
Insof bormi?
Yigitlar to‘xtab qolishdi, keyin bitta-bitta orqaga qaytishdi.
–Kechiring, ota, bilmadik, – dedi kimdir.
Sarsonboy ota indamadi. Uning rangida qon qolmagan, lablari titrardi.
–Uzr,boboy!
Sarsonboy ota yana churq etmadi. Keyin ohista-ohista qadam tashlab, qal’a tomon ketdi...
Bu 1950-60-yillarda o‘zbek adabiyotiga kirib kelgan sermahsul va hozirjavob adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekovning “Qiyomat qarz” hikoyasidan o‘rin olgan jumlalar.
O‘lmas Umarbekov 1934 yil 25 yanvar kuni Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetiga kirib, 1956 yilda uni a’lo baholar bilan bitirgan. «Men ham yoshligimda ko‘p narsalarga qiziqqanman, – deb hikoya qilgan edi yozuvchi. – Keyinchalik uchuvchilikni orzu qilgan edim, bog‘bon ham bo‘lmoqchi bo‘lganman. Ammo adabiyot hamma orzularimdan kuchlilik qildi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘rta maktabni tugatganimda, hech ikkilanmasdan, Toshkent dorilfununining filologiya fakultetiga kirdim.
Nazarimda, adashmagan ekanman. Endi bo‘lsa, adabiyotsiz, badiiy ijodsiz hayotimni tasavvur qilolmayman».
O‘lmas Umarbekov qariyb qirq yil tinimsiz izlanish, ijod bilan band bo‘ldi. U o‘nlab hikoyalar, qissalar, «Odam bo‘lish qiyin», «Fotima va Zuhra» kabi romanlar, «Qiyomat qarz», «Shoshma, quyosh», «Oqar suv», «Sud», «Komissiya», «Kuzning birinchi kuni», «Arizasiga ko‘ra», «Kurort», «Yer yonganda» kabi dramatik asarlarini yaratdi. Shuningdek, «Ikki soldat haqida qissa», «O‘zgalarni deb», «Qalin qorlar bag‘ridagi uchrashuv» kabi kinofilmlar uchun ssenariylar yozgan. «Odam bo‘lish qiyin» romani O‘zbekiston yoshlar tashkilotining mukofotiga (1971), «Ikki soldat haqida qissa» filmi Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga (1977), «Damir Usmonovning ikki bahori» qissasi esa N. Ostrovskiy nomidagi sobiq ittifoq yoshlar tashkilotining mukofotiga (1984) sazovor bo‘lgan.
Adib tavalludining 50 yilligi munosabati bilan unga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» faxriy unvoni berildi, 1992 yilda «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» degan yuksak sharafga ega bo‘ldi.
Respublika radiosida oddiy muharrir sifatida ish boshlagan O‘lmas Umarbekov uzoq yillar davomida shu yerda bosh muharrir bo‘lgan. Qariyb o‘n yilga yaqin «O‘zbekfilm» kinostudiyasiga boshchilik qilgan. 1982 yilga kelib, O‘zbekiston madaniyat vazirining o‘rinbosari, keyinroq vazir bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.
Ko‘p o‘tmay, u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais etib saylangan (1985). Shuningdek, Osiyo va Afrika yozuvchilari birdamlik qo‘mitasining raisi etib tayinlangan. 1989-1991 yillarda Respublika Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
O‘lmas Umarbekov og‘ir xastalikdan so‘ng, 1994 yil 10 noyabrda hayotdan ko‘z yumgan. Uning vafotidan keyin «Fotima va Zuhra» romani nashr etilgan va shu asar Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan.