Malayziyadan munosabat: O'zbekiston barqaror rivojlanish bo'yicha global tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda

20.01.2025 04:13

Malaya universiteti xalqaro va strategik tadqiqotlar kafedrasi professori Roy Entoni Rodjers "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi yakunlari hamda Abu-Dabi va Dubaydagi tadbirlardagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

- Tashrif, shubhasiz, O'zbekiston-BAA munosabatlarini, ayniqsa, barqaror rivojlanish, qayta tiklanuvchi energetika va "yashil" iqtisodiyot sohalarida mustahkamlash yo'lida muhim qadam bo'ldi.

O'zbekiston yetakchisining Abu-Dabi shahrida o'tgan oliy darajadagi muzokaralarining samarali natijalari BAA bilan strategik sheriklikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishilganini ko'rsatadi. Shuningdek, qayta tiklanadigan energetika, barqaror rivojlanish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish kabi muhim sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga har ikki tomonning tayyorligini yaqqol namoyish etadi. Bu qo'shma loyihalar va O'zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash yo'lida yangi istiqbollarni ochadi.

O'zbekiston rahbarining "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" sammitidagi nutqi alohida e'tiborga loyiq bo'lib, unda barqaror rivojlanish, ekologik barqarorlik va "yashil" energetika bilan bog'liq bir qancha muhim jihatlar qamrab olindi. Shu tariqa, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatingizning iqlim o'zgarishi va "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bo'yicha global muloqotning faol ishtirokchisiga aylanishga bo'lgan intilishini namoyish etdi.

Bundan tashqari, uning nutqi Markaziy Osiyoni mintaqada energetika xavfsizligini ta'minlashda muhim rol o'ynaydigan va qo'shni davlatlar o'rtasidagi hamkorlikka hissa qo'shishi mumkin bo'lgan "toza" energiya ishlab chiqarish markazlaridan biriga aylantirish bo'yicha ulkan rejalarni aks ettirdi. Bu, o'z navbatida, "Buyuk ipak yo'li" doirasida energetik o'zaro bog'liqlik g'oyalarini ham qo'llab-quvvatlaydi.

Quvonarlisi, O'zbekistonda quyosh va shamol energetikasi jadal rivojlantirilib, energiyani saqlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, so'nggi besh yilda hukumat tomonidan energetika sohasiga qariyb 20 milliard AQSH dollar xorijiy investitsiya jalb qilingani mamlakat iqtisodiyoti va "yashil" tashabbuslarga bo'lgan ishonchning yuqoriligidan dalolat beradi. Bu O'zbekistonning qayta tiklanadigan energiya manbalariga o'tishini tezlashtirish uchun ham muhimdir, chunki yirik xalqaro kompaniyalar nafaqat kapital, balki ilg'or texnologiyalarni ham olib kelishi mumkin.

Umuman olganda, BAAga amalga oshirilgan tashrif va O'zbekiston rahbarining "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi"dagi ishtiroki mamlakatning barqaror rivojlanish va "yashil" energetika bo'yicha global tashabbuslarga faol qo'shilish istagini tasdiqlaydi. O'zbekistonning energetika, ekologiya va iqlim o'zgarishi bo'yicha o'z strategiyasini taqdim etishi, shuningdek, BAA bilan muvaffaqiyatli hamkorligi uning barqaror rivojlanish masalalari bo'yicha mintaqadagi yetakchi sifatidagi nufuzini mustahkamlamoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net