIGA YETDIK...”

17.04.2019 16:08

Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlashga, shuningdek, yoshlarni terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan samarali himoya qilishga qaratilgan jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada qilmishiga pushaymon bo‘lgan hamda tinch turmush tarziga qaytgan fuqarolar terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar faoliyatida ishtirok etishga moyil bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilib, ularni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, Qo‘qon shahrida 1974 yili tug‘ilgan Kibriyo Yo‘ldoshevaning turmush o‘rtog‘i Murodjon Yo‘ldoshev 2005 yilning may oyida sodir bo‘lgan “Andijon voqealari”dan so‘ng Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahriga chiqib ketgandi.

“2007 yili chetga chiqib ketgan fuqarolarimiz, agar chin dildan pushaymon bo‘lib, kechirim xati yozsa, O‘zbekistonga qaytishi mumkin, degan xabar tarqaldi, – deya hikoyasini boshladi K.Yo‘ldosheva. – Qaynog‘am barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, turmush o‘rtog‘imni olib kelaman deb Krasonoyarsk tomon yo‘l oldi. Afsuski, qidiruvda bo‘lgani sababli turmush o‘rtog‘im Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ozodlikdan mahrum qilinib, uch yil turmada bo‘ldi. 2010 yili u ozodlikka chiqqach, qaynonam va qayni og‘amning tashabbusi bilan men va to‘rtta farzandim Krasnoyarsk shahriga keldik. Ikki yildan so‘ng, qaynonam, qisqa vaqtdan keyin esa qayni akam olamdan o‘tdi. Bu yerda tarqalgan turli mish-mishlar tufayli O‘zbekistonga qaytishdan qo‘rqib, Rossiyada to‘qqiz yil qolib ketdik. Bu muddat mobaynida yana bir farzand ko‘rdik, katta qizim yigirmadan oshdi.

Oilaviy mojarolar va kelishmovchiliklar tufayli turmush o‘rtog‘im “o‘z kuningni o‘zing ko‘r”, deb bizni tashlab, uydan chiqib ketdi. O‘tgan yillar mobaynida farzandlarim deyarli har kuni O‘zbekistonimizga qaytaylik, deb menga iltimos qilardi. Qo‘rquv sababli Rossiyada qolaverdik, ichimda esa Vatanimga juda katta sog‘inch hissi hukm surar edi. Televizorda O‘zbekiston haqida kuy-qo‘shiqlarni eshitganimizda oilaviy ko‘z yosh to‘kdik. Yana Vatanga qaytish nasib qilarmikin, o‘ligimiz sovuq o‘lkalarda xor bo‘lmasmikin, deb zor-zor yig‘lar edik”.

Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 sentyabrdagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5542-son Farmoni uning hayotida katta burilish yasagan voqea bo‘ldi.

Biz Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan hujjat bilan katta qiziqish va hayajon ila tanishib chiqdik. Bugungi kunda respublikamizda katta o‘zgarishlar, shu jumladan, diniy sohada ham ulkan jarayonlar kechayotganiga guvoh bo‘ldik. Ilk marotaba Qur’on musobaqasining o‘tkazilishining o‘zi naqadar katta voqea bo‘ldi. Yurtboshimizning qarorlari va so‘zlari yuragimga kuch va dalda berib, qo‘rqmasdan farzandlarim bilan Vatanimizga qaytishga ahd qildik.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi Elchixonasi Konsullik bo‘limiga murojaat qildim. Aniqlanishicha, men va farzandlarim O‘zbekiston hududida xech qanday qidiruvda emas ekanmiz. Ya’ni, shuncha payt begona yurtda adashib, qiynalib yurgan ekanmiz.

Shu o‘rinda O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi Konsullik bo‘limi xodimlariga ham alohida minnatdorchilik izhor etishni istar edim. Ular menga O‘zbekistonga qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda hech qanday ortiqcha ovoragarchiliklarsiz astoyidil yordam berishdi.

Uzoq yil xorijda yashab shuni ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekistondek o‘lka yo‘q bu dunyoda. Oddiygina misol: Elchixonamiz Konsullik bo‘limida odamlar navbatda turganiga qaramay, farzandlarim bilan kelganimni ko‘rib, xodimlar ham, navbatda turganlar ham meni navbatsiz o‘tkazib yuborishdi. Shuncha yil Rossiyada yashab, biron marta bizga farzanding bor, sen oldinga o‘t deyishmadi. Aksincha, bizni doim kamsitib, chetga surishar edi. Chet davlatda ovorai-sarson bo‘lib, Vatanimizning qadriga yetdik...

To‘qqiz yil deganda yurtimizga qaytmoqdaman. Bu vaqt ichida qaynonam olamdan o‘tdi, mening diydorimni ko‘ra olmay onaginam o‘lim to‘shagida yotibdi. Bizning holatimizni tushunib, Vatanga qaytishga imkoniyat bergan Yurtboshimizga chin dildan minnatdorchilik bildiraman”.

Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolib, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan yurtdoshlarimizni Vataniga, o‘z oilasi bag‘riga, tinch hayotga qaytishga chorlaymiz. O‘z qilmishingizni anglab yetib, chin dildan pushaymon bo‘lsangiz, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi Konsullik bo‘limiga murojaat qiling.

Murojaat uchun telefonlar: +8 499 230 13 01, +8 499 238 36 20

Elektron manzil: uzkorus@mail.ru

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net