Bir makon, bir yo?l: Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyat

11.10.2023 17:29

Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida Markaziy Osiyo va Xitoy Xalq Respublikasi davlatlari diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, yetakchi tahliliy markazlar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, xorijiy va milliy ekspertlar ishtirokida “Bir makon, bir yo‘l: Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangi imkoniyat” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Joriy yil 17-18 oktyabr kunlari Pekinda davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi Xalqaro hamkorlik forumi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari bilan XXR o‘rtasidagi turli sohalar, jumladan, siyosat, iqtisodiyot, savdo, sarmoya, energetika, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, suvni tejash, “yashil” texnologiyalar, ta’lim va madaniyat bo‘yicha hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.

Qatnashchilar mazkur global tashabbus doirasidagi sheriklik muhimligini ta’kidlab, so‘nggi 10 yil ichida iqtisodiy hamkorlik uchun xalqaro yo‘lak va yo‘nalishlar barpo etishda sezilarli yutuqlarga erishilganini qayd etishdi.
Masalan, shu davr mobaynida tovar ayirboshlash miqdori ikki barobar oshib, 1,04 trillion dollardan 2,07 trillion dollarga yetgan. O‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 8 foizni, ikki tomonlama sarmoya 270 milliard dollarni tashkil etgan.
O‘tgan yil oxirida Xitoyning mintaqa davlatlari bilan mahsulot va xizmat almashishi ko‘rsatkichi 70,2 milliard dollarni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 50 foiz o‘sgan. Bugungi kunga qadar Xitoy mintaqa mamlakatlariga jami 70 milliard dollardan ziyod sarmoya kiritgan.

Joriy yil 18-19 may kunlari Sian shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va XXR davlat rahbarlari sammiti, ushbu anjuman yakunida imzolangan deklaratsiya tomonlarning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini mustahkamlash, qardosh davlatlar milliy rivojlanish strategiyalarini muvofiqlashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

O‘zbekiston Prezidenti Sian sammitida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi o‘n yilligi nishonlanayotgan yil aynan Sharqning mashhur Chan’an shahrida ezgu an’analar qayta tiklanayotgani, Markaziy Osiyo mamlakatlari va XXR yangi davrda birgalikda gullab-yashnashi uchun mustahkam poydevor qo‘yilayotganini qayd etgan edi.

Bu galgi xalqaro davra suhbati “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining Markaziy Osiyo va Xitoy mamlakatlari uchun alohida ahamiyati, dolzarbligini ekspertlar darajasida muhokama qilish, ikki mintaqa hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif, tashabbuslar ishlab chiqish imkonini berdi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net