Malayziya kompaniyasi O'zbekistondan oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirmoqda

20.12.2023 07:30

KUALA-LUMPUR, 20-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatlari va Malayziyaning "Pasago" kompaniyasi ijrochi direktori Kurniavan Zakariya o'rtasida muzokaralar bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda Malayziya tomoniga O'zbekistonda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va ularni diversifikatsiya qilish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan unumli foydalangan holda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishning strategiya va modellari, oziq-ovqat sanoatida xalqaro standartlarni keng joriy etish, shuningdek, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining eksport geografiyasi bo'yicha batafsil ma'lumot berildi.

Kurniavan Zakariya o'z navbatida, kompaniya faoliyati to'g'risida to'xtalib, hozirda Malayziya tomoni jahonning 23 davlatidagi eksportyor korxonalar bilan hamkorlik qilayotganini bildirdi.

- Kompaniyamiz qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Malayziyaga yetkazib berish bo'yicha O'zbekistonning salohiyatli ishlab chiqaruvchi va eksportchi korxonalari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor, – dedi u. – Biz O'zbekistondan keng turdagi qishloq xo'jaligi mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, zargarlik va chinni buyumlarni import qilishga tayyormiz.

Uchrashuv yakunida Malayziya kompaniyasi va mamlakatimizning tegishli tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlari o'rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida onlayn muzokaralar uyushtirish to'g'risida kelishib olindi.

Malayziyaning "Pasago" kompaniyasi 2019-yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish va ularni distribyutorlik tarmoqlari orqali tarqatishdan iborat. Korxona Malayziyaning uchta shahrida 6 ming tonna sig'imga ega muzlatgichli omborxonalariga ega.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net