«Buyuk ipak yo?li» xalqaro turizm markazi tariximizni dunyoga tanitadi

29.08.2022 11:56

Ma’lumki, Samarqand shahri jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘ringa ega bo‘lgan shahar hisoblanadi. Shuningdek, aynan ushbu shahar tariximizdagi ikkala Renessans davrining yuzaga kelishi va rivojlanib, dunyo ilm-fani rivojiga hissa qo‘shishishda muhim rol o‘ynagan.

Yaqinda Samarqandning yangi qiyofasini belgilab beradigan yana bir muhtasham majmua – «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hech shubhasiz aytish mumkinki, ushbu majmua Yangi O‘zbekistonda barpo etilayotgan uchinchi Renessans poydevorida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘ladi.

Qariyb to‘rt yil mobaynida 212 gektar maydonda qad rostlagan ulkan majmua mamlakatimizning malakali quruvchilari hamda Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirokida qurib bitkazildi. Bu yerda 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, «Boqiy shahar» majmuasi, amfiteatr va mamlakatimizning buyuk tarixini aks ettiruvchi ko‘plab boshqa inshootlar qad rostlagan.

Majmua nafaqat qurilishi, shu bilan birga, «Buyuk ipak yo‘li» deb nomlanishi bilan ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Sababi, qadimdan Samarqand shahri Buyuk ipak yo‘li orqali savdo qiluvchi savdogarlar karvonlari to‘xtab dam oladigan, dunyo sivilizatsiyasi to‘qnashgan karvonsaroylarga ega shahar bo‘lgan. Shu bois, bu yerda o‘sha davrga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. Masalan, «Boqiy shahar» majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.

Shuningdek, tashrif buyuruvchi sayyohlar o‘zlarini to‘laqonli tarix manzillarida his qilishlari uchun qadimiy bozor, mamlakatimizning barcha hududlariga xos 40 ta hunarmandlik ustaxonasi tashkil etilgan. Unda ustalar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam to‘qish kabi jarayonlarini sayyohlarga namoyish etadi. Bu esa nafaqat mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlarni boy ma’naviy tariximiz bilan tanishtirish, balki ularning xaridlari orqali dunyo bo‘ylab tariximizni tarannum etishi imkonini yaratib beradi.

Bu Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda sayyohlik industriyasini rivojlantirish borasida belgilangan ulkan maqsadlarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Xususan, yangi turizm markazi kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 1,5 milliondan oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazish maqsad qilingan. Bu kabi yaratilgan imkoniyatlar esa, nafaqat turistlar sonini oshirish, shu bilan birga, Turizm, transport, axborot-kommunikatsiya, jumladan, dasturiy ta’minotlar va boshqa xizmatlar eksportini 1,7 baravarga oshirish yoki 4,3 milliard AQSH dollariga yetkazish hamda 500 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Majumaning ochilish marosimida «Boqiy shahar» majmuasi hovlisidagi amfiteatrda tashkil etilgan bayram shukuhi minglab yurtdoshlarimiz bilan birgalikda xorijlik diplomatik korpus vakillari hamda sayyohlarni ham o‘ziga rom etdi.

Xulosa qilib aytganda, Samarqand zaminida bunyod etilgan «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazi 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi, kelgusi yilda esa, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yig‘ilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi kabi nufuzli xalqaro tadbirlarda mamlakatimiz boy tarixi va bunyodkorlik salohiyatini yana bir bor namoyon etish imkonini beradi.

Muzafara Abdiyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net