O'zbekiston va Malayziya erkin iqtisodiy zonalari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o'zaro tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi

18.01.2024 09:36

18-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi diplomatlari «Port Klang» erkin zonasi (Port Klang Free Zone - PKFZ) ijrochi direktori Fazila Surkisa binti Muhammad bilan uchrashdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda Malayziya tomoniga O'zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Xorij tomoni so'nggi yillarda O'zbekiston milliy iqtisodiyotida erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlarining o'sib borayotgan ulushi va kengayayotgan eksport geografiyasini e'tirof etdi.

Tomonlar Malayziya va O'zbekiston erkin iqtisodiy zonalari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o'zaro tajriba almashish imkoniyatlari, shuningdek, «Port Klang» erkin zonasi hududidan o'zbek mahsulotlari uchun distribyutorlik va logistika markazini tashkil etish maqsadida omborxonalarni ijaraga olish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida «Port Klang» erkin zonasi va mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar hamda ushbu hududdan omborxonalarni ijaraga olish istagini bildirgan O'zbekiston tadbirkorlik subyektlari o'rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida onlayn uchrashuv o'tkazish va Jahon erkin zonalar tashkiloti (WFZO) a'zosi sifatida tomonlar o'rtasida o'zaro ma'lumotlarni almashish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvdan so'ng diplomatlar «Port Klang» erkin zonasida joylashgan ishlab chiqarish korxonalari va ombor binolariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

«Port Klang» erkin zonasi 2004-yilda tashkil etilgan. PKFZ mintaqaviy distribyutorlik xabi, shuningdek, ishlab chiqarish obyektlarini taklif qiluvchi savdo va logistika markazidir. Mazkur zona Malakka bo'g'ozi bo'ylab joylashgan. PKFZ ilgari Birlashgan Arab Amirliklarining «Jebel Ali» erkin zonasi ma'muriyati (JAFZA) tomonidan boshqarilgan. Biroq, u 2007-yilda mahalliy kompaniya tomonidan qabul qilingan va rebrending qilingan. «Port Klang» erkin zonasida hozirda 127 korxona faoliyat yuritmoqda.

PKFZ investorlarga hukumat tomonidan tasdiqlangan mahsulotlar va xizmatlar uchun soliq imtiyozlari, subsidiyalar, kapital va daromadlarni bepul repatriatsiya qilish, tadqiqot va ishlanmalar, kadrlar tayyorlash va eksport qilish uchun imtiyozlar kabi turli investitsiya imtiyozlarini taklif qiladi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net