Bir-birini qo‘llab-quvvatlashga kuchli istak bo‘lishida gap ko‘p. Bu tuyg‘uning chuqur tomir otishi uchun o‘rtadagi olis masofalar ham ahamiyat kasb etmay qoladi.
Xalqimizda libosning yangisi, do‘stlikning eskisi yaxshiligi haqida fikrlar bor. O‘zbekiston va Malayziyani ana shunday uzoq tarixiy do‘stlik aloqalari mustahkam bog‘lab turadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu yurtga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlarda shu yaqinlik yaqqol sezilib turdi. Tashrifni ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib turgan oddiy inson ham sezib, buni his qilib turdi.
Jarayonda bevosita ishtirok etgan Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ham davlatimiz rahbarining Malayziyaga rasmiy tashrifi haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.
– Diplomatik tajribam va matbuot kotibi sifatidagi faoliyatimga asoslanib aytishim mumkinki, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy munosabat va norasmiy muloqot juda yorqin taassurot qoldirdi.
Ushbu go‘zal va mehmondo‘st mamlakat rahbariyati Prezidentimiz bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun qat’iy protokol qoidalaridan chekinib, yuksak hurmat va ishonch namoyish etganiga guvoh bo‘ldik.
Xususan, Prezidentimizni kutib olishga Malayziya parlamenti spikeri chiqqani, malayziyalik hamkasblarimizning aytishicha, ushbu mamlakat protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea bo‘ldi. Bundan tashqari, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga kun davomida, barcha rasmiy tadbir va uchrashuvlarda hamrohlik qildi. Muloqotni davom ettirish uchun O‘zbekiston Prezidentiga ajratilgan qarorgohga shaxsan tashrif buyurdi. Keyin ular birgalikda, bir mashinada "Petronas" bosh qarorgohiga yo‘l olishdi, u yerda kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
O‘zbekiston Prezidenti sharafiga uyushtirilgan rasmiy qabul marosimida Malayziya san’atkorlari o‘zining boy tarixi va madaniyati bilan bir qatorda xalqimizning kuy-qo‘shiqlari, raqslaridan iborat konsert dasturini namoyish etgani ham alohida e’tibor ifodasi bo‘ldi.
Bunday norasmiy va samimiy munosabat ikki yetakchi o‘rtasidagi yaqin do‘stlikdan, O‘zbekiston va Malayziya xalqlarining bir-biriga bo‘lgan yuksak hurmati, ikki tomonlama munosabatlarning porloq istiqbolidan dalolat beradi, – deb yozdi Sherzod Asadov.