O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida kirib kelayotgan Yangi yil bayramiga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi

28.12.2023 11:53

/"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Malayziyada istiqomat qilayotgan, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar va oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o'z nutqida ishtirokchilarni kirib kelayotgan yangi yil bayrami bilan samimiy qutlab, ularni so'nggi yillarda mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xabardor qildi.

O'zbekiston tomonidan faol va pragmatik tashqi siyosat olib borilayotganligi, yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo'lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi bir ovozdan qabul qilingani alohida ta'kidlandi.

Ishtirokchilar bilan Malayziyada O'zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini keng targ'ib qilish, o'zbek tili, madaniyati va milliy an'analarni keng ommalashtirish bo'yicha fikr almashildi.

O'zbekiston Prezidenti tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash, salohiyatli yurtdoshlarimizni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarga e'tibor qaratildi.

O'zaro muloqot davomida yurtdoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, ularning muammolarini o'rganish va hal etish bo'yicha elchixona tomonidan doimiy ravishda ishlar olib borilayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, Malayziyaga o'qishga va ishlashga tashrif buyurgan o'zbekistonlik yoshlar mahalliy davlatning qonun-qoidalariga rioya qilishga chaqirildi.

Tadbir yakunida uning qatnashchilari uchun bayram dasturxoni yozilib, o'zbek milliy taomlar ulashildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net