1 milliard so‘mlik tamaki va ikki ming dollar yoqib yuborildi

20.01.2025 04:18

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi maxsus chiqindi poligonida qiymati 1 milliard so‘mlik tamaki hamda qalbaki ikki ming AQSH dollari yoqib yuborish yo‘li bilan zararsizlantirildi.

MIB Termiz shahar bo‘limi ish yurituviga qabul qilingan ijro hujjatiga ko‘ra, aksiz markasi mavjud bo‘lmagan tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib kirilayotganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushlab qolgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudining ijro varaqasiga asosan mamlakatimizga g‘ayriqonuniy olib kirishga urinilgan bu mahsulot ashyoviy dalil, deb topilib, 1 milliard so‘mlik 27 ming quti “ESSE CHANGE” nomli tamakini yo‘q qilish belgilangan.  

Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi tomonidan ijro harakatlari tayinlanib, hamkor tashkilotlar ishtirokida aholi yashash manzilidan uzoqdagi maxsus chiqindi poligonida yoqib yuborish yo‘li bilan zararsizlantirildi. Shuningdek, mazkur sudning ijro hujjatiga asosan ashyoviy dalil sifatida olingan soxta ikki ming AQSH dollari kupyuralari xolislar ishtirokida yo‘q qilindi.  

Yakunlangan yil Vazirlar Mahkamasining 200-qarori asosida yo‘q qilinishi hamda davlat daromadiga musodara qilinishi belgilangan toifadagi qiymati 30 milliard so‘mlikdan ortiq 2 ming 587 ta ijro hujjati MIB viloyat, tuman va shahar bo‘limlari ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgan.  

– Ularning 86 million 213 ming so‘mligi kiyim kechak, 75 million so‘mligi kompyuter jihozlari, 1 milliard 144 million so‘mligi alkogol mahsulotlari, 16 milliard 428 million so‘mligi tamaki, 19 million so‘mligi oziq ovqat mahsulotlari va 4 milliard 767 million so‘mligi boshqa turdagi mol-mulklardir, – deydi MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi Qobiljon Tursunov. – Majburiy ijro harakatlari jarayonida 1 ming 800 dan ortiq ijro hujjatlarining ijrosi ta’minlanib, 1 milliard 730 million so‘m davlat byudjetiga yo‘naltirildi.  

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net