O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Malayziya TIVda ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

28.12.2023 11:51

/"Dunyo" AA/.  O'zbekistonning Malayziyadagi yangi tayinlangan elchisi Karomiddin Gadoyev bugun ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Protokol xizmati rahbari Muhammad Ayni Atanga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi ishonchli va istiqbolli hamkorlik hamda ikki mamlakat o'rtasida qaror topgan uzoq muddatli, o'zaro hurmat va ehtiromga asoslangan munosabatlarning tobora rivoj topayotgani e'tirof etildi.

Tomonlar mamlakatlar o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar sohalardagi istiqbolli rejalar, xususan ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari, Qo'shma savdo qo'mitasining 3-yig'ilishini o'tkazish masalalari xususida fikr almashildi.

Muhammad Atan ikkala davlatni tarixan ko'p asrlik savdo va madaniy aloqalar, do'stlik va ma'naviy yaqinlik bog'lab turishini ta'kidlab, Malayziya hukumati O'zbekiston bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyorligini ma'lum qildi.

Karomiddin Gadoyev Malayziya TIV mehmonlar kitobida yozuv qoldirdi.

Eslatib o'tamiz, Karomiddin Gadoyev 30-noyabr kuni Kuala-Lumpurga tashrif buyurdi. U ushbu lavozimga tayinlanganiga qadar TIVning BMT va boshqa xalqaro siyosiy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Diplomat 59 yoshda. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) geografiya fakultetini tamomlagan. Geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega. 1995-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida, jumladan, markaziy apparatda, O'zbekistonning NATOdagi missiyasi va Bryusseldagi elchixonada turli lavozimlarda ishlagan.

Karomiddin Gadoyev 2018–2023-yillarda Kuala-Lumpurdagi diplomatik missiyaga rahbarlik qilgan Ravshan Usmanov o'rniga tayinlandi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net