BANKROTLIK TAOMILLARINI YANADA SODDALASHTIRISH VA SUD BOSHQARUVCHILARI FAOLIYATINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO?G?RISIDA

02.02.2019 14:33

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish, sud boshqaruvchilari faoliyatini takomillashtirish, xalqaro reytinglarda O‘zbekiston Respublikasining pozitsiyasini yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan:

 1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining 2019-yil 1-iyuldan quyidagi tartibni o‘rnatish haqidagi taklifi ma’qullansin:

 davlat soliq xizmati organlari soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli ijro hujjatlari qaytarilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmasdan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi;

 bankrotlik to‘g‘risidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar summasi eng kam ish haqi miqdorining kamida uch yuz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa eng kam ish haqi miqdorining kamida yigirma karrasinitashkil etadigan bo‘lsa, sud tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin;

 tugatishga doir ish yuritish muddati to‘qqiz oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda ushbu muddat bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosnomasiga asosan sud qarori bilan uch oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin;

 benefitsiar va affillangan shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlari aniqlanganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mazkur shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiar javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi;

 bankrotlik taomillari qo‘llanilgan qarzdorlarning mol-mulki sud boshqaruvchilari tomonidan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali sotiladi.

 2. 2019-yil 1-martdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabida (keyingi o‘rinlarda – Respublika oliy maktabi) quyidagilarni nazarda tutuvchi maxsus kurslar tashkil etilsin:

 sud boshqaruvchisi attestatini olishga talabgorlarni maxsus dastur bo‘yicha shartnoma asosida o‘qitish;

 tegishli toifadagi sud boshqaruvchisi attestatini olish uchun asos bo‘ladigan o‘qishni tugatganlik to‘g‘risidagi guvohnomani berish;

 sud boshqaruvchilarining kasbiy darajasi va malakasini oshirish.

 3. Belgilab qo‘yilsinki, 2019-yil 1-maydan:

 a) davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda sud boshqaruvchilarini davlat soliq xizmati organlari xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti bekor qilinadi;

 b) shunday tartib joriy qilinadiki, unga muvofiq davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda:

 to‘rtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega bo‘lgan va O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Assotsiatsiya) a’zolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi;

 qarzdor turgan joydagi tuman (shahar) soliq inspeksiyasining qaroriga asosan, har bir yakunlangan tugatishga doir ish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidansud boshqaruvchilariga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida haq to‘lanadi;

 soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni uzishda to‘langan qarz summasining 5 foizi miqdorida sud boshqaruvchilariga qo‘shimcha haq to‘lanadi;

 v) sud boshqaruvchilarining faoliyati “fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish” ixtisoslashuvi bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin;

 g) sud boshqaruvchilarini tayinlash kreditor (kreditorlarning umumiy yig‘ilishi yoki qo‘mitasi) yoki bankrotlik ishlari bo‘yicha vakolatli davlat organi yoxud Assotsiatsiya va uning hududiy tuzilmalari taqdimnomasi bo‘yicha sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

 4. Belgilansinki, sud boshqaruvchilarining kasbiy malakasini oshirishga ko‘maklashish, jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ularning rolini kuchaytirish maqsadida Assotsiatsiya va uning hududiy tuzilmalari:

 sud boshqaruvchilari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

 davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda sud boshqaruvchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash huquqiga ega;

 sud boshqaruvchilarining kasbiy odob-axloq qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

 sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholaydi, ular tomonidan qonun hujjatlariga, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etilishini monitoring qiladi.

 5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

 bir oy muddatda Respublika oliy maktabi bilan birgalikda zamonaviy talablar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda sud boshqaruvchilarini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

 bir oy muddatda Respublika oliy maktabida sud boshqaruvchilarini o‘qitish va malakasini oshirishni tashkil etish choralarini ko‘rsin;

 ikki oy muddatda Assotsiatsiya bilan birgalikda Sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;

 2019-yil 1-apreldan sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholash haqidagi ma’lumotlarni har chorakda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish va rasmiy veb-saytda joylashtirishni ta’minlasin.

 6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Bankrotlik taomillari qo‘llanilgan qarzdorlarning mol-mulkini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

 7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar muddatda:

 Sud boshqaruvchisi attestatini olishga talabgorlarni o‘qitish va sud boshqaruvchilari malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;

 Sud boshqaruvchilari, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka attestati berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

 8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud bilan birgalikda 2019-yil 1-martga qadar muddatda soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirganlik va qasddan bankrotlikka olib kelganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

 9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 1-mayga qadar muddatda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, yangi tahrirdagi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

 10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni ta’minlasin.

 11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

 12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net