
Malayziyaning ommabop "MStar" mediaportalida "Sharq taronalari" o'n uchinchi xalqaro festivalining tantanali ochilish marosimi" sarlavhali maqola e'lon qilindi
Unda dushanba kuni Samarqand shahrida Markaziy Osiyodagi eng yirik musiqiy va madaniy tadbir — "Sharq taronalari" o'n uchinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tgani ma'lum qilingan.
Qayd etilganidek, festival YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Registon maydonida, mamlakat poytaxti Toshkentdan taxminan 300 kilometr uzoqda o'tkazilmoqda.
"Festivalning ochilish marosimi Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi bilan boshlandi. Kecha mehmonlari an'anaviy musiqalar va ajoyib lazer-shoudan zavq olishdi", – deyilgan maqolada.
Ta'kidlanishicha, tadbirda Kuala-Lumpur shahrining Malayziya orkestri olti nafar vakili bilan ishtirok etmoqda. Ular joget, zapin va inang kabi an'anaviy malay janrlaridagi hamda "Dondan Sayan" va "Mek Mulung" qo'shiqlarini ijro etishadi. Ansambl, shuningdek, an'anaviy Malayziya kiyimlarini ham namoyish etadi.
"Juma kuniga qadar davom etadigan besh kunlik festivalning ochilish marosimi mushakbozlik bilan yakunlandi", – deb yozgan "MStar".