Buxoro neftni qayta ishlash zavodi Xalqaro aerokosmik sifat guruhining teng huquqli aʼzosiga aylandi

10.01.2023 11:07

/“Dunyo” AA/. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi «International Aerospase Quality Group» (IAQG) - Xalqaro aerokosmik sifat guruhining teng huquqli aʼzosiga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining yozishicha, buning natijasida zavod aviatsiya yoqilg‘isi yetkazib beruvchi sifatida “OASIS” xalqaro maʼlumotlar bazasiga kiritildi.

Zavod investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish borasida ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirmoqda.

Xususan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmini oshirish va O‘zbekiston samolyotlarini yuqori sifatli avia yoqilg‘i bilan uzluksiz taʼminlash imkoniyatlari kengayib bormoqda.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida «Uzbekistan GTL»dan olib kelinayotgan sintetik xom ashyodan “Djet” rusumli yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.  

2022 yilning 14 noyabridan 2 dekabriga qadar zavodda «AS 9100D» menejment tizimi (Sifatni boshqarish tizimi. Aviatsiya, kosmik va mudofaa tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar) xalqaro standarti talablariga muvofiqligi bo‘yicha sertifikatlash auditi o‘tkazilgan edi.

Sertifikatlashtirish auditi DNV (Det Norske Veritas) sertifikatlashtirish organi tomonidan italiyalik auditorlarni jalb qilgan holda «Managament certification» MCHJ mutaxassislari yordamida o‘tkazildi.

Auditning asosiy maqsadi sertifikatlashtirish ko‘lamini kengaytirish va «Djet A-1» avia yoqilg‘isi va “Djet” yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish hamda sotish bilan bog‘liq boshqaruv tizimining muvofiqligini baholashdan iborat edi.

Auditning muvaffaqiyatli natijalariga ko‘ra, “DNV” sertifikatlashtirish organi Buxoro neftni qayta ishlash zavodini “ANAB” tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan va jahon miqyosida eʼtirof etilgan xalqaro sertifikatni olishga tavsiya etishga qaror qildi.

«Managament certification» MCHJ direktori Rahimjon Hakimov Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbari Akbar Fozilovga “ANAB” akkreditatsiyasiga ega jahonda eʼtirof etilgan xalqaro sertifikat va esdalik «Sifat belgisi» topshirildi.

Maʼlumot uchun: “ANAB” - Shimoliy Amerikadagi eng yirik akkreditatsiya organi bo‘lib, 75 dan ortiq mamlakatlarda xizmat ko‘rsatadi.

Endilikda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi O‘zbekistonning “OASIS” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan yagona korxonasiga aylandi. Bu orqali korxona “Airbus”, “Honeywell”, “Lufthansa” kabi aviatsiya sohasida dunyoning eng yirik kompaniyalari bilan bir xil ro‘yxatga kiritildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net