27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida 15 mamlakat o?z milliy stendlari bilan qatnashadi

24.11.2022 21:55

TOSHKENT, 24-noyabr. “Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizda «Ipak yo‘lida turizm» 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTYA-2022) oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ilgari xabar berilganidek, joriy yil 30-noyabr – 2-dekabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” majmuasida «Ipak yo‘lida turizm» 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkaziladi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari  bilan uchrashuvda  Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Germaniyaning «Mangold consulting GMBH» kompaniyasi raisi, professor Klaus Mangold,  «Milliy PR markazi»  davlat unitar korxonasi direktori Dilfuza Samandarova, «The Says Lot» MCHJ bosh direktori Rustam Munasipov ishtirok etdi.

Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov o‘z nutqida yarmarkaning ahamiyati va uning soha rivojidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi mintaqada turizm sanoatini qo‘llab-quvvatlash va sayyohlik sohasida xalqaro hamkorlik jo‘g‘rofiyasini kengaytirish bo‘yicha umumiy saʼy-harakatlarni birlashtiradigan, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda turizm sohasidagi eng yorqin xalqaro tadbir bo‘ladi, - dedi Aziz Abduhakimov. - Yarmarka doirasida dunyoning 15 dan ortiq davlati o‘z milliy stendlari bilan ishtirok etmoqda. Bular orasida Yaponiya va Fransiya kabi yangi ishtirokchi davlatlarning borligi bizni quvontiradi. Bu yilga anjumanda  15 davlatdan 76 ta tashkilot qatnashmoqda. Shu bilan birga, uch kun mobaynida, yetakchi xalqaro ekspertlar bilan forum va sessiyalar, milliy oshpazlarning mahorat darslari, mamlakatimiz madaniy merosini namoyish etuvchi O‘zbekiston hunarmandlarining ko‘rgazmasi va yarmarka tarixida ilk marta mahalliy va xalqaro dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, joriy yilda yarmarka ishtirokchilari o‘rtasida ko‘plab V2V uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Ayni damda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Klaus Mangold yurtimizning turistik salohiyati va sohada olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda TXTYA-2022 maydonchasida mahalliy aholi, shuningdek, MDH va Yevropadan 20 mingga yaqin mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.  Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari, xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi.

TXTYA-2022 forumiga turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar taklif etilgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekistonning xorijdagi sayyohlik brendi elchilari, «BBC World News», «Lonely Planet», Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya turizm tashkilotlari uyushmalari vakillari, PR mutaxassislari va boshqalar bor.

Maʼlumot uchun: TXTYA ilk bor 1995 yilda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net