“Bir makon, bir yoʻl”: hamkorlikdagi taraqqiyot istiqbollari

29.04.2019 17:35

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumi ochilish marosimidan soʻng ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

Forum ishida 40 dan ziyod xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari qatnashmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin anjumanni ochib, unda ishtirok etayotgan barcha xorijiy delegatsiyalar rahbarlari, koʻp sonli ekspert va tahliliy doiralar vakillariga minnatdorlik bildirdi.

Xitoy Raisi BMT, SHHT, Yevropa Ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamkorligida amalga oshirilayotgan “Bir makon, bir yoʻl” qoʻshma loyihasi iqtisodiy rivojlanishga keng yoʻl ochishini, shu jihatdan u turli mamlakatlarning milliy taraqqiyot strategiyasiga mos kelishini taʼkidladi. Loyihani birgalikda hayotga joriy etish butun dunyoda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirishda muhim rol oʻynashi qayd etildi.

2017 yilda ilk bor oʻtkazilgan “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumi ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash, rivojlanishning yangi modelini izlash, shakllantirish va harakatlantirishga yoʻnaltirilgan loyiha sifatida eʼtirof etilmoqda.

Xitoy ilgari surgan mazkur tashabbus ikki yoʻnalish – quruqlik va dengiz yoʻllarini rivojlantirish va oʻzaro bogʻlash orqali davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan. Hozirgi kunda u Osiyo, Yevropa va Afrikadagi 65 mamlakatni qamrab olgan. Kelgusida unga boshqa davlatlar ham qoʻshilishi natijasida global iqtisodiy makonga aylanadi.

“Bir makon, bir yoʻl” loyihasining asosiy maqsadlaridan biri global erkin savdo tartibini qoʻllab-quvvatlash, Osiyo, Yevropa va Afrika mamlakatlari oʻrtasida integratsiyani kengaytirishga qaratilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, butun loyihaning taxminiy iqtisodiy koʻlami 21 trillion AQSH dollarini tashkil qiladi.

Bugungi kunda 100 dan ortiq davlat loyihada qatnashish istagini bildirgan, 40 dan ziyodi Xitoy bilan hamkorlik qilish boʻyicha bitim imzolagan. Natijada 2013 yildan 2017 yilgacha Xitoy va “Bir makon, bir yoʻl” loyihasiga qoʻshilgan mamlakatlar oʻrtasida tashqi savdo aylanmasi 4,8 trillion AQSH dollariga yetdi, yillik oʻsish 4 foiz oshdi.

Xitoy loyiha doirasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni nazarda tutuvchi “moslashuvchan mexanizmlar”ni qoʻllab kelmoqda. Xitoyning tranzit-logistika sohasiga oid loyihalari Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon bozoriga chiqishi, boshqa davlatlar bilan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashiga keng yoʻl ochmoqda.

Oʻzbekiston birinchilar qatorida “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini qoʻllab-quvvatladi va uning aʼzo-taʼsischilaridan biriga aylandi. Mamlakatimiz uchun dengiz portlariga chiqish juda muhim. Shu bois, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga chiqish imkonini beruvchi xalqaro transport yoʻlaklarini tashkil etish boʻyicha loyihalarda faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, 2016 yilda Fargʻona vodiysini Oʻzbekistonning boshqa hududlari bilan bogʻlovchi “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻli barpo etildi. Mazkur liniya Xitoygacha boʻlgan masofani 270 kilometr qisqartirish imkonini berdi. Bundan tashqari, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi mamlakatlarimiz uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlar ochadi. Natijada mamlakatimizdan Xitoy va Oʻrta Sharqqa toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyati yuzaga keladi, yuk tashish vaqti 5-6 sutkaga qisqaradi. Yangi avtomobil yoʻllari, jumladan, “Andijon-Oʻsh-Irkishtom-Qoshgʻar” qatnovini ochish mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirib, ularning iqtisodiy taraqqiyotiga qoʻshimcha surʼat bagʻishlaydi.

2018 yilda Oʻzbekiston tashqi savdo yuklarini Xitoydan va Xitoyga temir yoʻl transporti orqali tashishda 2017 yilga nisbatan 18,2 foiz oʻsish kuzatildi. Import yuklarini tashishda 25,8 foiz oʻsishga erishildi.

Anjumanning ochilishida xalqaro savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, mamlakatlarning iqtisodiy boshqaruv tajribalarini takomillashtirish, yangi transport va logistika yoʻlaklari yaratilishini ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalar xususida soʻz yuritildi. Ushbu loyihada ishtirok etayotgan mamlakatlar safi kengayib borayotgani dunyo miqyosida barqaror rivojlanishga intilish kuchayayotganini ifoda etishi taʼkidlandi.

Xalqaro forumning birinchi kuni Xalq vakillari kengashi uyida tadbir ishtirokchilari sharafiga tashkil etilgan gala-konsert bilan yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Pekinda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi Li Chjanshu bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari “Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro forumining oʻtkazilishi hamda uning doirasida XXR Raisi Si Szinpin ilgari surgan tashabbuslarning amalga oshirilishi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga, keng mintaqamizda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuv muhitini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz hamkorligining yangi istiqbollari belgilab olingani, ular ikki davlat oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Li Chjanshu Oʻzbekiston va Xitoy oʻzaro munosabatlarda yuksak darajaga erishganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa koʻplab sohalarda aloqalar yanada faollashgani alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida hamkorlik borasida ijobiy tajriba toʻplangan. Parlament delegatsiyalarining uchrashuvlari muntazam oʻtkazilib, bu boradagi sheriklik izchil rivojlanmoqda.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, parlamentlararo muloqot mamlakatlarimiz hamkorligini amaliy mazmun bilan boyitish, yangi dastur va loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi qayd etildi.

Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirishga amaliy hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi.

Li Chjanshu Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, ularning real natijalari va samaradorligini yuksak baholadi. Uning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyevni oʻz siyosati va islohotlari miqyosi va maqsadlari nuqtai nazaridan toʻla asos bilan Xitoyning buyuk islohotchisi Den Syaopin bilan taqqoslash mumkin.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish hamda samarali islohot va yangilanishlarni amalga oshirish borasidagi tajribani chuqur oʻrganish maqsadida qoʻshma tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.

Prezidentimiz oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari Bosh kotibni samimiy qutlab, Samarqand va Nyu-York shaharlarida oʻtgan mazmunli suhbatlarni mamnunlik bilan eslashini, ushbu muloqotlar Oʻzbekiston bilan BMT institutlari va tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilganini taʼkidladi. Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Markaziy Osiyo boʻyicha va Toshkentdagi Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyalarni, Samarqand shahrida oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi va boshqa tadbirlarni shaxsan qoʻllab-quvvatlagani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz Bosh kotibning BMTni isloh qilish, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni taʼminlash yoʻlidagi tashabbuslari va saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi. Ushbu islohotlar Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qatʼiy islohotlarni faol davom ettirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

BMT Bosh kotibi Prezidentimiz bilan yana bir bor uchrashib turganidan mamnun ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston tashabbuslari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, maʼnaviyat, taʼlim, ekologiya, turizm kabi sohalarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutayotganini qayd etdi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qatʼiy intilmoqda. Eng muammoli masalalarning yechimi topildi, barcha qoʻshnilar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Keyingi ikki yilda mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2 barobar ortdi.

BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo boʻyicha tarixiy ahamiyatga ega rezolyutsiyasi hamda Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik boʻyicha rezolyutsiyasi qabul qilingani Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarining xalqaro eʼtirofi boʻldi. Mamlakatimiz Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani tayyorlash va qabul qilish boʻyicha muhim tashabbusni ham ilgari surgan.

BMT Bosh kotibining koʻmagi tufayli BMT shafeligida Orolboʻyi uchun koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Orolboʻyida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Orolboʻyida aholi turmushi sifati va darajasini oshirish, zamonaviy uy-joy, ijtimoiy infratuzilma va sanoat obyektlarini qurish, umuman, Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Orolning qurigan tubidagi 500 ming gektardan ortiq maydonda himoya oʻrmonzorlari barpo etilmoqda, 1,1 million gektar maydonda qum tutish tizimi yaratildi.

Uchrashuvda joriy yil oktyabr oyida Nukusda boʻlib oʻtadigan Orolboʻyida ekologik innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha xalqaro konferensiya yakunida Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasiga ushbu hududni “Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” sifatida eʼlon qilishga doir maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, 2020 yilda Toshkent shahrida Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal protokolini amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazilishi qayd etildi.

Suhbat chogʻida Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish mintaqamizda barqarorlikni taʼminlashning muhim omili ekani taʼkidlandi. Oʻzbekiston Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etmoqda, ushbu mamlakat uchun savdo, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni ilgari surmoqda.

Antoniu Guterrish Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur barcha koʻmakni koʻrsatishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi yangi binosini koʻzdan kechirdi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlari barcha sohalar, jumladan, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, texnologiyalar, energetika, madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda faol rivojlanmoqda.

Diplomatik vakolatxonamizning uch qavatli yangi binosi fargʻonalik ustalar ishtirokida milliy bunyodkorlik anʼanalari va zamonaviy meʼmorchilik yutuqlari asosida bunyod etilgan. Imorat Pekin shahri markazidagi Chaoyang ishbilarmonlik mavzesida, AQSH, Yaponiya, Malayziya, Singapur kabi davlatlar elchixonalari bilan yonma-yon joylashgan.

Birinchi qavatda muzokaralar, ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarini oʻtkazishga moʻljallangan “Samarqand”, “Buxoro”, “Xiva”, “Qoʻqon” zallari joylashgan. Darvozadan kiraverishdagi ayvon xalqimiz anʼanalari va boy madaniyatini aks ettirgan.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan tanishar ekan, mazkur dargoh milliy uslubda bezatilganidan mamnunligini bildirdi hamda u Xitoy va xitoy xalqining mamlakatimiz bilan hamkorlikka yuksak eʼtibori namunasi ekanini taʼkidladi.

Ushbu bino xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradigan, mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytiradigan, madaniyatlararo aloqalarni boyitadigan markaz boʻladi. Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi gʻoya va tashabbuslarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

(Manba: O’zA)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net