yoxud yoshlarni vatanparvarlikka, ilmni puxta egallashga, kasbda kamol topishda gʻayrat qilishga undaydigan nasihatlar bayoni
9-fevral — Alisher Navoiy tavalludi kuni
Alisher Navoiyning bebaho oʻgitlari yosh avlodda vatanparvarlik, yuksak maʼnaviyat, bagʻrikenglik kabi ezgu fazilatlarni shakllantirishda gʻoyat muhim oʻrin tutishini izohlashga hojat yoʻq. Buyuk bobomizning betakror asarlari orqali ezgulik, muhabbat, doʻstlik, adolat, tinchlik kabi olijanob fazilatlar mohiyatini teranroq anglaymiz. “Xamsa”, “Majolis un-nafois”, “Muhokamatu-l-lugʻatayn” kabi asarlarini qoʻldan qoʻymay oʻqimoq, mazmun-mohiyatini teran anglamoqdan maʼno ham shudir.
Shu maʼnoda Alisher Navoiy oʻz asarlarida Sohibqiron Amir Temur va temuriylarga alohida fasl va boblar bagʻishlagan, xabarlar bitgan. Mutafakkir ularda maʼlum bir maʼnoda oʻzining boqiy fikrlari, milliy va umumbashariy gʻoyalarini tarannum qiladi. Mazkur maqolada shunday boblardan biriga ijtimoiy fikr va poetik talqin aspektida eʼtibor qaratishga harakat qildik.
Hazrat Navoiy “Farhod va Shirin” dostonining 53-bobini Sulton Husayn Boyqaroning oʻgʻli Abulfavoris Shohgʻarib Mirzoga bagʻishlagan. U bobga “Saltanat shajarasining samarasi va xilofat bogʻining shajarasi, hidoyat avjida manzil etgan, tamalluqning nihoyatigʻa yetgan, riyo qasri bunyodin qoʻnqorgʻon, balogʻat ayvonida ot chiqorgʻon, yaʼni sultonzodai olam Abulfavoris Shohgʻarib Bahodir xallada davlatuhu madhida bir necha soʻz surmak va nasihatomiz nuktalar arzgʻa tegurmak, umid ulkim bu shohvor durlarni tufrogʻdin olgʻay va adosida quloq solgʻay, balki ul garonmoya gavharlarni quloqqa solgʻay”, deb navoiyona uslubda sarlavha qoʻygan.
Sarlavhada aytilganidek, bob mavʼiza, didaktik xarakterga ega boʻlib, Alisher Navoiyning mazkur bobni “nasihatomuz nuqtalar” deya izohlashiga sabab shuki, Shohgʻarib Mirzo uning soʻzlariga quloq solishiga umid bildirgan. Demak, bobda bayon qilingan mavʼiza bir shaxs, yaʼni davlat arbobiga atalgani bois, uni umumga emas, balki yakka shaxsga qaratilgan oʻgitlar turkumiga kiritish mumkin. Albatta, bu tasnif ham nisbiydir. Bobning ayrim oʻrinlarida umum manfaati ham nazarda tutilgani seziladi. Umuman, hazrat Navoiy mazkur bobda Shohgʻarib Mirzoni davlat va mamlakat taqdiriga daxldor shaxs sifatida tasvirlagani ochiqlangan.
Abulfavoris Shohgʻarib Mirzo jismida nuqson bor edi, tarixiy maʼlumotlarga qarganda, u bukri boʻlgan. Shuningdek, u Gʻaribiy taxallusi bilan oʻzbek, fors tilida sheʼrlar bitgan, Navoiy gʻazallariga ham taʼsirli tatabbuʼlar yozgan devon (Germaniyaning Gamburg milliy kutubxonasida saqlanadi) tuzgan, otasi Sulton Husayn Boyqaroga saltanat ishlarida yordam bergan, yaʼni Sulton safarda boʻlgan vaqtlarida shahzoda poytaxt Hirotni, maʼlum maʼnoda mamlakatni ham boshqargan. U shohning boshqa oʻgʻillari kabi maishatga berilmagan, oʻz davrining muhim ilm, fanlarini puxta egallagan, adolatni baland tutgan hamda ilm-maʼrifat va hunar ahliga himmat koʻrsatgan.
Shohgʻarib Mirzo Alisher Navoiyning oʻta qobiliyatli zamondoshlaridan biri hisoblanadi. Mutafakkir shoir Shohgʻarib Mirzoga umid bogʻlagan va unga ixlosi juda baland boʻlgan. Buni mazkur bob mazmunidan yoxud “Majolis un-nafois” tazkirasining 7-majlisidan bilish mumkin. Shoir adabiyot, sanʼat va madaniyatga homiylik qilgan yoki ijod bilan shugʻullangan 21 nafar temuriylar qatorida unga maxsus fiqra yozgan va uni “Devon ham jamʼ qilibdur. Yaxshi matlaʼlari bu muxtasargʻa sigʻmas, magar yana bir kitob bitilgay”, deya yuksak sharaflagan.
Bob avvalida Alisher Navoiy ramziy maʼnoda Jahon bogʻi va unda oʻsuvchi yuz xil gullar rangi, fayzi haqida soʻz ochar ekan, Shohgʻarib Mirzoni goʻyo shu bogʻning bir guliga qiyoslaydi. Muallif “Bori shohlar fasihi Shohgʻarib ul” deya uni yuksak eʼtirof bilan oʻquvchiga tanishtiradi:
Gʻarib oʻlgʻay nihoyatdin ziyoda,
Bu yangligʻ gulkim oʻlgʻay shahzoda.
Qayu shahzoda ul koni malohat,
Takallum vaqti daryoyi fasohat.
Fasohat bobida shohgʻa qarib ul,
Bori shohlar fasihi Shohgʻarib ul.
Hazrat Navoiy temuriy shahzodani badiiy mahorat bilan Yangi oyga va Quyoshga mengzaydi. Uning kamoloti yoʻlida klassik-oliy, turkona-xalqona uslubda bir turkum nasihatlar aytgan va oʻgitlarini halimlik bilan bayon qilishda daho shoir sifatlash, oʻxshatish, talmeh, faxriya, tazod, husni taʼlil, tamsil, murojaat singari sheʼriy sanʼatlardan unumli foaydalangan. Shunisi eʼtiborga molikki, bob obrazlar olamiga juda boy. Unda Shohgʻarib Mirzoga aytgan nasihatlarini muallif eng uzoq umr koʻrgan Nuh paygʻambar, Muhammad (s.a.v), shunindek, Ajam shohlari, shoh Iskandar, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Sulton Husayn Boyqaro kabi tarixiy shaxslar orqali yetkazadi. Bundan tashqari, faloniy obrazi sifatida birov, olim, hakimlar, yuz ming xirandmand, din ulamolari, tabib, muarrix, muhaddis, ogohlar, shoh, ogoh shoh, ulus, soqiylarni tilga oladi. Bobning tili sodda, poetikasida esa muallif nutqi ustun, ibtidosidan intihosiga qadar muallif nutqi bilan bayon etiladi.
Birinchi nasihat ulugʻ mutafakkirning qutlugʻ duosi, nek niyatiga yoʻgʻrilgan tarzda ifodalangan. Bayt shohbayt xarakterida boʻlib, hikmat nafaqat Shohgʻarib Mirzoga, balki maʼlum maʼnoda olam ahliga, kelajak avlodga qarata aytilgan, deb baholash mumkin. Bu oʻrinda Alisher Navoiy qoʻllagan kasbi kamol et tamoyili qitʼalaridan birida ham badiiy talqin qilingan. Bobda kasbi kamol et tamoyili shu tariqa ifoda qilinadi:
Quyoshliq istasang kasbi kamol et,
Kamol ar kasb etarsen, bemalol et.
Ikkinchi nasihatda esa hazrat Navoiy oʻz vaqtida taʼlim, tarbiyaga gʻayrat va ragʻbat koʻrsatmay, balki oʻzining gʻaflati, befarqligi oqibatida insonda paydo boʻlgan xijolat, xijolat boʻlish kabi salbiy xislatdan ogohlantirgan. “Nasoyim ul-muhabbat”da vaqtni sarmoya deb bilgan Alisher Navoiy vaqt qadri haqida ham eslatgandek boʻlgan:
Kishi taʼlimdin topsa malolat,
Topar ilm ahli ollinda xijolat.
Uchinchi nasihatini u hadis asosida bayon qilgan, goʻyo Rumiyning “Hushyorlarga bering dunyoni” degan hikmati maʼnosini anglagan shaxs, yaʼni hayotda ogoh inson, ogoh shoh boʻlishga chaqirgan:
Birovkim qilsa olimlargʻa taʼzim,
Qilur goʻyoki paygʻambargʻa taʼzim.
Hadis oʻlmish nabiydin boʻyla hodis
Ki, olim keldi paygʻambargʻa voris
Erursen shoh ‒ agar ogohsen sen,
Agar ogohsen sen ‒ shohsen sen.
Toʻrtinchi nasihatida Alisher Navoiy shahzodani ilmli boʻlishga chaqirar ekan, ochiq va yashirin talmeh sanʼati vositasida Arastu, Suqrot, Fishogʻurs, Luqmon kabi hakimlar maslahati bilan Kengash asosida davlat boshqargan shoh Iskandarni yodga oladi. Uning Quyoshning chiqishidan to Quyoshning botishigacha boʻlgan hududlarni, yaʼni “bahru barni” egallaganiga ishora qilgan:
Sikandar topti chun ilmu hunarni,
Ne yangligʻ oldi koʻrgil bahru barni.
Aningdek saltanat ahli koʻp erdi,
Qayu birga bu navʼ ish dast berdi.
Iki ming yil oʻtub yuz ming xiradmand,
Boʻlub hikmatlari birla barumand.
Ulugʻ shoir Shohgʻarib Mirzoni ilm oʻrganishga daʼvat qilar ekan, ochiq talmeh vositasi bilan Temurxonning suyukli nabirasi Mirzo Ulugʻbekni eslaydi, uning ilmi oldida “osmon pastligi”, Rasadxonasi “zebi jahon”, “yana bir osmon” ekanini toʻlqinlanib yozgan. Bilim hukmdorlarga ziynat ekanini kuyinchaklik bilan bayon etgan. Shu oʻrinda tasvir va tasavvur aniq boʻlishi uchun Ulugʻbek ilmiy faoliyati yortilgan lavhani toʻliqroq eslab oʻtaylik. Eʼtibor bering-a...
Temurxon naslidin sulton Ulugʻbek
Ki, olam koʻrmadi sulton aningdek.
Aning abnoyi jinsi boʻldi barbod
Ki, davr ahli biridin aylamas yod.
Valek ul ilm sori tortti chun dast,
Koʻzi ollinda boʻldi osmon past.
Rasadkim bogʻlamish - zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Bilib bu navʼ ilmi osmoniy
Ki, andin yozdi “Ziji Koʻragoniy”.
Qiyomatgʻa degincha ahli ayyom,
Yozorlar oning ahkomidin ahkom.
Bilik garchi koʻrunur koʻzga ziynat,
Vale shahlargʻa bordur oʻzga ziynat.
Beshinchi nasihatida Navoiy Shohgʻarib Mirzoga oʻz davrining ilgʻor, taraqqiyparvar kishilari kabi diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallashi zarurligini tushuntirgan. Jamʼ va taqsim sanʼati vositasida fiqh, hadis, tafsir ilmini bir misrada yoki tib va hikmat ilmini birga qoʻllagan:
Bu din ilmiki xomam qildi tahrir,
Erur fiqhu hadisu soʻngra tafsir.
Chu takmil oʻldi bu uch ilm sen bil,
Yana har ilm maylin qilma, yo qil.
Tib va hikmat ilmi inson salomatligi, sogʻlom turmush tarzi, hatto Alloh amrlarini toʻkis bajarish uchun ham zarurligi uqtiriladi. Alisher Navoiy goʻyo sogʻlom jism, sogʻlom ruh, sogʻlom qalb tamoyilini bayon qilgandek boʻladi:
Va lekin tibbu hikmat ham erur xoʻb
Ki, sihhatdur kishi jismida matlub.
Qayu jismeki oning sihhati yoʻq,
Qilurgʻa Tengri amrin quvvati yoʻq.
Bobda ham ijodkor, ham davlat arbobi sifatida siyosiy hushyorlik va oʻtmishdan, xususan, tarixda oʻtgan hukmdorlar faoliyatidan ibrat olish uchun hukmdorlar tarix fanini oʻrganishi zarurligi xususida ham yozgan hamda tarix varaqlarida yaxshi yoki yomon nom qoldirgan Ajam shohlaridan Tahmuras, Jamshid, Zahhoklar nomini qiyosiy aspektda tilga olgan:
Ravon tarix sori ragʻbat ayla,
Salotin birla azmi suhbat ayla.
Jahondin koʻrki kimlar kom olibdur,
Bu eski dayr kimlardin qolibdur.
Shuningdek, bobda aytilgan boqiy fikrlardan biri, insonning mazmunli va ibratli umri xususida boʻlib, insondan yaxshi ot, yaxshi nom qolishi, uning ikkinchi umri ekanini eslatishidir:
Qayu fankim shuruʼ etmaklik onda,
Kishidin yaxshi ot qolgʻay jahonda.
Alisher Navoiy olgʻa surgan yaxshi ot, ezgu nom konsepsiyasiga adib Oybek ham “Navoiy” romanida diqqat qaratgan. Romanda ulugʻ mutafakkirning Unsiya nomi bilan mashhur qarorgohida ukasi Darvesh Ali bilan yaxshi ot, ezgu nom haqida suhbat qurgani va ukasiga nasihatlar aytgani badiiy talqin qilinadi.
Shohgʻarib Mirzoni Alisher Navoiy Haq amriga amal qilishga undagan. Unga Nuh umrini tilagan hamda bildirgan nek niyatiga dalil qilib tamsil badiiy sanʼati vositasida ahli hikmat tilidan “Yomondin oz behkim, yaxshidin koʻp” degan hikmat bilan quyidagi baytni yozgan:
Bu soʻzni ahli hikmat deb durur xoʻb,
“Yomondin oz behkim, yaxshidin koʻp”.
Yana unga ham faqih, ham tabib, ham muarrix, ham hakim, ham davlat arbobi tilidan taʼsirli nasihatlar bitgan va “olam ichra yaxshi ot” ezgu nom konsepsiyasini olgʻa surgan.
Alisher Navoiy faxriya usuli bilan unga otasi Sulton Husayn Boyqaroning din va dunyo ilmida maʼno topganini, ustunligini eslatar ekan, uning hukmronligi davrida Xuroson davlatida badiiy adabiyot, ilm-fan, sanʼat va iqtisodiy hayotning koʻplab sohalari taraqqiy etganiga ishora qilgan. Shohgʻarib Mirzodan kamtarlik va umid tuygʻusi bilan oʻzini ham duoda yod va fotihada shod qilishini soʻragan. Chunonchi:
Yetursa nafʼi kulliy har bir irshod,
Mening ruhum duodin qilgʻasen shod.
Sanga bu pand har dam nafʼ bergay,
Duo qilsang manga ham nafʼ bergay.
Ming afsuslar boʻlsinki, Shohgʻarib Mirzo buyuk mutafakkirdan avvalroq, bevaqt vafot etgan. Oʻzbekiston Qahramoni S.Gʻaniyevaning yozishicha, Alisher Navoiy Shoh Gʻarib Mirzo vafotiga har bandi 6 baytdan iborat 5 bandli (60 misra) tarkibband marsiya yozgan. Unda marhumning kamtar va shirinsoʻz inson, adolatli va lutf-marhamatli shahzoda, zakovatli shoir boʻlgani qayd etiladi. Bu marsiya birinchi marta 1971-yilda atoqli matnshunos H.Sulaymonov tomonidan nashr etilgan.
Xulosa shuki, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Shohgʻarib Mirzoga bagʻishlab bitgan 53-bobida aytilgan nasihatlari bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas. Chunki uning pand-nasihatlari, birinchidan, davrimiz yoshlarining ilmni puxta egallashida, kasbda kamol topishida qoʻllanma vazifasini oʻtaydi, ikkinchidan esa, olimlarni el-yurt uchun foydali ilm bilan shugʻullanishga undaydi. Qolaversa, Bobur va Faxri Xiraviy yozgan maʼlumotlar bizga Shohgʻarib Mirzoning ham davlatga, ham badiiy adabiyotga daxldor yetuk shaxs boʻlganini koʻrsatadi.
Burobiya Rajabova,
OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti
yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi