Haqiqiy ijodkor hayotining biror lahzasi Vatan va millat tuygʻusidan ayro kechmas. Agar shu tuygʻudan mahrum boʻlsa, u ijodkor sanalmas. Sarlavhadagi oʻtli fikr Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodining asl mohiyatini aks ettirgani ayon.
Sheʼrlarida shoir ushbu tuygʻuni milliy ruh va yuksak badiiyat uygʻunligida betakror talqin etdi. Estetik tafakkurning ijod ahli yetishmogʻi mushkul boʻlgan yuksak choʻqqisiga olib chiqdi. Milliy adabiyotning taraqqiyot mezonlarini belgilab berdi. Sheʼriyatda oʻziga xos anʼanalariga, munosib izdoshlariga ega maktab yaratdi.
“Istayman, qora rang qolmasa jinday...”
Oʻtgan asrning 60-yillarida yakkahukmron kommunistik mafkura ijodiy erkinlikni jilovlab qoʻygani bois, vatan, xalq mavzusida chuchmal, taʼsirsiz soʻzlar nazm namunasi oʻlaroq taqdim etilayotgan, bir xil yashasinchilik ruhi hukmronlik qilayotgan kezda sheʼriyat maydonida birdaniga yashin chaqnadi, momoqaldiroq guldiradi goʻyo. Bu yashin sababli vataning — butunittifoq, millating – sovet, degan soxta tuygʻularga oʻt ketdi. Bu momoqaldiroq Vatan haqidagi koʻngilda yashirinib yotgan kechinmalardan bong urdi. “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” – Abdulla Oripovgacha bunday savolni hech bir shoir bu tarzda kun tartibiga qoʻya olmagan edi. Buning oʻsha zamon uchun qanchalik jasorat boʻlganini har bir tafakkur egasi eʼtirof etadi.
Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand boʻlsa, kechirma aslo.
Oʻzigacha boʻlgan birorta ham ijodkorni takrorlamagan bunday oʻtkir va ohorli poetik xulosa shoir ijod konsepsiyasining zamini nechogʻli mustahkam ekanidan darak berdi.
Abdulla Oripov adabiyotga chaqmoqdek kirib kelgan oʻtgan asrning 60-70-yillari, garchi, tarixga “ilimiliq” davri sifatida kirgan boʻlsa ham shoʻro senzurasi avjga mingan kezlar edi. Senzuraning mohiyati A.Gersenning quyidagi soʻzlarida anchayin aniq va mufassal ifodalangan: “...oʻz soʻzini bilintirmaslik uslubini va sanʼatini rivojlantirishga senzura juda katta yordam beradi. Senzura toʻsigʻidan asabiylashgan ijodkor uni yengishni xohlaydi va bunda deyarli hamisha muvaffaqiyat qozonadi. Kinoyali soʻz hayajon, kurash izlarini saqlab qoladi; unda oddiy bayonga nisbatan ehtiros koʻproq boʻladi. Ochigʻini aytmaslik oʻz pardasi ostida kuchliroq, tushunishni istagan kishi uchun hamisha ravshan boʻladi... Pinhona fikr soʻzning qudratini oshiradi, yalangʻoch fikr esa idrokni jilovlaydi. Yozuvchi qanchalik ehtiyot boʻlishini biladigan oʻquvchi uni diqqat bilan oʻqiydi; oʻquvchi bilan muallif oʻrtasida yashirin aloqa paydo boʻladi. Biri yozganini yashiradi, ikkinchisi esa uni tushunadi. Senzura shunday bir toʻrki, mayda chivinlarni ushlab qoladi, kattalarini esa oʻtkazib yuboradi”.
Koʻhna Sharq, jumladan, qadimiy anʼanalarga ega oʻzbek sheʼriyati ramzlar, timsollar tili bilan soʻzlaydi. Shuning uchun misralar zamiridagi katta haqiqatlarni toʻsib qolishga senzuraning quvvati kelmagan hollar koʻp. Abdulla Oripovning “Oʻzbekistonda kuz” sheʼri buning yorqin misolidir. Shoir “rizqi ona yerga sepilgan qadim, halol xalqining million egatlarga egilgan”idan iztirob chekadi. Bu pari fasl – kuzga bagʻishlangan betakror tashbehlar zamiridagi asl mohiyatni anglash, his etish A.Gersenning yuqoridagi soʻzlari nechogʻli haqiqat ekanini tasdiqlaydi. Jumladan, shoir mana bunday yozadi: “Bir nafas boshingni koʻtargin-u, boq, Yer yuzida ajib viqor va nufuz”; “Ulugʻ Alisherning soch oqin koʻrib, Ogʻir xayollarga choʻmgan bu fasl, Qayragʻoch yonida gʻamgin oʻtirib, Chollarga hassalar yoʻngan bu fasl”. Demak, shoirning asl maqsadi ona yurt kuzini vasf etishdangina iborat boʻlmagani aniq. Uning muddaosi xalqining tilga chiqarilmaydigan dil dardlarini kinoyalar orqali misralar tagmatniga singdirib yuborish boʻlgan.
“Faqat shakl jihatdan emas, balki mazmun jihatdan ham koʻpplanli va murakkab” (Matyoqub Qoʻshjonov taʼbiri) boʻlgan “Yuzma-yuz” sheʼrida ham shoir kinoyalar zamiriga katta poetik maʼno yuklaydi. Necha asrlar oʻtsa-da, yer uzra gʻam hukmron boʻlgani, yaxshilik donini ekkanlar yomon deb nom olgani haqidagi satrlar buning dalilidir. Garchi, zohiran tarix haqida fikr yuritilgandek tuyulsa ham mana bu nido mazkur asar yaratilgan shoʻrolar davridagi haqsizlikka qarshi isyon oʻlaroq yangraydi:
Nahotki dunyoda haqsizlik mangu,
Nahotki odamzod qilingandir oq?!
Nahot oʻsha Freyd haq boʻlsa, yohu,
Nahot qotil boʻlsa oʻsib chaqaloq?!
Asarda ona xalqimizning gʻamu anduhlari, dardu iztiroblarini tasvirlashda shoir kinoyadan mahorat bilan foydalangan. U soflik va masʼumlik timsoli boʻlgan yulduzlarga xitob qilib, “yel tinsa ham tinmaydigan, zahmatkash, ishparast, munis” xalqining achchiq qismati haqida mana bunday misralarni ijod qiladi:
Men uni oʻylayman tun-kechalarda,
Ona xalqim, deyman, mehrim oqar jim.
Koʻzimga baʼzida koʻrinsa janda,
Koʻnglim toʻlib ketar, ingrayman, xalqim...
Xalqim, moziy oʻtdi, tole koʻrmading,
Pishirding oʻzingga benasib taom.
Kiygizding birovga, oʻzing kiymading,
Yulduzni kashf etib nom olding – avom!
Bu fikrlar aslida moziyga emas, sheʼr yaratilgan davrga oid. Yulduzni moziyda kashf etgan ona xalqimiz avom degan nomni shoʻrolar zamonida olgani ham buning isbotidir.
Chinakam ijodkor hech qachon oʻz xususiy dardi bilan yashay olmaydi. Xudbinlik, xudparastlik unga yot. Soxta tuygʻular unga begona. U kattaroq miqyosda fikrlaydi; el gʻamini kuylaydi, ona xalqining baxtli boʻlmogʻini orzu qiladi. Shoirning paxtazorga dilda tashvish bilan boqishining sababi “million egatlarga sochilgan oʻzbek”ning oʻsha davrdagi ogʻir qismatidir. “Rangpar singil” – kunduzi paxta dalasidan, kechasi roʻzgʻor tashvishidan qaddi dol, kasalmand, farzand tarbiyasi bilan shugʻullanishga ham vaqt topa olmaydigan oʻzbek ayoli timsoli. Shoir avlod qonida otalarning buyuk shiddati yonishini istaydi. Shu bois, xudbin tengdoshiga gʻamgin boqadi, koʻlmak davra koʻrsa, yuragi eziladi. Xalqining kuni bundaylarga qolmasligini tilaydi. Birdaniga oʻz-oʻziga savol bera boshlaydi: “Men oʻzim nimaman? Aslida, balkim Eng noʻnoq odamman, noʻnoqman, faqat, Faqat bir narsani yashirmas qalbim: Mening yuragimda bordir Muhabbat! Seni, ona xalqim, sevaman jondan, Seni tashvishingni tashvishim deyman. Nima qilolardim? Foydam kam garchand, Biroq men oʻzimcha gʻamingni yeyman”.
Ana shu tuygʻu – ona xalqqa muhabbat hissi boʻlishining oʻzi katta gap. Shoirning bu soʻzlari “Odami ersang, demagil odami – Oniki, yoʻq xalq gʻamidin gʻami”, degan hazrat Alisher Navoiy hikmatining yangi zamondagi oʻziga xos talqini ekanini ham taʼkidlash kerak. Mana bu misralar shoirning orzulari naqadar pok, niyati nechogʻli nekbin ekani isbotidir:
Istayman, qora rang qolmasa jinday,
Istayman, botmasa shu rangin quyosh.
Akaning singilga achinganiday
Inson inson uchun toʻka olsa yosh.
Ona xalq baxti deb har vaqt, har qachon,
Istayman, bir safda tursa odamlar.
Ranglardan faqat bittasi – qizil tanlab olingan, umumsovet xalqi, umumiy vatan, umumiy his-tuygʻular... madh etilgan, ustoz Ozod Sharafiddinov taʼbiri bilan aytganda, maddohizm urchigan bir zamonda ona xalq baxti haqida bunchalar yonib kuylash shoirga oson kechmagani ayon.
Obrazlilik – sheʼriyatning bosh shartlaridan. Nazmiy asarning badiiy qimmati obrazning nechogʻli yorqin ekani bilan belgilanadi. Bulbul va toʻti – mumtoz adabiyotimizda eng koʻp qoʻllangan obrazlar. Anʼanaviy obrazga tamomila yangicha mazmun yuklash uchun ijodkorning taxayyul olami keng boʻlishi zarur. Hatto baʼzan keng fantaziyaning oʻzi ham yetarli boʻlmasligi mumkin. Buning uchun favqulodda isteʼdod talab etiladi. “Ona tilimga” degan sheʼrida shoir “bulbul” va “toʻti” obrazlariga kutilmagan rakursda yondashadi. Sheʼrda bulbul – betakrorlik ramzi. Boshqa hech kimnikiga oʻxshamagani uchun uning kalomi ming yillar oʻtsa-da, oʻzgarmaydi. Bunga ehtiyoj ham sezmaydi. Toʻti esa taqlid timsoli. Shu bois, u achinmoqqa sazovor. Shu sababdan ham unga nisbatan “shoʻrlik” epitetini qoʻllaydi shoir. Shoirning bulbul kuyini sheʼrga solayotgani sababi – ona tilining mavjudligi. Tilini yoʻqotganlar ham toʻti bilan qismatdosh boʻlishga mahkum – ana sheʼrdan chiqarilgan oʻziga xos poetik xulosa.
“Bu sheʼrning tarixi juda uzun, – deb yozadi muallif. – Sakkiz qatorlik shu sheʼr boshimga sakkizta bomba boʻlib tushishini tush koʻribmanmi? Hozirgi yoshlar ona tilimizga davlat tili maqomi berish haqidagi qonunni “hatto” uddalab bajara olishmayapti. U mahallarda-chi?... Sheʼr chiqqach, “Hali sening ona tiling bormi? Hali sen jahon sotsializmi gʻoyasiga qarshimisan? Ota-onang kim? Qaysi millatchining bolasisan?” degan bir dunyo tazyiq ostida qolganman. Katta minnatdorlik bilan bir gapni aytib oʻtishim kerak: balki qamashga, balki meni yoʻq qilib yuborishga asos boʻladigan uch-toʻrtta sheʼrim, yaʼni “Ona tilimga”, “Minorai kalon tepasidagi laylak”, “Oʻzbekiston” kabi tizmalar Aleksandr Tvardovskiy hamda Qaysin Quliyev yordami bilan markaziy nashrlarda (“Novыy mir” jurnalida) bosilib chiqmaganida edi, oʻsha taqdir charxpalagi qayoqqa qarab aylanib ketishi mumkinligini men hozir hatto tasavvur ham qila olmayman”.
Ona tilimiz taqdiriga kuyinish millatning qismatiga kuyinish demakdir. Hukmron kommunistik mafkura milliy tillarning bora-bora yoʻqolib, yagona tilga singib ketishi haqidagi soxta va zararli gʻoyani targʻib qilib turgan bir vaziyatda bunday sheʼrni yozish boshini kundaga qoʻyish bilan barobar edi. Faqat katta jasorat sohibigina bunday ishga qoʻl urishi mumkin edi. Bu amalda mustaqillik orzusini qalamga olish degani edi.
Shoirning bor-yoʻgʻi sakkiz qatorlik “Tilla baliqcha” sheʼri adabiyotshunoslikda koʻpdan koʻp bahsu munozaralarga sabab boʻlgan. Bu sheʼrda ham muallif ramzlar, timsollar tilidan foydalanadi. “Loyqa hovuz” – bu muhit timsoli. “Tilla baliqcha” esa ana shu kir, chirkin muhit asiri. Bu sheʼrni, taʼbir joiz boʻlsa, shaxs erkini har tomonlama cheklab qoʻygan shoʻrolar muhiti ustidan chiqarilgan poetik ayblov, deb hisoblash mumkin. Bunchalik katta mazmunni bor-yoʻgʻi 38 soʻz vositasida betakror ifodalash, tabiiyki, shoirdan yuksak mahorat talab etadi. Umuman, oz soʻzga koʻp maʼno yuklay olish, soʻzni isrof qilishdan saqlanish – Abdulla Oripov sheʼriyatining xos xususiyati.
Hazrat Alisher Navoiy “Nukta su yangligʻ eritur toshni, Topsa haqiqat oʻtidin choshni”, deb yozgan. Yaʼni soʻz, soʻz boʻlganda ham topib aytilgan soʻz toshni ham xuddi suv kabi eritishga qodir. Faqat bir sharti bor — u haqiqat olovidan taft olishi zarur. Mutafakkir bobomiz bu orqali ijod ahli, agar asaridan avlodlar bahra topishini istasa, haqiqatga xiyonat qilmasligi lozim, degan teran fikrni ilgari surgan. Abdulla Oripov ijodining dastlabki kezlaridanoq haq soʻzni aytdi. Ochiq aytish imkoni boʻlmasa, ramzlar, timsollar bilan ifodaladi. Fikrlarini obrazlar zamiriga yashirib boʻlsa-da, haqiqatni izhor etdi. Biroq zamon yolgʻonlar zamoni edi. Haq soʻzni aytgan odam boshiga balolar yogʻilishiga tayyor turmogʻi zarur edi. Shunday boʻlsa-da, ijodkor oʻz aʼmolidan chekinmadi. “Avlodlarga maktub” sheʼri buning yorqin misoli. 1966-yilgi Toshkent zilzilasi xalqning boshiga tushgan ogʻir musibat edi. Shoir sheʼrda bu zilzilani “asrimizning buyuk ofati”, deya sifatlaydi. Lekin yolgʻonlar saltanatining jarchilari uni boshqacharoq talqin etishga urindilar. Sheʼrdagi “Jasorat atalmas ilojsiz bardosh”, “Bir kun aytibdirki Navoiy bobo: “Doim oʻzga boʻlur surat ila ruh”, “Doʻstlarim, hayratda qolmangiz faqat, Pahlavon asrga lof urish mosdir” singari misralarda ham shoirning shoʻro tashviqotchilariga kinoyasi sezilib turadi. Sheʼrni shoir mana bu tarzda xotimalaydi:
Tuproq qoʻzgʻalmasdan oʻrnidan battar,
Solmasidan avval dahshat, qatagʻon, —
Yer osti tinch tursin desangiz agar,
Sizlar yer ustida soʻylamang yolgʻon!
“Zilzila tufayli Toshkent vayron boʻldi, — deb yozadi shoir sheʼrning yozilish tarixi haqida. — Ertasiga esa koʻcha-koʻyda toʻy, xuddi Navroʻz bayramidek gʻat-gʻut musiqa, televizor, radio baqirib yotibdi. Koʻchalarda oshlar pishirilgan, odamlar raqsga tushgan. Xuddi bu zilzilani yuz yil kutgandek. “Sovet xalqi hech kimdan qoʻrqmaydi”, deb baqirishgani baqirishgan. Atrofga qaraysiz, qancha uylar vayron boʻlgan. Buldozer, tank surib yotibdi. Shunday kezda nima qilasan yolgʻon gapirib? Axir, bu tuzumning inqirozi emas-ku? Tabiiy ofat-ku! Yer qimirlashiga marksizmning nima aloqasi bor? Nima uchun buni tan olmaysan? Hatto zilzilaning kuchi shuncha ball, deb eʼlon qilganda bundanam urib qolishardi. Unchamas, buncha odam oʻldi, deydi. Sovet kishisini tabiiy ofat ham yengolmaydi, deb ovoza qiladi... Shuning uchun sheʼrni men bunday xulosa bilan tugatganman: “Yer osti tinch tursin desangiz agar, Sizlar yer ustida soʻylamang yolgʻon!” Bu sheʼrni bostirolmadim. Kim bosardi. Oxiri Zulfiya opa oʻqidi-da, men “Saodat” jurnalida bosib chiqaraman, deb olib qoldi. Yoʻq, baribir haligi senzura oʻtkazmabdi. “Sizlar sheʼr ustida soʻzlamang yolgʻon” boʻlib eʼlon qilindi. Ana shunaqangi muttahamgarchiliklarni koʻrganman. Shunday hayotni, shunday vaziyatni koʻrgan odam mustaqillikni orzu qiladimi, yoʻqmi? Boshqa, xalqingni xalq, insonlarni inson oʻrnida koʻradigan tuzumni orzu qiladimi, yoʻqmi?!”
“Mana, men – Oʻzbekman, qoʻlimda tugʻim...”
Ona yurtini ozod, oʻzi mansub boʻlgan xalqni erkin koʻrish bir umrlik orzusi boʻlgan shoir Abdulla Oripov mustaqillikni qanday kutib oldi? Bu ulugʻ neʼmat shukronasi uning sheʼrlarida qay tarzda talqin etildi? Xalq deputati sifatida shoir davlat mustaqilligimiz eʼlon qilingan 1991-yil 31-avgust kuni Oliy Majlis zalida ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldi. Oʻsha hayajonli lahzalarni shoir mana bunday xotirlaydi: “Hayotimdagi eng unutilmas lahzalar bu! Bir paytlar Gʻafur Gʻulom “Tugʻilgan kunimni eslay olmayman”, deb aytgan edi. Albatta, odam bolasi tugʻilgan kunini eslay olmaydi. Qanday qilib, chaqaloqligidagi oʻsha lahzani eslay olsin. Lekin millat boʻlib, davlat boʻlib, yana qaytadan dunyoga kelgan kunimiz men ham zalda bor edim. Bu mening ham, xalqimning ham qayta tugʻilgan kunimiz edi. Juda ham yaxshi eslayman. Yetmish toʻrt yil ishlangan, loyi pishib ketgan mafkura odamlarni qoʻrqoq, itoatgoʻyga aylantirib qoʻygan edi. Shunday vaqtda, goʻyo osmonda birdan momoqaldiroq gumburlab, hammayoqni yorituvchi yashin chaqnaganday Prezidentimizning “Oʻzbekistonni mustaqil deb eʼlon qilaman!” degan soʻzlaridan butun zal jim boʻlib qoldi. Men oʻzim kichik jussali odam boʻlsam ham ichimdan vulqondek narsa otilib, boʻgʻzimga keldi. Zal karaxt boʻlib qoldi. Prezidentimizning daʼvatidan keyin odamlar oʻziga kelib, oyoqqa qalqib, qarsak chalib yubordi”.
Ana shu qutlugʻ kundan eʼtiboran shoir har bir sheʼrida, matbuotdagi har bir chiqishida yurt istiqlolini kuyladi. “Oʻzbekistonim, senga” sarlavhali gʻazalda shoir ozod yurtni eng goʻzal mumtoz tashbehlar vositasida vasf etadi:
Har bir ahling bitta yulduz, kavkabistonim oʻzing,
To hayotdirman, charogʻim, shuʼlai shonim senga.
Uning uchun Vatan nurli boʻston, unga qalbini, nainki qalbini, tandagi jonini nisor etadi. Uning uchun ona yurt qarogʻ, mujgonlarini unga sadqa qiladi. Bu zamin koriga yaragan bir onini shoir bir umrga teng biladi. Shu bois, Vatan xizmatiga har lahzada shay, bu uning uchun chinakam baxt ekanini izhor etmoqqa shoshiladi:
Xizmatingga shay erurman, mehnatingda ham oʻzim,
Baxtiyorman sarf etolsam borki imkonim senga.
Shoir yangi XXI asrni katta umid va orzular bilan, oʻz taʼbiri bilan aytganda, “tilida shukrona, dilida gʻulu” bilan kutib oldi. Va u tarix sarkotibining qoshiga kelib, koʻnglidagi tuygʻularini mana bu tarzda izhor etdi:
— Mana, men – Oʻzbekman, qoʻlimda tugʻim
Va barcha aʼmolim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yoʻgʻim,
Shuning ichidadir men uchun oftob.
Oʻzbekman, inshoolloh, iymonim butun,
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun,
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.
Keyingi misralarda shoir “gohida iqboli kulib, gohida ofati oʻzidan chiqqan” oʻzbek ekanini, jahongir boʻlib dunyoni olgan boʻlsa-da, goʻdak yigʻisiga toqati yoʻqligini aytadi. Qanchalik jafo chekkan boʻlsa-da, oʻziga haq boʻlgan va oʻziga haq boʻlib kelayotgan, yovlarga boʻyin egmay yashab, bu kun oʻz erkiga erishgan xalq ekanini baralla izhor etadi. Nido sanʼati bilan ziynatlangan poetik xulosa nafaqat oʻquvchiga badiiy zavq berishi, ohorli mazmun betakror talqin etilgani bilan ham alohida ajralib turadi:
Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
Oʻtdim. Bismillohir Rahmonir Rahim.
Abdulla Oripov koʻplab xorijiy davlatlarda boʻldi. Qaysi mamlakatga, qay sabab bilan bormasin, taassurotlarini sheʼrga soldi. Chet ellarda yozilgan sheʼrlari zamirida ham ona Vatanga muhabbat tuygʻusi aks etgani shoirning oʻz ijod konsepsiyasiga sodiq qolganidan dalolat beradi. Yaponiya safari davomida bu xalqning salohiyatiga dunyo qoyil ekanini taʼkidlagan shoir, yaponlarning hatto “burgani taqalab qoʻya olishi”dan hayratga tushadi. Burgani taqalash – chinakam jozibali va milliy ifoda! Eng muhimi, shoirning bu toʻrtligi odamni mushohadaga, oʻz ahvoli haqida fikrlashga undaydi. Oʻquvchida umr deb atalmish neʼmatni qadrlash, uni behuda oʻtkazmaslik tuygʻusini tarbiyalaydi:
Sening amalingga qoyildir jahon,
Burgani taqalab qoʻygaysan oson.
Nozik sanʼatingga tikilaverib,
Koʻzlarim qisilib ketdi-ku, yapon.
Oʻz-oʻziga mahliyo boʻlish – illat. Ajdodlarimiz benazir boʻlgani rost. Tarixda hayratga arzirli yutuqlarga erishganimizdan aslo koʻz yumib boʻlmaydi. Lekin chinakam saodatga erishmoq uchun bulardan faxrlanishning oʻzigina kifoya qilmaydi. Buning uchun oʻsha ajdodlarga munosib boʻlmoq, ularning yutuqlarini yangilari bilan boyitib bormoq zarur. Afsuski, biz har doim ham bunga muvaffaq boʻlavergan emasmiz. Tokioda yozilgan quyidagi toʻrtlik ana shu armon ifodasi oʻlaroq yaralgan:
Dunyoda tugamas ekan armonlar,
Oʻtdi qancha zamon, qancha sarbonlar.
Oʻtira beribman buyukman deya,
Manzilga yetibdi boshqa karvonlar.
Soʻzning nechogʻli ulugʻ neʼmat ekani ayon. Ayniqsa, Abdulla Oripovday soʻz sanʼatkorining har bir asari “soʻz guharining sharafi” (hazrat Navoiy taʼbiri) nechogʻli yuksak ekanini mudom tasdiqlab turadi.
Shoir qaysi yurtlarga bormasin, ona yurt muhabbatidan bir nafas boʻlsin yiroq tushmadi. Umrining oxirgi yillarida muolaja niyatida bir muddat Amerikada yashashiga toʻgʻri keldi. Ushbu “sehrli diyor”da ekanida ham shoir Vatan yodi bilan yashadi, ona zamin sogʻinchini qalb harorati bilan sheʼrga soldi:
Oʻng qovogʻim uchdi-yo,
Chap qovogʻim uchdi-yo.
Olislarda qolgan yurtim
Birdan esimga tushdi-yo.
Oʻng yoki chop qovoq uchishi xalqimizda oʻziga xos ramziy maʼnolarga ega. Qovoq uchishi aksar hollarda eng qadrdon tuygʻular bilan uygʻun holda talqin etiladi. Abdulla Oripov olislarda qolgan jondan aziz ona yurti sogʻinchi, bolalarining omonligi bilan bogʻliq ota mehriga yoʻgʻrilgan oʻylari hamda davradoshu joʻralarining kim tomonda ekani, qancha haftalaru oylar oʻtsa-da, qishlogʻini koʻra olmagani haqidagi hazin tuygʻularni qovoq uchishi timsolida dardchil misralarda ohorli ifodalaydi. Xalqona ohang, samimiy tuygʻu, koʻngil iztirobi mutanosibiligidagi satrlar tagmatnidan anglashiladigan mehr va sogʻinch, orzu va armon, iztirobu hasrat ohanglari koʻngillarni oʻrtab yuboradi. “Uzoqdagi shoir oʻgʻli Kimning yodiga tushdi-yo” tarzidagi lirik kechinma ifodasi aks etgan xulosadan Vatani va xalqi xotirasida boʻlish ikki dunyo oraligʻidagi ijodkor uchun qanchalar ahamiyatli ekani anglashiladi.
Abdulla Oripov AQSHning Xyuston shahrida dunyodan oʻtdi. Nazarimizda, ushbu hodisa ulugʻ shoir “Oʻzbekiston” sheʼrida yuqori pafos bilan vasf etganidek, buyuk bobokaloni Beruniyning aql mashʼali tufayli kashf etilgan mamlakatda sodir boʻlishida oʻziga xos hikmat bor. Abdulla Oripov bu orqali ramziy maʼnoda Kolumbdan alamini oldi. Shoirning aziz vujudi sheʼrlari orqali xayolot olami bilan sanoqsiz marta kezgani samolarda parvoz qilib, ona Vataniga olib kelindi va jonidan ortiq koʻrgani ona zamindan joy oldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ulugʻ shoir sheʼriyati mudom millatning qalbida yashaydi va bundan keyin ham milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga munosib xizmat qiladi.
Nurboy Jabborov,
filologiya fanlari doktori, professor