
Joriy yilning 9-11-avgust kunlari Xiva shahridagi "Ichan Qal'a" davlat muzeyi qo'riqxonasi hududida "Qovun sayli" festivali bo'lib o'tadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston Turizm qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, festival mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini keng targ'ib etish, jumladan, Xorazm viloyatiga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Festival doirasida mamlakatimiz agroturizm salohiyati namoyishlari, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ko'rgazmasi, folklor jamoalari chiqishlari, konsert dasturlari, tasviriy san'at asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi, xalq o'yinlari va boshqalar bo'lib o'tadi.
Shuningdek, "Qovunchilikda eng yuqori daromad va hosildorlikka erishganlik uchun", "Qadimiy an'anaviy Xorazm qovunlari navlarini tiklash", "Qovunchilikda innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun" va "Eng ko'p turdagi qovun yetishtirgan hudud" kabi nominatsiyalar bo'yicha g'olib va sovrindorlar aniqlanadi.