Buyuk o?zbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanadi

27.01.2023 12:39

/“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining «Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjatda qayd etilganidek, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda maʼlum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.

Xususan, mustaqillik davrida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, shoir tug‘ilgan kun – 14 fevral sanasi har yili mamlakatimiz bo‘ylab adabiyot va ilm-maʼrifat bayrami sifatida nishonlanmoqda.

Davlatimiz rahbari qarorida joriy yilda  Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash  vazifalari belgilandi. Unga ko‘ra, buyuk ajdodimiz tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni tashki etish va o‘tkazishi bo‘yicha tashkiliy qo‘mita  tuziladi va uning tarkibi tasdiqlanadi.

Tashkiliy qo‘mita bir hafta muddatda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini nishonlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlashi rejalashtirilgan. 

Ushbu dasturdan mamlakatimizdagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan bog‘liq obida va qadamjolarni, jumladan, yodgorlik majmualarini taʼmirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, Bobur Mirzo merosiga mansub qo‘lyozma, qadimiy kitoblar, sanʼat asarlari va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli darajada saqlash uchun zarur sharoit yaratish,  xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, ilmiy-ijodiy merosi hamda u yashagan davrga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish hamda tadqiq qilishni davom ettirish vazifalari o‘rin oladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, O‘zbek milliy madaniy markazlari, vatandoshlar jamiyatlarida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini keng o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etishi nazarda tutilmoqda.

Qarorga binoan, Andijon shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya,  Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman, Toshkent shahrida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy anjuman tashkil etiladi.

Shuningdek, Andijon shahridagi «Bobur va jahon madaniyati» kitob muzeyida Boburning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning qo‘lyozma va nashr nusxalarining ko‘rgazmasi, tasviriy sanʼat asarlari, miniatyuralar, xalq amaliy sanʼati namunalari ko‘rgazmalarini tashkil etish  belgilanmoqda. 

Hujjatga muvofiq, Zahiriddin Muhammad Boburning ibratli hayoti va boy merosini aholi orasida keng targ‘ib qilish maqsadida  «Bobur merosi» xalqaro sayyohlik targ‘ibot dasturini amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2023 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va asarlari asosida yangi spektakllar yaratish, shoir g‘azallari bilan ijro etiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar tanlovlari hamda «Nazm va navo» maqom kechalarini tashkil etish, Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik davriga bag‘ishlab suratga olinayotgan «Yo‘lbarsning tug‘ilishi» badiiy filmini yakuniga yetkazish, Bobur Mirzo haqidagi spektakl va ko‘p qismli multiplikatsion filmni yaratish chora-tadbirlari belgilandi.

Davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, o‘zbek, rus va ingliz tillarida Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga doir «Bobur ensiklopediyasi»ning to‘ldirilgan uchinchi nashri yaratiladi.  “Bobur” kitob-albomi, shuningdek, Bobur asarlari lug‘ati, Bobur devonining mukammal nashri chop etiladi. “Boburnoma” asarining zamonaviy o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tabdili yaratiladi. Shuningdek, «Boburga armug‘on» rukni ostida shoir asarlari, uning hayoti va ijodi haqidagi ilmiy va ommabop kitoblar turkumini tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.

  Hujjatda  2023/2024 o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun tarix va geografiya yo‘nalishlarida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etish vazifalari ham belgilangan.   

O‘quvchilar o‘rtasida «Bobur va yoshlar» maxsus dasturi amalga oshiriladi. Uning doirasida umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida «Bobur asarlarining bilimdonlari» tanlovi va «Boburni anglash» mavzusida insholar tanlovini o‘tkaziladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net