O'zbekiston va Malayziya mamlakatimizda infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilmoqda

22.01.2024 09:14

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "YTL Corporation BHD" korporatsiyasi tarkibidagi "YTL Construction" kompaniyasi ijrochi direktori Azmi Abdul Aziz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Malayziya tomoniga mamlakatimizda zamonaviy iqtisodiyot drayveri bo'lgan xususiy biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularning huquqiy asoslari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Malayziya tomoni kompaniya to'g'risida taqdimot o'tkazib, amalga oshirilayotgan loyihalarga to'xtalib o'tdi. Xususan, AQSHning NVIDIA kompaniyasi bilan Malayziyada qiymati 4,3 milliard dollar bo'lgan sun'iy intellekt buluti va superkompyuter infratuzilmasini yaratish hamda ma'lumotlar markazi tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Buyuk Britaniyada kompaniyaga tegishli bo'lgan Wessex Water - suv ta'minoti va oqava suv xizmatlarini ko'rsatuvchi korxona muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Uchrashuv davomida xorij tomoni bilan hamkorlik istiqbollari to'g'risida fikr almashildi va kompaniya vakillariga mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan O'zbekiston–Qirg'iziston–Xitoy va O'zbekiston–Afg'oniston–Pokiston temir yo'lllari hamda Toshkent–Samarqand pullik avtomobil yo'lini qurish loyihalari doirasida o'zaro hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjudligi ta'kidlandi.

Azmi Abdul Aziz ushbu loyihalarni amalga oshirish shartlari bo'yicha muzokaralarga tayyor ekanligini ma'lum qilib, Malayziya kompaniyasi mamlakatimizda issiqlik elektr stansiyalarini qurish va ma'lumotlar markazini (Data Center) tashkil etish bo'yicha imkoniyatlarni o'rganishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakuni bo'yicha yuqorida keltirilgan loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o'rganish maqsadida xorij tomoni hamda mamlakatimizning tegishli vazirlik va tashkilotlari vakillari o'rtasida onlayn uchrashuv o'tkazishga kelishildi.

Ma'lumot uchun, "YTL Corporation BHD" korporatsiyasi 1955-yilda tashkil topgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi integratsiyalashgan infratuzilma inshootlarini qurishdan iborat bo'lib, Singapur, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Yaponiya, Iordaniya, Niderlandiya kabi mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirgan. 2023-yil 31-dekabr holatiga ko'ra kompaniyaning bozor kapitallashuvi 10,5 milliard dollarni, umumiy aktivlari qiymati 17,1 milliard dollarni tashkil etadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net