2019-2025 YILLARDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AHOLISINING RUHIY SALOMATLIGINI MUHOFAZA QILISH XIZMATINI RIVOJLANTIRISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA

14.02.2019 15:22

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻtgan vaqt mobaynida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish milliy xizmatini takomillashtirish, ruhiy holati buzilishidan aziyat chekuvchi shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha sogʻliqni saqlash tizimining barcha darajalarida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3606-son qaroriga muvofiq aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, psixiatriya muassasalarini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, respublika psixiatriya muassasalari binolarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari bajarilmoqda.

Jumladan, “psixiatriya” yoʻnalishi boʻyicha davlat grantlari asosida magistraturaga qabul kvotalari oshirildi, oliy tibbiy taʼlim muassasalarining psixiatriya kafedralarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlari faollashdi. Ilk bor ruhiy xastaliklarga tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati tasdiqlandi.

Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish, sifatli psixiatriya yordami koʻrsatishni tashkil etish, ruhiy holat buzilishining oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini 2019-2020 yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda – Kompleks chora-tadbirlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yoʻlida maʼmuriyatchilik sifatini oshirish, psixiatriya xizmati bilandavlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorliktizimini shakllantirish;

aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini innovatsion rivojlantirish, ruhiy xastaliklarning oldini olish, ularga tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ushbu sohadagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va tatbiq etish;

aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish sohasida xususiy tibbiyot amaliyoti rivojlanishini ragʻbatlantirish;

ruhiy holat buzilishi alomatlariga ega boʻlgan insonlarga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanishi va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik, ruhiyati buzilgan shaxslar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishi uchun teng shart-sharoitlarni taʼminlash;

ruhiy salomatlikni muhofaza qilish masalalarida aholining xabardorlik darajasini oshirish, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan notoʻgʻri tasavvurlarga barham berish;

yordamga muhtoj boʻlgan aholining barcha yoshdagi guruhlarini psixiatriya yordami bilan qamrab olish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyichasifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;

aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini bilan integratsiya qilish;

aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi kadrlar salohiyatini mustahkamlash;

psixiatriya yordamini koʻrsatishda, ayniqsa, respublika hududlarida idoralararo multidissiplinar brigada ishi modelini joriy etish;

psixiatriya yordamini koʻrsatuvchi amaldagi muassasalar negizida faol terapiyaga va keng koʻlamli davolash-reabilitatsiya kompleks tadbirlari oʻtkazishga, kundalik vrachlar kuzatuvida boʻlishga muhtoj boʻlgan, biroq kunu tun psixiatriya statsionariga joylashtirilishi shart boʻlmagan ruhiy holati buzilishi zoʻrayadigan yoki kompensatsiyasi buziladigan shaxslar uchunkunduzgi statsionarlar faoliyatini tashkil etish;

psixiatriya yordamini koʻrsatuvchi muassasalar moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularni rekonstruksiya qilish va zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash).

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi lavozimlari roʻyxatiga “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlarini kiritish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

4. Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami koʻrsatilishi vaqtida davlat tizimi doirasida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.K.Shodmonov):

psixiatriya yordamini olish imkoniyati, uning samaradorligi va sifatini oshirish, ruhiy holatlar buzilishining ijtimoiy va iqtisodiy yukini kamaytirish, shuningdek, aholining koʻrsatilayotgan davolash-diagnostika va tibbiy-reabilitatsiya yordamidan toʻliq qoniqish hosil qilishiga erishish maqsadidaaholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati faoliyatini yanada maqbullashtirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga ruhiy holatlar buzilishiga tashxis qoʻyish va ularni davolash klinik protokollarini joriy etsin;

ruhiy holati buzilgan shaxslarni zamonaviy yuqori samarali dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha choralar koʻrsin;

ish vaqtini xronometrajdan oʻtkazish orqali aholiga psixiatriya yordami koʻrsatishda ishtirok etadigan mutaxassislar ish hajmi normativlarini kelgusida shtat normativlariga oʻzgartishlar kiritgan holda qayta koʻrib chiqsin;

Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot taqdim etgan holda, ularning sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan monitoring oʻtkazilishini taʼminlasin;

Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosiga, shuningdek, aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilishga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni muntazam tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish yuzasidan choralar koʻrsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini tayyorlash va kiritishda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishini nazarda tutsin.

7. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimovga – Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlarni ijro etish yuzasidan masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish;

masʼul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish;

ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari rahbarlariga – fundamental va amaliy fanlar rivojlanishini taʼminlash, shuningdek, aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan shaxsiy javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qaror maqsadlari va vazifalarini, shuningdek, Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosining borishini yoritish boʻyicha maqolalar va mavzuga doir telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOYEV

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net