24 yanvar kuni Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig?ilishi bo?lib o?tdi

25.01.2023 16:36

/“Dunyo” AA/.  Kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Tadbirda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxiyon, Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Pokiston tashqi ishlar vaziri  Bilaval Bhutto-Zardariy, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Muhriddin Sirojiddin, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy, shuningdek, Tashkilotning ixtisoslashtirilgan agentliklari, mintaqaviy institutlari va affinlangan organlari vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishning ochilishida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov 2022 yili IHT bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini hayotga tatbiq etish doirasida va O‘zbekiston raisligi konsepsiyasiga muvofiq muhim tizimli ishlar amalga oshirilganini taʼkidladi.

2022 yil O‘zbekiston yetakchisining tashabbusi bilan «IHTda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili», deb eʼlon qilinishi Tashkilot doirasidagi hamkorlikka yangicha surʼat baxsh etdi. 

Tashqi ishlar vazirlari kengashi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha yuqori darajadagi Muloqot platformasi yaratilishini maʼqulladi. Bu esa davlatimiz rahbarining yana bir tashabbusi amalga oshganidan dalolatdir. Tuzilma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishning yangi mexanizmi ishga tushirildi. IHT samaradorligini oshirishga qaratilgan Yuqori darajadagi qo‘mita tashkil etildi.

Raislik jarayonida turli yo‘nalishlarda qator muhim tadbirlar, jumladan, IHTni isloh qilish jarayonini muhokama qilish yuzasidan «aqliy hujum», qayta tiklanuvchi energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqalar bo‘yicha uchrashuv va yig‘ilishlar o‘tkazildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi va Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Ko‘hna Shahrisabz shahri 2024 yilda IHTning sayyohlik poytaxti etib belgilandi.

Baxtiyor Saidov O‘zbekiston tomonining anʼanaviy va yangi yo‘nalishlarda davlatlararo hamda mintaqalararo muloqotni jadal rivojlantirishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriyning taʼkidlashicha, Tashkilot O‘zbekistonning 2022 yilda IHTni yana-da rivojlantirish, mintaqada o‘zaro taraqqiyot va farovonlik kun tartibini taʼminlashga qaratilgan raisligini yuksak qadrlaydi. IHT faoliyatida respublikaning o‘rni ortib borayotgani, bu Tashkilotning o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy hissa qo‘shayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy integratsiyani taʼminlash uchun hamkorlikni kengaytirish orqali mushtarak taraqqiyot kun tartibini boyitish bo‘yicha tashabbuslarini amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. O‘zbekistonning barcha takliflari juda dolzarb bo‘lgani sababli barcha aʼzo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani eʼtirof etildi.

Toshkent uchrashuvi doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da jadallashtirish, tranzit-transport imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy o‘sishning yangi o‘sish nuqtalarini topish, mintaqaviy turizmni faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Energetika, ijtimoiy farovonlik va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida kooperatsiyani har tomonlama ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Davr talabidan kelib chiqqan holda Tashkilot faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston tomoniga ITHda faol va samarali raislik hamda Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishini tashkiliy va mazmuniy jihatdan yuqori darajada o‘tkazgani uchun minnatdorlik bildirdilar.

Mazkur tadbir bilan O‘zbekistonning IHTdagi raisligi yakunlandi. Tashkilotga raislik Ozarbayjonga o‘tdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.

Anvar Ilyosov olgan surat (“Dunyo” AA).

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net