Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 22-23-avgust kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻladi.
Ozarbayjon – mamlakatimizning Janubiy Kavkazdagi strategik hamkori va qardosh davlat hisoblanadi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon qadimiy va yangi tarixda hamisha yaqin hamkorlik olib borgan boʻlib, doʻstona munosabatlarni saqlab kelmoqda.
Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlari orasida Ozarbayjonning alohida oʻrni borligi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oliy va boshqa darajadagi faol muloqotdan dalolat beradi.
2022-yilda Ozarbayjon Prezidenti Oʻzbekistonga uch marta – iyun oyida davlat tashrifi bilan, sentyabr oyida SHHTga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun va noyabr oyida esa Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun keldi.
Oʻz navbatida, davlatimiz rahbari 2023-yilda Ozarbayjonga uch marta, jumladan, mart oyida Qoʻshilmaslik harakatining Boku shahrida boʻlib oʻtgan muloqot guruhi sammitida ishtirok etish, avgust oyida davlat tashrifi bilan va noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi (SPEKA)ning Boku shahridagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun tashrif buyurdi. Oʻzbekiston Prezidenti 2024-yil 5-6-iyul kunlari Shusha shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ham ishtirok etdi.
Oʻzaro tashriflar almashinuvi ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishda muhim omil boʻlayotir. Natijada oʻnlab hujjatlar, jumladan, Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi deklaratsiya va Oliy davlatlararo kengashni tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Ushbu hujjatlarning imzolanishi rasmiy Toshkent va rasmiy Boku manfaatlari hamda maqsadlariga mos kelishini, teng huquqli va koʻp qirrali sheriklikni faollashtirish uchun qulay shart-sharoit yaratishdan manfaatdorligini namoyon etdi.
Oliy darajadagi muloqotning jadallashgani yuqori darajadagi tashriflar almashinuvini faollashtirish, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar va koʻp tomonlama formatlar doirasidagi oʻzaro aloqalarning kengaytirishga xizmat qildi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon BMT, Qoʻshilmaslik harakati, Turkiy davlatlar tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli platformalarda bir-birini faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Soʻnggi yillarda Ozarbayjon Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida qabul qilingan toʻrtta rezolyutsiya hammualliflaridan biriga aylanganini mamlakatimiz yuksak qadrlaydi.
Har ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarida tashkil etilgan parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyati qonun chiqaruvchilar oʻrtasidagi amaliy va samarali aloqalarni kengaytirishga xizmat qilayotganini ham alohida taʼkidlash kerak.
Idoralararo darajada hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda, transport maʼmuriyatlari oʻrtasida yaqin muloqot yoʻlga qoʻyilgan, savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi mustahkamlanmoqda.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻz mintaqalarida ulkan salohiyatga va asosiy geostrategik joylashuvga ega boʻlib, bugungi kunda bir-birlari uchun iqtisodiy jihatdan istiqbolli sheriklarga aylandi, bu esa munosabatlarni kengaytirishga boʻlgan oʻzaro qiziqishning ortib borayotganini tasdiqlaydi. Rivojlanish koʻlamini tushunish uchun ikki tomonlama tovar ayirboshlash surʼatiga qarash kifoya. Shunday qilib, 2017-yildan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 5,5 barobardan ziyodga oshdi. Joriy yilning yanvar-iyun holatida esa ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oʻsishga erishdi. Albatta, bu koʻrsatkichlar mavjud imkoniyatlarga toʻliq mos kelmaydi, biroq ularning oʻsish dinamikasi rasmiy Toshkent va rasmiy Boku yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish boʻyicha oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga erishishini tasdiqlaydi.
Iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2020-yilda Oʻzbekiston-Ozarbayjon Ishbilarmonlar kengashi tuzildi. Hozirgi kunga qadar uning toʻrtta yigʻilishi oʻtkazildi. Mazkur platforma oʻzaro manfaatlar kesishgan yangi nuqtalarni aniqlash va investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan istiqboldagi birgalikdagi harakatlarni aniqlab olish imkonini beradi.
2023-yilda ikki davlatdagi eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston-Ozarbayjon qoʻshma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.
Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliya va sugʻurta, koʻchmas mulk bilan bogʻliq operatsiyalar, energetika, xizmat koʻrsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan 240 ta korxona Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Har ikki davlat transport sohasida ham hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bunga tarixiy xalqaro savdo yoʻllari chorrahasida joylashgan mamlakatlarimizning oʻz strategik oʻrinlarini uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlarga aylantirish istagi sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, ishonchli logistika infratuzilmasini yaratish va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish oʻzaro aloqalarning strategik tarkibiy qismlari hisoblanadi. Mamlakatlarimiz bu vazifaga oʻz iqtisodiyoti yuksalishining muhim omili sifatida qaraydi.
Oʻzbekiston bugun milliy tovarlarning jahon bozoriga chiqishini taʼminlovchi “Boku-Tbilisi-Kars” temir yoʻli imkoniyatlaridan faol foydalanmoqda. Ozarbayjon tomoni “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻli qurilishini qoʻllab-quvvatlaydi, uning amalga oshirilishi aloqalarni sezilarli darajada kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda Bokudan Toshkent, Samarqand, Urganch va Fargʻonaga yoʻlga qoʻyilgan toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2019-yildan boshlab Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida hududlararo hamkorlik faollashdi. Ikki mamlakat hududlaridan delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari muntazamlik kasb etayotir.
Masalan, Oʻzbekiston – Ozarbayjon mintaqalarining birinchi forumi 2023-yil fevral oyida Toshkentda, ikkinchisi joriy yilning may oyida Guba shahrida boʻlib oʻtdi. Mazkur forumlar yakunlariga koʻra, Samarqand va Ganja, Xiva va Shusha, Buxoro va Lankoran, Qoʻqon va Sheki, Namangan va Mingechevir, Guliston va Fuzuliy, Termiz va Bilyasuvar shaharlari oʻrtasida hamkorlik bitimlari imzolandi. Hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va shaharlar oʻrtasidagi aloqalar geografiyasini kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanliklarini bildiradilar.
Hozirgi zamonaviy bosqichda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishda din, til, madaniyat va anʼanalarning tarixiy mushtarakligi muhim oʻrin tutadi.
Maʼlumki, atoqli oʻzbek va ozar mumtoz adabiyotining yetuk namoyondalari – Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Nizomiy Ganjaviy, Nosiriddin Tusiy, Muhammad Fuzuliy va boshqa bir qator allomalarning ijodi nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun insoniyat mulki hisoblanadi. Ular qoldirgan buyuk merosni xalqlarimiz yuksak qadrlaydi.
Boku shahrida Alisher Navoiy, Toshkent shahrida esa Nizomiy Ganjaviy va Haydar Aliyev haykallari oʻrnatilgan. Oʻzbekiston davlat pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomi bilan ataladi, Ozarbayjonda esa Alisher Navoiy nomidagi qishloq bor.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2023-yilda Fuzuliy shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi 960 oʻringa moʻljallangan zamonaviy maktab barpo etilgani mustahkam doʻstlik va hamjihatlikning yana bir belgisi boʻldi.
Ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning taʼlim sohasidagi tashabbuslari tufayli ilmiy hamkorlik imkoniyatlari chuqurlashib, ikki davlat oʻrtasida tobora koʻproq qoʻshma loyihalar ishlab chiqilmoqda va delegatsiyalar muntazam ravishda almashilyapti.
Jumladan, Ozarbayjon madaniyat vaziri boshchiligidagi delegatsiya 2024-yilda Zomin shahrida oʻtkazilgan Xalqaro maqom sanʼati forumida, Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa VI Boku Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumi va “Shusha – Islom dunyosining madaniy poytaxti – 2024” yilining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ikki davlat hududlarida madaniyat va adabiyot kunlari, kino va ijodiy haftaliklar, gastrol safarlari, badiiy koʻrgazmalar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, 2023-yil aprel – may oylarida mamlakatimizda oʻzbek-ozar munosabatlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyevning 100-yilligiga bagʻishlangan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning mart oyida Boku shahridagi Haydar Aliyev nomidagi markazda “Choklardagi meros: Oʻzbekiston kashtachilik va tikuvchilik anʼanalari boʻylab sayohat” koʻrgazmasi ochildi. Ozarbayjon davlat akademik musiqali teatrida “Lazgi – muhabbat va qalb raqsi” baletining premyerasi katta muvaffaqiyat bilan oʻtkazildi.
Shu oʻrinda qayd etish kerakki, Oʻzbekistonda ham, Ozarbayjonda ham har ikki xalqning yetakchi sanʼat vakillarining ijodi juda mashhur va ular eʼzozlanadi. Ozarbayjon ijodkorlarining madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlashdagi xizmatlari eʼtirof etilib, Oʻzbekistonning yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlmoqda. Masalan, Oʻzbekiston Prezidentining Farmoni bilan Rashid Beybutov nomidagi Ozarbayjon davlat akademik musiqali teatri vokalisti Gulyanoq Mamedova 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti, 2024-yilda esa atoqli Ozarbayjon madaniyat arbobi Poʻlad Bulbul oʻgʻli Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Ozarbayjonning bir qator ijtimoiy-siyosiy arboblariga “Doʻstlik” ordeni topshirilgan.
Oʻz navbatida, taniqli oʻzbek estrada xonandalari Nasiba Abdullayeva va Farrux Zokirov Ozarbayjon xalq artistlari, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin Oʻrinboyev va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Ali Nasirli “Dostluk” ordeni bilan taqdirlangan.
Doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga bugun Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan ozar millati vakillari ham oʻz hissasini qoʻshmoqda. Ularning madaniyati va anʼanalarini asrab-avaylash maqsadida mamlakatimizda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi serqirra va samarali aloqalar bugungi kunda oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish yoʻlini ishonch bilan davom ettirish imkonini beruvchi mustahkam poydevorga ega. Ozarbayjon yetakchisining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar ushbu jarayonga qoʻshimcha surʼat bagʻishlashi barobarida, ikki tomonlama munosabatlarni yangi va yuqori ittifoqchilik darajasiga koʻtarishga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA