"BERNAMA" AA: Xiva shahri islom dunyosining turizm landshaftida alohida o'rin egallashga hozirlanmoqda

22.12.2023 07:28

/"Dunyo" AA/. Malayziyaning "BERNAMA" milliy axborot agentligida "Xiva 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti brendini ilgari surish bo'yicha ulkan rejalarini e'lon qildi" sarlavhali maqola nashr etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada Xiva shahri o'zining boy me'moriy merosi va jo'shqin madaniyatini namoyish etish maqsadida 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti bo'lishga hozirlik ko'rayotgani qayd etilgan.

"Qaror Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Vazirlar kengashining 2022-yilda Bokuda bo'lib o'tgan yig'ilishida qabul qilingan edi, - deyiladi maqolada. - O'zbekiston hukumati ziyorat, madaniy va ishbilarmonlik turizmi salohiyatini rivojlantirish maqsadida 2024-yilda o'tkazilishi lozim bo'lgan bir qator yuqori darajadagi tadbirlarni belgilab berdi".

Nashrda ma'lum qilinishicha, Xiva 2500 yil avval asos solingan, O'zbekistondagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida tanilgan. 1990-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan qadimiy Ichan qal'a Ipak yo'li bo'ylab yaxshi saqlanib qolingan o'rta asr inshootlaridan biri hisoblanadi.

"Tashrif buyuruvchilar labirintli ko'chalarda sayr qilish, baland minoralar va bezakli masjidlarni tomosha qilish chog'ida o'tmishga qaytadi, - deb yozadi agentlik. - Xiva nafaqat moddiy merosi, balki YUNESKO tomonidan insoniyat nomoddiy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida e'tirof etilgan Xorazm raqsi — "Lazgi" kabi milliy qadriyatlari bilan ham mashhur. Xorazm oshxonasi, jumladan, "Tuxum barak" va mahalliy baliqdan tayyorlangan noyob taomlar mintaqaning o'ziga xos madaniyatini tushunish imkonini beradi".

Maqola xulosasida, "Xiva o'zining tarixiy jozibasi, betakror madaniy merosi va o'ziga xos oshxonasi bilan jahon auditoriyasini zabt etish barobarida, islom dunyosining turizm landshaftida alohida o'rin egallashga hozirlanmoqda", - deb yozgan "BERNAMA" agentligi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net