Malayziyada O'zbekistonning sayyohlik mahsulotlari mavzusida taqdimot tadbiri o'tkazildi

29.08.2024 16:28

Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan "O'zbekistonning sayyohlik mahsulotlari" mavzusida respublikaning ziyorat turizmi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot va ikki mamlakat turoperatorlari o'rtasida "B2B" shaklidagi uchrashuv tashkil etildi

Tadbirda Malayziyaning 50 dan ortiq yirik sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga O'zbekistonda turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berildi. Respublikaning tarixiy shaharlari madaniy diplomatiya va turizm markaziga aylanib borayotgani, xususan 2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida o'tkazilishi ta'kidlandi.

"Real VIP Travel" turkompaniyaci vakillari O'zbekistonning tarixiy va sayyohlik markazlari, Buxoro, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, jumladan "madaniy turizm", "ziyorat turizmi", "Umra+", "gastroturizm", "ishbilarmonlik turizmi" (MICE) kabi turpaketlarni taqdim qildi.

So'nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Malayziya fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani ma'lum qilindi. Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o'rtasidagi "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalarining to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari yo'lga qo'yilgani sayyohlar almashinuvida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Ikki mamlakat turoperatorlarining "B2B" shaklidagi uchrashuvi davomida respublikaga malayziyalik sayyohlarning oqimini oshirish, turizm dasturlari bo'yicha fikr almashildi.

Tadbir doirasida viktorina o'tkazilib, unda "Al Hijjrah Vacations", "Destinasi Travel", "Kembara Khalifah Travel", "KSB Travel & Tours" turkompaniyalari vakillari O'zbekistonga bepul sayohat qilish uchun "Real VIP Travel" turkompaniyacining turistik vaucherlarga ega bo'lishdi.

Taqdimot doirasida, shuningdek, milliy hunarmandchilik va amaliy san'at mahsulotlari namoyishi tashkil qilindi.

Yakunda ikki mamlakat turoperatorlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni mustahkamlash orqali yangi sayyohlik paketlarni ishlab chiqish va targ'ib qilish, shuningdek, O'zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net