
"BBC World News" kanalining "BBC Travel Show" dasturida O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan maxsus videoroliklar efirga uzatilmoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Dastur ijodiy guruhi mamlakatimiz haqidagi lavhalarni tayyorlash maqsadida O'zbekistonda bo'ldi. Toshkent, Buxoro, Samarqand shaharlari, Jizzax va Farg'ona viloyatlari hamda Toshkent viloyatining so'lim Chorvoq va So'qoq dam olish maskanlarida suratga olish ishlari amalga oshirildi.
Mazkur loyihadan ko'zlangan maqsad nafaqat O'zbekistonning bor go'zalligini ko'rsatish, balki uning boy madaniy va tarixiy merosiga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb qilish, turizmni rivojlantirishga ko'maklashish va mamlakatimizning jahon miqyosidagi nufuzini mustahkamlashdan iborat.
"BBC World News" "BBC World News" telekanalida efirga uzatiladigan eng mashhur sayyohlik dasturlaridan biri hisoblanadi. Dunyo bo'ylab millionlab auditoriyaga ega bo'lgan ushbu dastur tomoshabinlar e’tiborini sayyoramizning noyob va kam o'rganilgan burchaklariga qaratib, yangi madaniyat va yo'nalishlarni kashf etmoqda.